O‘zbekiston | 11:40 / 03.04.2024
7319
13 daqiqa o‘qiladi

Sayxunobod tajribasi: mazkur amaliyotning asl mohiyati nimada?

Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirovning ta’kidlashicha, ichki imkoniyatlari katta bo‘lgan har bir hudud tanlab olinib, mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi. Sayxunobod tajribasi bora-bora boshqa hududlarga ham keng tatbiq qilinadi.

Foto: Kun.uz

Tahliliy maqolalaringizda hududiy xususiyatlar makroiqtisodiy va strategik rejalashtirishda hisobga olinishi kerakligi haqida ko‘p yozgansiz. Tumanlar kesimiga kelsak, u yerda qanday tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar borki, ulardan foydalanish mumkin?

— Bugungi kunda tuman hokimliklari «hokim yordamchilari» degan institut bilan mustahkamlangan bo‘lib, ular har bir mahallaga alohida biriktirilgan. Bu institut o‘tgan vaqt davomida o‘zining kerakligini va o‘z vaqtida tuzilganini to‘la isbotladi. Aynan shu yordamchilar tufayli tadbirkorlar davlat bilan o‘z munosabatlarini to‘la ishonch asosida olib borishlari mumkinligiga amin bo‘lishdi. Bugungi kunda hokim yordamchilari tadbirkorlarga ishni qanday tashkil qilish, bozorlarni qanday topish, aylanma mablag‘lari uchun qanday kredit resurslarini jalb qilish kabi o‘ta muhim va praktik ahamiyatli masalalarda yordam beruvchi eng muhim «zveno» bo‘lib qoldi.

Ilgari bu ishlar davlat banklari va ularning xodimlariga topshirilar edi. Lekin bu banklarga xos faoliyat emas va manfaatlar ziddiyati yuzaga kelayotgandi.

Keyingi muhim masala iqtisodiy imkoniyatlar va mahalliy aholining pozitiv o‘zgarishlarga nisbatan shiddatini uyg‘otish.

Bu borada ham keyingi yillarda ko‘p ishlar qilindi va moddiy quvvatlash 2 yo‘nalishda bo‘ldi – banklar va davlat budjeti tomonidan. Davlat mahalliy tadbirkorlik harakatini uyg‘otib, uni rivojlantirishga ko‘p stimullar, liftlar yaratdi. «Har bir oila tadbirkor», «Yosh tadbirkor», «Tadbirkor ayol» dasturlari asosida yuz minglab oila va yosh tadbirkorlarga dastlabki tijorat faoliyati uchun 2022 yilgacha 10 dan ortiq banklar, undan keyin esa Xalq banki, Agrobank va Mikrokreditbank tomonidan juda ko‘plab kredit mablag‘lari ajratildi. To‘g‘ri, ba’zi hollarda berilgan mablag‘lar maqsadga muvofiq ishlatilmay, ularning qaytishi murakkablashgan. Lekin umumiy tadbirkorlik harakatining qishloq hududlarida ko‘tarilishi va xalqning umumiy daromadlari oshishiga bu dasturlarning sezilarli hissa qo‘shayotgani shubhasiz. Asosiy maqsad esa aynan shu edi.

Keyingi vaqtlarda Sayxunobod tajribasi haqida ko‘p gapirilmoqda. Bu tajribaning asl mohiyati nimada?

— Sayxunobod cho‘l zonasi bo‘lib, asosiy logistika yo‘llaridan chetda qolgan. Tabiiyki, ko‘pgina cho‘l zonasidagi aholi kabi, u yerdagilar ham ko‘proq chorvachilik bilan shug‘ullanib, tirikchilik qilgan. Lekin bu aynan «tirikchilik» bo‘lgan, ya’ni buning ortidan har bir oila o‘z ehtiyojlariga arang yetadigan ozuqa topgan va minimal darajada daromad ko‘rgan. Yillar davomida aholi sonining o‘sishi tufayli bu yerlarda kishi boshiga daromad miqdori qisqarib, aholining turmush darajasi tushib boravergan. Sir emaski, har bir xududning iqtisodiy-ijtimoiy o‘sishi u yerdagi ishlab chiqarish kuchlarining soni va sifatiga hamda turli savdo yo‘nalishlariga yaqin-uzoqligiga bog‘liq.

