Jahon | 21:10 / 05.04.2024
20316
6 daqiqa o‘qiladi

Rostov yaqinidagi aerodromga dronlar hujum qildi. Ukraina bir qancha samolyot yo‘q qilinganini aytmoqda

BBC ukrain xizmatining Ukraina kuchishlatar tuzilmalardagi manbalari Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan Rostov oblastidagi Morozovsk harbiy aerodromiga hujum oqibatida oltita harbiy samolyot yo‘q qilingani, yana sakkiztasi «jiddiy shikastlangani»ni ma’lum qilgan. Rossiya mudofaa vazirligi faqat Rostov oblastida ukrainlarning 44 ta droni urib tushirilgani haqida xabar bergan.

GETTY IMAGES/ MAXAR TECHNOLOGIES

Manbalarga ko‘ra, aerodromda Su-27 qiruvchilari hamda so‘nggi vaqtlarda front chizig‘i yaqinida faollashgan Su-34 bombardimonchilari joylashtirilgandi.

Morozovskda dronlar orqali amalga oshirilgan hujum haqidagi ilk ma’lumotlar jumaga o‘tar kechasi paydo bo‘lgandi.

Moskva vaqti bilan tungi soat ikkilar chamasi Rostov oblasti gubernatori Vasiliy Golubev qisqacha xabar qoldirdi: «Morozovsk rayonida havo hujumidan mudofaa bo‘linmasi uchuvchisiz uchar apparatlarning yopirilma hujumini qaytarmoqda».

Bungacha Rossiya nashrlari, jumladan propagandachi «Readovka» hujum nishoni Morozovskdagi aerodrom bo‘lganini xabar qilgandi.

Keyinroq Golubev dronlar elektr nimstansiyasiga urilgani hamda unga «arzimas darajada» zarar yetkazgani, ayni paytda jabrlanganlar yo‘qligini aytib chiqdi.

Gubernator kunning ikkinchi yarmida telegramdagi kanalida qoldirgan yana bir postida jumaga o‘tar kechasi «Morozovsk rayonida, aerodrom yaqinida» dronlardan biri qulashi oqibatida portlash sodir bo‘lgani, buning natijasida sakkiz kishi jarohatlanganini yozdi. «Dron qulagan joyda tergov harakatlari olib borilmoqda», — deya yozgan Golubev.

Tunda Saratov oblastida Rossiyaning yirik bombardimonchi samolyotlari joylashtirilgan Engels shahriga ham ukrain dronlari hujum qilgani haqida xabar tarqalgandi. «Engelsda erta tongda uchuvchisiz uchish apparati yo‘q qilindi.  Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parchalar qulashi oqibatida jabrlanganlar hamda infratuzilmalar vayron bo‘lishi qayd etilmagan», — deya yozdi telegramda Saratov oblasti gubernatori Roman Busargin.

Uning bunday formulirovkasidan yo‘q qilingan dronlar soni qancha bo‘lgani haqida aniq xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Mahalliy pabliklar ko‘plab portlashlar haqida xabar tarqatgan, ammo havodagi nishon raketa bilan urib tushirilsa, uni tutib qolish uchun kamida ikkita raketa uchiriladi.

Engels avvaldan Tu-95 va Tu-22 rusumli og‘ir bombardimonchi samolyotlar uchun baza sifatida mashhur, bu samolyotlar Ukrainaning ichki hududlariga uzoq masofadan, odatda Kaspiy hududidan qanotli raketalar uchirish uchun foydalaniladi.

Urush davomida mazkur aerodrom bir necha bor ukrainlar tomonidan hujumga uchragandi.

RF mudofaa vazirligi tunda qancha dron qayerlarda urib tushirilgani bo‘yicha o‘z ma’lumotini e’lon qilgan, unga ko‘ra Saratov oblastida bitta, Rostov oblastida — 44 ta dron urib tushirilgan. Shuningdek, Krasnodar o‘lkasi uzra oltita, Kursk va Belgorod oblastlarida bittadan dron to‘xtatilgani ma’lum qilingan.

