Sport | 04:44 / 27.03.2024
24403
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Gurjiston ham Yevroga chiqdi. Bu gurjistonliklar uchun ilk katta turnir

Ukraina va Gurjiston milliy jamoalari qo‘shimcha saralash turniri finallarida mos ravishda Islandiya hamda Gretsiyani mag‘lub etgan holda Yevropa chempionatiga yo‘llanma oldi.

Foto: PA

Gurjiston Gretsiyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib (4:2), ilk bor Yevropa chempionatining final qismiga chiqdi.

Tbilisidagi «Dinamo Arena» stadionida kechgan o‘yinning asosiy va qo‘shimcha vaqtlarida hisob ochilmadi — 0:0.

Futbol lotoreyasidagi g‘alabadan keyin esa fanatlar maydonga chopib chiqishdi.

Ukraina oldin ham katta futbol turnirlarida ishtirok etgan — Yevropa chempionatida ham, jahon chempionatida ham. 2020 yilgi Yevroda jamoa chorakfinalgacha yetib borgan va bo‘lajak finalchi Angliyaga yutqazgandi.

Qo‘shimcha saralash turniri finalida Islandiyaga qarshi kechgan o‘yinda ukrainlar Bosniya va Gersegovinaga qarshi yarimfinal o‘yini ssenariysini takrorlashdi: bitta to‘p hisobida mag‘lubiyatga uchralayotgan o‘yinning so‘nggi qismida g‘alaba ilib ketildi.

Islandlarning birinchi bo‘limda urilgan goliga 54-daqiqada Ispaniyaning «Jirona» klubida yorqin o‘yin namoyish etayotgan Viktor Tsigankov javob qaytardi, 84-daqiqada esa «Chelsi» a’zosi Mixaylo Mudrik g‘alaba golini urdi.

Chempionatning F guruhida Gurjiston Turkiya, Portugaliya va Chexiya kabi jamoalarga raqib bo‘ladi.

Ukraina Belgiya, Slovakiya va Ruminiya bilan E guruhidan joy oldi.

Qo‘shimcha turnirning yana bir finalida Uels penaltilar seriyasida Polshaga mag‘lub bo‘ldi. Jamoalar asosiy vaqtda ham, qo‘shimcha bo‘limlarda ham gol ura olishmadi, futbol lotoreyasida esa uelsliklar safida nuqtaga beshinchi bo‘lib kelgan Deniel Jyeymsning zarbasini darvozabon qaytardi (4:5).

Shu tariqa, Britaniyaning to‘rt jamoasidan faqat ikkitasi turnir final qismida o‘ynaydi: Angliya va Shotlandiya.

Yevropa chempionati 2024 yilning 14 iyunidan 14 iyuliga qadar bo‘lib o‘tadi.

O‘yinlarga Berlin, Dortmund, Dyusseldorf, Frankfurt, Hamburg, Kyoln, Leypsig, Myunxen va Shtutgart shaharlaridagi stadionlar mezbonlik qiladi.

Germaniyadagi chempionat gurjistonliklar uchun SSSR parchalanganidan buyon ilk yirik xalqaro turnir bo‘ladi.

Gurjiston jamoasiga Fransiya milliy jamoasining sobiq futbolchisi Villi Saniol bosh murabbiylik qilmoqda.

Yevro-2024 saralashiPley-offFinal

Gurjiston  Gretsiya 0:0
Penaltilar
 seriyasi — 4:2.
26 mart, «Dinamo Arena»
Gurjiston – Mamardashvili, Kakabadze, Kashiya, Kverkveliya, Dvali, Kiteyshvili (Kvekveskiri, 104), Kochorashvili, Chakvetadze (Davitashvili, 104), Kvaratsxeliya (Kvilitaya, 109), Zivzivadze (Mikautadze, 74), Shengeliya (Tsitaishvili, 86).
Gretsiya – Vlaxodimos, Boldok (Rota, 60), Xatsidiyakos (Retsos, 105), Mavropanos, Tsimikas, Bakasetas, Mantalos (Buxalakis, 99), Kurbelis (Siopis, 67), Pelkas (Konstantelias, 61), Masuras, Ioannidis (Yakumakis, 90).
Ogohlantirishlar: Boldok (6), Xatsidiyakos (35), Zivzivadze (42), Mavropanos (44), Kverkveliya (50), Konstantelias (90), Rota (90+3).

Ukraina  Islandiya 2:1
Gollar: Tsigankov (54), Mudrik (84) — Gudmundsson (30).
Ukraina – Lunin, Konoplya, Matviyenko, Zabarniy, Mikolenko, Malinovskiy (Zinchenko, 64), Sudakov, Brajko, Mudrik, Tsigankov (Taloverov, 88), Yaremchuk (Dovbik, 72).
Islandiya – Valdimarsson, Paulsson, Ingason, Gretarsson, Torarinsson (Finnsson, 63), Haraldsson (Anderson, 87), Gudmundsson, Traustason, Gudmundsson, Gudyonsen (Ouskarsson, 64), Torsteynsson (Ellersson, 87).
Ogohlantirishlar: Haraldsson (21), Malinovskiy (42), Ingason (56), Gudmundsson (90), Zinchenko (90+2).

Uels  Polsha 0:0
Penaltilar
 seriyasi — 4:5.
Uels – Uord, Robers (Bruks, 84; Broudhed, 112), Devis, Rodon, Mifem, Uilyams, Ampadu, Uilson, Jordan Jyeyms, Jonson (Deniel Jyeyms, 70), Mur.
Polsha – Shchensni, Davidovich, Bednarek (Salamon, 80), Kivior, Frankovski, Zalevski, Zelinski (Shimanski, 101), Petrovski (Romanchuk, 105), Slish, Levandovski, Sviderski (Piontek, 80).
Ogohlantirishlar: Petrovski (50), Jyeyms (55), Zalevski (72), Mifem (98).
Chetlatish: Mifem (120+1).

Mavzuga oid