Shuning uchun prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Sirdaryoda iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha hozirgi sharoiti o‘rtachadan past, lekin ichki imkoniyatlari katta bo‘lgan bir xudud tanlab olinib, u yerda namunaviy tajriba sifatida mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ma’lum ma’noda eksperiment – tashabbus taklif qilindi. Bu tashabbusning mohiyati quyidagilarda jamlangan:

1. Tomorqa va yordamchi xo‘jalikdagi yer resurslari tadbirkorlikning eng birinchi tayanchi va daromadning manbai deb qaralishi. Ya’ni dehqon va fermerlik harakatining davomiy mantig‘i sifatida iqtisodiyotga tomorqa va yordamchi xo‘jalikning yer resurslarini jalb qilish tashabbusi;

2. Tomorqa va yordamchi xo‘jalikdagi faoliyat turlarini diversifikatsiya qilish, ya’ni chorvachilikni dehqonchilik, bog‘dorchilik, asalarichilik, baliqchilik imkoniyatlarini rivojlantirish bilan to‘ldirish;

3. Turli sohalarda o‘z kasbi ustasi bo‘lgan kishilarning ilg‘or tajribasini yosh tadbirkorlar orasida tarqatish, ustoz-shogird harakatini rag‘batlantirish;

4. Tadbirkorlikka qo‘l uraman degan har qanday mahalliy tashabbusni davlat banklari kreditlari va mahsulotni qisqa muddatda saqlash imkoniyatlari (qoqi qilish va muzlatkich uskunalari) va sotib berishga ko‘maklashuvchi institutlar orqali rag‘batlantirish;

5. Turli sabablarga ko‘ra tadbirkorlikni keng ko‘lamda olib bora olmaydigan oilalarga mahalliy hokimiyat rezervlari yordamida minimal daromad manbaini yaratish (mol, qo‘y, tovuq yoki hovlisida kichik bir issiqxona qurilishida yordam berish);

6. Markazlashtirilgan va viloyatning rezervlari yordamida mahallalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ayniqsa, yo‘llar va mahallalar hududini energiya bilan ta’minlash, yerlarning umumiy meliorativ holatini quvvatlash tizimini yaxshilash.

Aynan shu ishlar prezident tashabbusi bilan Sayxunobod tumanida amalga oshirib kelinmoqda va bu tajriba bora-bora boshqa hududlarga ham keng tarqatiladi.

Nega aynan Sayxunobod tanlandi?

— Bu savolga yuqorida qisman javob berdim. Qo‘shimcha qilib shuni aytish mumkinki, davlat rahbari hududni tanlashda bir nechta mezonni o‘rtaga tashlagan edi: bugungi kunda iqtisodiy jihatdan nisbatan ortda, lekin ichki potensiali yuqori hudud; aholisi nisbatan zich va kompakt yashaydigan joy (ya’ni ishlab chiqarish kuchlari yetarli); qaysidir sabablar tufayli aholi orasida tadbirkorlik ruhi keng tarqalmagan. Eng muhim mezonlardan biri – ozgina davlat tomonidan turtki berilgan taqdirda ichki imkoniyatlarni keng rivojlantirish potensiali mavjudligi edi.

Umuman Sirdaryo viloyati aholisiga kelsak, jumladan Sayxunobod, u yerlardagi aholining aksariyati Farg‘ona vodiysi va Surxondaryo, Qashqadaryo vohalaridan ko‘chirib kelingan. Ya’ni aholi bir-birini bir necha avlodlar davomida uzoq yillardan beri yaxshi tanimaydi, davlat tomonidan beriladigan turli ko‘rsatmalarga amal qilib o‘rganib qolgan, asosiy boyligi shu davlat tomonidan ajratib berilgan xususiy tomorqa (cho‘l bo‘lgani uchun bu yerda davlat yer ajratish jarayonida juda «hotamtoylik» qilgan. Ko‘p hollarda 3 ta xonadonning yeri 1 ga maydonni tashkil qiladi). Oqibatda Farg‘ona yoki Surxondaryo vohalariga o‘xshab mustaqil dehqonchilik amaliyotlari, ko‘nikmalari keng rivojlanmagan. Ko‘p joylarda yer zaxligi yuqori va yerosti suvlari sathi yaqinligi tufayli (Sirdaryoning qadimgi o‘zanlari ta’siri) ko‘pchilik beda ekib, faqat o‘troq chorva bilan shug‘ullangan. Yillar o‘tib ba’zi oilalar uchun bu yagona daromad manbai bo‘lib qolgan.

Bir vaqtlar Sayxunobod hududida bir nechta suv yig‘uvchi kollektorlar mavjud bo‘lib, ular ko‘p yillar davomida qarovsiz qolib, o‘z funksiyasini bajarmay qo‘ygan. Natijada yerlarning zaxligi kuchayib, yerosti suvlari yanada ko‘tarila boshlagan, ba’zi yerlarda tuz konsentratsiyasi oshgan.

Aynan ana shu tajriba davomida viloyat hokimligi tashabbusi bilan turli kollektorlar tozalanyapti va ularning faoliyati (jumladan, Ittifoq mahallasi xududida) qayta tiklanyapti.

Siz bir necha kun u yerlarda bo‘ldingiz, aholi va hokimiyat vakillari bilan uchrashdingiz. Nimalarni kuzatdingiz?