Tahlil: natijalarini aniq baholash qiyin bo‘lgan eng keng ko‘lamli zarbalardan biri

Pavel Aksenov, BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi

Rossiya hududlaridagi bir qancha nishonlar bo‘ylab yopirilma hujum amalga oshirilgan — Rossiyadagi manbalarga ko‘ra, unda o‘nlab dronlar ishtirok etgan.

Eng kuchli zarba Rostov oblastidagi Morozovsk aerodromiga yo‘naltirilgan. Rybar telegram-kanali yozishicha, jami 44 ta apparat urib tushirilgan — 26 tasi «Pansir-S1» zenit-raketa kompleksi orqali, 18 tasi — o‘qotar qurollar bilan.

Bu ma’lumotni mustaqil manbalar orqali tasdiqlash imkonsiz.

O‘z navbatida, Ukrainadagi manbalar Rostovdagi aerodromga zarbalar natijasid kamida oltita samolyot yo‘q qilingani, sakkiztasi esa «jiddiy darajada shikastlangani»ni aytishgan.

Zarba vaqtida Morozovskda olingani aytilgan videokadrlar orqali zarba natijalari haqida aniq xulosa qilib bo‘lmaydi.

Zarba natijalari haqidagi ma’lumotlarni aerodromning 5 aprel kuni sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlari e’lon qilinganida tasdiqlash mumkin bo‘ladi.

OSINT-tadqiqotchisi MT Anderson tvitterdagi sahifasida 4 aprel kuni taxminan tushdan keyingi soat uchda radiolokatsiya sun’iy yo‘ldoshi orqali olingan suratlarni joylashtirgan.

Ularda Su-27 oilasiga mansub samolyotlarni ko‘rish mumkin — radiolokatsiya tasvirlari u qadar tiniq emasligi tufayli bu samolyotlar rusumiga aniqlik kiritib bo‘lmaydi.

Bu oila Su-34 front bombardimonchilari hamda Su-35 qiruvchilarini o‘z ichiga oladi. Ularning ikkisi ham Google Maps xaritasida aerodromning 2023 yil 10 iyulida olingan tasvirlarida aks etgan.

Hujum ko‘lami to‘g‘risida Rossiya manbalari tomonidan keltirilgan baholarga ko‘ra, ukrain harbiylarida xuddi Rossiya armiyasi tomonidan amalga oshiriladigan ko‘lamdagi yopirilma zarbalarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘lgan.

Bir obektga qirqdan ortiq dron orqali uyushtiriladigan hujumni qaytarish juda qiyin — buning uchun zaxirada ko‘p miqdorda havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘lishi talab etiladi.

Agar bu dronlar bir vaqtning o‘zida zarba bersa yoki qisqa vaqt oralig‘ida uchib kelsa, bu havo hujumidan mudofaa tizimlarini mushkul ahvolga solib qo‘yadi.

Ukraina bilan urushda Rossiya Su-34, Su-35, shuningdek Su-30 qiruvchi samolyotlaridan (u ham shu oilaga mansub) foydalanmoqda.

Rossiya armiyasi Su-34 bombardimonchilaridan universal rejalashtirish va yo‘naltirish modulida boshqariladigan aviabombalar bilan zarba berishda foydalanadi.

Bu ularga bombalarni nishondan bir necha o‘n kilometr uzoqlikdan turib, Ukraina qurolli kuchlarining havo hujumidan mudofaa vositalari harakatlanadigan masofaga kirmasdan yuborish imkonini beradi.

Sharhlovchilarning baholariga ko‘ra, bu bombalardan foydalanish so‘nggi oylarda Rossiya armiyasiga frontning bir qancha uchastkalarida ilgarilashni ta’minlagan.

Mavzuga oid