Jahon | 23:51 / 26.03.2024
25500
2 daqiqa o‘qiladi

FXX direktori Moskva terakti ortida AQSh va Ukraina turganini aytdi

Aleksandr Bortnikovning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilarni Ukrainada qahramonlardek qarshi olmoqchi bo‘lishgan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) direktori Aleksandr Bortnikovning fikricha, Moskvadagi «Krokus» konsert zalida amalga oshirilgan teraktni Ukraina, AQSh va Britaniya tashkil qilgan.

«Ha, men shunday deb o‘ylayman. Bizda hozircha umumiy ma’lumotlar mavjud, ammo ularning o‘zidan ko‘plab xulosalarga kelish mumkin», degan Bortnikov jurnalistlarning teraktga AQSh, Britaniya va Ukrainaning aloqasi bormi, degan savoliga javoban.

FSB rahbariga ko‘ra, Ukraina G‘arbdagi ittifoqchilariga hamon nimagadir qodir ekanini ko‘rsatishga urinmoqda. «Bu uchun diversiya, terrorchilik aktlari tashkil qilishmoqda. Ukraina va Britaniya maxsus kuchlari rahbariyatining maqsadi shu. Moskvadagi terrorchilik aktini radikal islomchilarning o‘zi, shuningdek, G‘arb davlatlari maxsus xizmatlari tayyorlagan deb hisoblaymiz. Ukrainaning bunga aloqasi bor», degan u.

Bortnikovning aytishicha, Ukraina Mudofaa vazirligi bosh razvedka tashkiloti rahbari bo‘lmish general Kirill Budanov Rossiya uchun qonuniy nishon hisoblanadi.

«Hali barchasi oldinda. Terakt buyurtmachisi hozircha aniqlanmadi. Ammo biz bu jarayonni uyushtirgan, [ijrochilarni] yollagan va muayyan vazifalarni qo‘yganlar kimligini tushunib, ko‘rib turibmiz.

Teraktda ishtirok etganlar doirasi kengayib bormoqda, unga yordam berganlar soni hali ortadi.

Terrorchilarni Ukrainada kutib turishgan. Men kichik bir sirni ochaman: narigi tomonda ularni qahramonlardek qarshi olmoqchi bo‘lishgan. Ammo Rossiya terrorchilar Ukraina bilan chegaradan o‘tmasligi uchun barcha ishni qilishdi. Afsuski, Rossiyada terrorchilik tahdidi saqlanib qolmoqda», degan Bortnikov.

Mavzuga oid