— Eng katta muammo davlat tomonidan mobilizatsiya qilinayotgan tashkiliy va pul mablag‘larida ham emas ekan. Asosiy muammo bu – xalqni o‘z kuchiga va imkoniyatlariga ishontirib, sal bo‘lsa-da tadbirkorlik tavakkali ko‘nikmalariga o‘rgatishda. Azali-obod xususiy mulk taqiqida va butunlay davlat himoyasi hamda yo‘rig‘ida yashagan xalqda o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olishi, oilasi uchun daromadlarni o‘zi yaratishi mumkinligini singdirish eng og‘ir masala. 30 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, bu fursat insonlardagi ruhiy ko‘nikmalarni o‘zgartirish uchun yetarli emas ekan. Shaharlarda bu muammo deyarli yo‘q. Qishloqda esa odamlar yerga butunlay bog‘lanib qolgan va uni o‘zining eng katta tayanchi deb biladi. Lekin qizig‘i shundaki, bu yerdagi insonlar ana shu yerdan foydalanish masalasida o‘ta konservativ. Ota-bobosi bu yerdan qanday foydalangan bo‘lsa, u ham aynan shu izdan boradi va yangi imkoniyatlarni izlashga urinmaydi. Masalan, agar ma’lum bir xududda aksariyat aholi ma’lum obektiv sabablarga ko‘ra (yer zax yoki yaylovlar yaqin) chorva bilan shug‘ullanib o‘rganib qolgan bo‘lsa, ularni dehqonchilikka o‘rgatish, muhimi shu tavakkalni qabul qilishga ko‘ndirish juda qiyin masala!

Yana bir bor amin bo‘ldimki, mamlakat rivoji uchun tabiiy yoki moddiy boyliklar mavjudligi eng katta faktor emas ekan. Odamlarning ruhiyati va ularning o‘z taqdirini o‘zi hal qila olishiga ishonchi – eng katta omil ekan.

Men Sayxunobodda Ittifoq, Nurobod, Mustaqillik, Gulbuloq mahallalariga shaxsan bordim, xonadonlarga kirib, ularning egalari bilan prezident tashrifi arafasida va undan keyin ham suhbat qildim.

Albatta, xokimiyat va bank vakillari uchun ham tashvish ancha ko‘paydi. Mahallalar ichiga kirib, har bir xonadon bilan gaplashib, ularning ehtiyoji va imkoniyatini o‘rganish uchun oz vaqt va diqqat talab qilinmaydi. Lekin har biri o‘sha xalqning farzandi va qilayotgan ishi qo‘shnisi, do‘sti va qolaversa, uzoq qarindoshining manfaati uchun bo‘layotganini yaxshi tushunadi, bundan hatto faxrlanadi ham.

Menimcha, aynan ana shu, ya’ni xalqning ko‘zidagi ishonch va dadillik prezident tashrifidan keyingi eng katta o‘zgarish.

Mazkur tashrif davomida nimalar sizni tashvishga soldi?

— Meni tashvishga solgan narsa bu mas’uliyatlar taqsimotida yo‘lga qo‘yilayotgan kamchiliklar. Eng katta muammolardan birini tadbirkor va banklar o‘rtasidagi munosabatlarda ko‘raman. Ko‘p hollarda biz yana o‘sha eski amaliyotga, bank xodimlariga xos bo‘lmagan funksiyalarni bajarishga majburlayapmiz. Biznes g‘oyasini ishlab chiqish, biznesni boshlashga kerak bo‘lgan vositalar, jumladan, moddiy resurslar xajmini hisoblab chiqish bank va uning xodimlarining ishi emas. Buni o‘sha ishini boshlayotgan tadbirkor xokim yordamchisi amaliy ko‘magi bilan birga ishlab chiqishi va bankka murojaat qilishi kerak.

Ikkinchi tomondan, banklarda ham katta tavakkallar (risklar) mavjud. Ular ilgari kredit olib, uni qaytarmay, «qora ro‘yxat»ga tushgan tadbirkorlar bilan ilgarigidek ishonchli hamkorlikni yurita olmaydi, kredit resurslarini ham avtomatlashgan tizim talablari tufayli ajrata olmaydi.

Uchinchi bir katta blokli masala: yo‘l, energetika va qishloq xo‘jaligi infrastrukturasini yaratishda markaz va viloyat imkoniyatlarini uyg‘unlashtirish. Masalan, melioratsiya talablari bo‘yicha katta-katta zovurlarni tozalash va ularning faoliyatini tiklash, mahallalar ichidagi yo‘llarni ta’minlash ko‘p yillik e’tiborni talab qiladi. Demakki, viloyat va markazdan budjet mablag‘larini, ishlab chiqarish resurslarini taqsimlashda alohida aniqlik kerak.

Aminmanki, viloyat rahbariyati bu muammolarni juda yaxshi his qiladi va tegishli ishlarni sobitqadamlik bilan amalga oshiradi.

Mavzuga oid