Jahon | 00:06 / 06.04.2024
26978
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Orsk shahrida to‘g‘on yorildi, aholi evakuatsiya qilinmoqda

10 ming kishi yashashi mumkin bo‘lgan 4 minggacha uy suv toshqini zonasiga tushishi mumkin.

Rossiyaning Orenburg viloyati, Orsk shahrida to‘g‘on yorildi. Shahar aholisi evakuatsiya qilinmoqda. 4 mingga yaqin xususiy turar-joy binolari suv bosishi xavfi ostida.

Avvalroq Orskda suv toshqini tufayli favqulodda holat joriy etilgan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, qutqaruvchilar to‘g‘onni mustahkamlash ishlarini olib bormoqda.

«To‘g‘on yorilishi, birinchi navbatda, Orskning xususiy sektoriga tahdid soladi; 10 ming kishi yashashi mumkin bo‘lgan 4 minggacha uy suv toshqini zonasiga tushishi mumkin. Qutqaruvchilar guruhi kuchaytirildi, ishga og‘ir yuk mashinalari qo‘shildi», deyiladi FVV xabarida.

Orsk ma’muriyati mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da «to‘g‘on buzilishi xavfi tufayli» aholi evakuatsiya qilinishini e’lon qildi. Aholiga hujjatlarni to‘plash va 6 ta vaqtinchalik joylashtirish markaziga ko‘chib o‘tish tavsiya qilindi. «Bu gidrotexnik inshoot emas. To‘g‘on shahar chekkasidagi suv oqimi harakatini tartibga solish uchun mo‘ljallangan edi», deb xabar berdi viloyat ma’muriyati.

Orenburg viloyatida ob-havo isishi tufayli daryolardagi suv sathi keskin ko‘tarilgan. Oqibatda 95 ta aholi punkti hududida 1825 ta turar-joy binosi va 5242 ta tomorqa yerlari suv ostida qolgan. 4 aprelga o‘tar kechasi Ural daryosidagi Iriklinskiy suv omboridan suv oqimi sekundiga 890 dan 1672 kub metrgacha ko‘tarildi. Viloyatda favqulodda holat rejimi joriy etildi.

Mavzuga oid