O‘zbekiston | 15:25 / 27.03.2024
4646
2 daqiqa o‘qiladi

Qum-shag‘alni noqonuniy qazib olib, davlatga 6 mlrd so‘m zarar yetkazgan shaxslar aniqlandi

Samarqand viloyatida qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olgan shaxslar aniqlandi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departament Oqdaryo tuman bo‘limi tomonidan tuman ekologiya va atrof muhitini muhofaza qilish sohasida nazorat inspeksiya xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, “A.G” MChJ mas’ul shaxslari hech qanday hujjatlarsiz “Kumushkent” va “Xalqobod” MFY chegarasidan oqib o‘tuvchi Oqdaryo daryosi muhofaza zonasi hududidan SANY rusumli ekskavator yordamida jami 13 ming kub hajmdagi qum-shag‘al xomashyosini o‘zboshimchalik bilan qazib olishib, davlat va jamiyat manfaatlariga 6 mlrd so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, “B.B.” MChJ rahbari B.E. “Zarafshon” massivi hududidan baliqchilik xo‘jaligini tashkil qilish uchun ajratilgan 11 gektar yer maydonidan hech qanday hujjatsiz jami 9,5 ming kub hajmdagi qum-shag‘al aralashmasini o‘zboshimchalik bilan qazib olgani, shuningdek tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘g‘irlik yo‘li bilan ulanib, 177,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid