Jahon | 08:19 / 31.03.2024
25485
6 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: «Biz yarim yilni behuda yo‘qotdik»

Foto: The Washington Post

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy The Washington Post gazetasiga intervyu berib, agar Ukraina urushda yutqazsa Rossiya prezidenti dunyoni Rossiyaning do‘stlari va dushmanlariga bo‘lishini ta’kidladi.

Quyida Zelenskiyning intervyudagi asosiy fikrlari keltiriladi.

«Agar AQSh yordam ko‘rsatmasa Ukrainada havo hujumidan mudofaa tizimi ham, Patriot raketalari ham, radioelektron kurash uchun chalg‘ituvchi uskunalar ham, 155 millimetrli artilleriya snaryadlari ham bo‘lmaydi. Demak, biz qadamma-qadam chekinishga majbur bo‘lamiz.

Aytaylik, frontni mudofaa qilish uchun kuniga 8 mingta snaryad kerak bo‘lsa, sizda kuniga 2 mingta ishlata olish imkoniyati bo‘lsa nima bo‘ladi? Albatta, chekinishga, front chizig‘ini qisqartirishga majbur bo‘lasiz. Agar rossiyaliklar uni yorib o‘tishsa Ukrainaning yirik shaharlariga bostirib kira olishadi.

Fevral oyida Avdiyivka Rossiya tomonidan egallangach, biz harbiylarimizning aqlli harakatlari evaziga frontni barqarorlashtira oldik. Hozircha u barqaror bo‘lib turar ekan, Ukraina yangi qarshi hujum uchun yangi brigadalarni qurollantirishi va o‘qitishi mumkin. Chunki agar biz qarshi hujumni boshlamasak, uni Rossiya boshlaydi.

Men Rossiya bizda qancha havo hujumidan mudofaa tizimi raketalari borligini bilishni istamasdim, lekin umuman olganda hozir Ukrainaga shaharlarni va infratuzilma obektlarini himoyalash uchun HHM vositalari yetishmayapti. Qo‘llab-quvvatlovsiz bizda raketalarning ulkan taqchilligi kelib chiqadi. Bu juda katta muammo bo‘ladi. Biz o‘zimizning HHM tizimlarimizni ishlab chiqarishni tobora ko‘paytiryapmiz, lekin ular hozircha yetarli emas.

AQShning Rossiya ichidagi energetika obektlarga bergan zarbalarimizga reaksiyasi u qadar pozitiv bo‘lgani yo‘q, lekin Vashington Ukraina qurolidan foydalanishni cheklay olmaydi. Biz faqat o‘zimizda ishlab chiqarilgan dronlar bilan hujum qildik. Biz Rossiyani aynan shunday to‘lov qilish evaziga ularni Ukraina energiya tizimiga zarba berishdan tiyib tura olamiz. Modomiki bizning energetika tizimimizni himoyalash uchun havo hujumidan mudofaa tizimi yo‘q ekan va ruslar bemalol hujum qilayotgan ekan, nega biz javob bermasligimiz kerak? Rossiya ham yoqilg‘isiz, elektr energiyasisiz yashashni o‘rganishi kerak. Mana shunisi adolatli bo‘ladi. Rossiya bizning infratuzilmamizga hujum qilishni bas qilgan zahoti biz ham to‘xtatamiz.

Lekin toki Rossiyada raketalar bor, bizda yo‘q ekan, ular o‘z raketalari bilan barcha joylar — energetika obektlari, maktablar, zavodlar, tinch aholi binolariga hujum qilmoqda. ATACM-300 — ularga yaxshi javob bo‘ladi. Biz uzoq masofaga ucha oladigan raketalardan Rossiya hududiga hujum qilish uchun emas, Qrimdagi aerodromlarga zarba berish uchun foydalanamiz. Rossiya biz ularning samolyotlarni yo‘q qila olishimiz mumkinligini tushunganida u Qrimdan turib bizga hujum qilishni bas qiladi. Bu biz ularning o‘z suvlarimizdan siqib chiqargan harbiy-dengiz flotiga o‘xshash hodisa bo‘ladi. Xuddi shu tarzda biz ularni Qrim aeroportlaridan ham siqib chiqaramiz.

Ukraina dronlar yarmiyasini tuzgan, ularning ayrimlari Rossiya ichkarisiga 1000 km va undan ortiq masofaga uchib bora oladi. Lekin urush olib borish uchun birgina dronlar yetarli emas. G‘alaba qozonish uchun dronlarning o‘zi kamlik qiladi. Bular dron, raketa emas.

Prezident Bayden ehtiyotkorlik qilmoqda, chunki Rossiya tomonidan yadroviy hujum bo‘lishidan cho‘chimoqda. Vladimir Putin yadroviy zarbalar bilan almashishga tavakkal qilmagani ma’qul, lekin uning xatti-harakatini oldindan aytib bo‘lmaydi. Uning esi joyidamas. Dunyoda hech kim uning nimalarni xayol qilganini 100 foiz oldindan aytib bera olmaydi. Mana, Bayden nima uchun ehtiyotkorlik qilmoqda.

Ukraina armiyasining eng yaxshi ofitserlari va askarlarini olib ketgan ikki yillik qaqshatqich janglardan so‘ng urush borasida chiqarilishi kerak bo‘lgan bosh saboq — Putinni avvalroq to‘xtatish kerak bo‘lgani, bo‘ldi.

2014 yilda Putin Qrimni egallaganida prezident Barak Obama bunga qarshilik qilmadi. Yevropa o‘z chegaralarida xavfsizlikni ta’minlashni istab, Rossiya bilan katta savdo-sotiqni davom etishini xohladi. Putin Qrimni egalladi, bunga hech qanday reaksiya bildirilmadi. Hech kim uni to‘xtatmadi. Ortga qarab aytish mumkinki, faqat kuch namoyishi o‘shanda hozirgi dahshatli mojaroni to‘xtatish usuli bo‘lib xizmat qilishi mumkin edi.

Putin ayyor, lekin aqlli emas. Aqlli odam bilan kurashayotganingda qoidalarga ko‘ra urush bo‘lishidan umid qilsang bo‘ladi. Ayyor odam bilan jangga kirishish doimo xavfli bo‘lgan.

Biz yarim yilni behuda yo‘qotdik, Kongress esa hamon bahslashib o‘tiribdi. Ukraina partiyalar o‘rtasida siyosiy savdo predmeti bo‘la olmaydi. Ukrainaga yordam ko‘rsatishning tanqidchilari bu urushda o‘rtaga nimalar tikilganini shunchaki tushunishmayapti. Agar Ukraina yutqazsa, Putin dunyoni Rossiyaning do‘stlari va dushmanlariga bo‘lib oladi».

Mavzuga oid