O‘zbekiston | 16:55 / 29.03.2024
4574
5 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank bilan hamkorlikda "Asakabank" AJ tajribasi misolida to‘lov tizimlari operatorlari hamda tijorat banklariga o‘quv-seminari o‘tkazildi

28 mart kuni Asakabank tashkil qilgan seminarda bank-moliya sektorida raqamlashtirish, to‘lov tranzaksiyalari avtomatlashtirilishi kiberxavfsizlik masalani yanada jiddiylashtirib, bu sohaga tajovuzlar ko‘lamini oshirayotgani muhokama qilindi. Ushbu seminar Markaziy bank bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Raqamli texnologiyalardan foydalanish sohasida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etish bo‘yicha bir qator mavzularda seminarlar Markaziy bankda an’anaviy ravishda tashkil etib kelingan. 

Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Asakabank tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Raqamli asrda xavfsizlik: kiberxavfsizlik va moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashish” mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda Markaziy bank, Asakabank, Ichki ishlar vazirligi hamda dastur yaratuvchi xorijiy va mahalliy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sodir Melibayevning ta’kidlashicha, bunday tadbirning birinchisi o‘tgan yili sentabr oyida tashkil etilgan. Navbatdagi seminarning tashabbuskori esa Asakabank bo‘ldi.

“Tijorat banklarida xavfsizlik masalasi bilan shug‘ullanadigan xodimlar, xavfsizlik masalasida ishlaydigan ekspertlar, huquq-tartibot idoralarini chaqirib seminar o‘tkazdik. Bu seminardan asosiy maqsad bank xodimlari bilan xavfsizlik, kiberhujumlarning oldini olish va mijozlarni himoya qilishga qaratilgan chora tadbirlarni amalga oshirish masalasida o‘zaro tajriba almashishdir. Zamonaviy texnologiya va dasturlar qo‘llanishi bilan yangi tizimlarni joriy etishda nimalarga e’tibor berish borasida bank xodimlarining bilimlarini oshirishga harakat qilyapmiz”, - dedi u jurnalistlarga bergan intervyusida.

Seminarda:

• Elektron to‘lov tizimlari, shuningdek, bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish hamda bu boradagi zamonaviy tahdidlar;

•  moliyaviy tizimlarni raqamli tahdidlardan muhofaza qilishning amaldagi holati va istiqbollari;

• elektron to‘lov tizimlari, jumladan, bank kartalari orqali amalga oshiriladigan noqonuniy operatsiyalarning oldini olish;

• kiberxavfsizlik va moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashish, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan jinoyatlarning turlari;

• shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilish riski va undan saqlanish choralari;

• aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish ishlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Asakabank xavfsizlik va axborotlari himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Nabiyev ushbu o‘quv seminari bank amalga oshirayotgan ishlarning bir qismi ekanini ta’kidlaydi.

“Raqamlashtirish jarayonlarida, mijozlarga xizmat ko‘rsatishda raqamli texnologiyalardan keng foydalaniladi. Har bir sohaning o‘zining xavflari mavjud bo‘lganidek, ushbu kiritilayotgan yangi texnologiyalarning mavjud risklari, muammolari, xavflarini biz o‘rnatilgan tartibda, himoyalangan usulda tashkillashtirishga majburmiz.

O‘quv seminarimiz umumiy ishlarimizning bir qismi bo‘lib, bankimiz tomonidan ichki xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq ishlar tashkillashtirilmoqda. Yuridik va jismoniy muhofazalarimizni ham qayta o‘rganib, zamonaviy texnologiyalar va dunyodagi mavjud xavfsizlik sohasidagi imkoniyatlardan foydalangan holda xavfsiz bank xizmatlarini tashkillashtiryapmiz”, - deydi u.

Kiberxavfsizlik markazi DUK mas’uli Mirzufar Hakimovning ta’kidlashicha, 2023 yil davomida O‘zbekistondagi axborot resurslariga 11 millionta kiber hujumlar amalga oshirilgan. Bu tajovuzlarning 24 foizi bank moliya sektori resurslari ulushiga to‘g‘ri keladi.

“Bank-moliya sektorida raqamlashtirish keng ko‘lamda amalga oshirilishi, to‘lov tranzaksiyalari avtomatlashtirilishi kiberxavfsizlik masalani yanada jiddiylashtirib, bu sohaga tajovuzlar ko‘lamini oshib ketishiga sabab bo‘ladi”, - dedi u.

Seminarda Markaziy bank, Asakabank, Ichki ishlar vazirligi hamda dastur yaratuvchi xorijiy va mahalliy kompaniyalar vakillari kiberxavfsizlik va moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashish borasidagi muammolar mohiyati hamda ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, ular antifrod tizimi, to‘lov kartalari industriyasi va ma’lumotlarning xavfsizligiga doir standartlarning mohiyati, kiberxavfsizlikni boshqarish markazi (SOC) faoliyatini tashkil etish kabi dolzarb masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Raqamli texnologiyalardan foydalanishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik mavzusidagi bunday seminarlar yana davom ettiriladi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid