Iqtisodiyot | 09:38 / 07.04.2024
9606
6 daqiqa o‘qiladi

Neft va oltin keskin qimmatlashmoqda, kriptovalutalarda pasayish – Xalqaro moliya bozori sharhi

Hafta davomida qimmatbaho metallarning barchasi o‘sish sur’atini taqdim etdi. Xususan, alyuminiy va oltin mos ravishda 110 dollar va 96 dollarga o‘sgan bo‘lsa, kumush va mis 2,6 dollar va 23 sentga qimmatlashdi. Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik fonida neft narxi ham keskin o‘sishda davom etmoqda.

Foto: Reuters

Aprel oyining dastlabki haftasini AQSh iqtisodiy faolligini ko‘rsatib beruvchi ISM ko‘rsatkichi e’lon qilingani boshlab berdi. Dushanba kuni tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mart oyida ISM ((The Institute of Supply Management, ya’ni Ta’minotni boshqarish instituti) ko‘rsatkichi 50,3, prognozdan 1,8 punkt balandroqni tashkil etgan. Bu shuni anglatadiki, AQShda olib borilayotgan keskin monetar siyosatga qaramay iqtisodiy o‘sish sekinlashmay, aksincha hali ham o‘z kuchini saqlab qolgan. Haftaning keyingi muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkichi AQShdagi ishsizlik darajasi bo‘lib, mart oyida ijobiy natija qayd etilgan. Xususan, o‘tgan oyda ishsizlar soni 0,1 foizga qisqarib, umumiy ko‘rsatkich 3,8 foizni tashkil etgan. Bu natija Federal zaxira tizimi (FZT) raisi Jyerom Povelga o‘z siyosatini to‘liq kuchida olib borishi uchun barcha imkoniyatlarni taqdim etib, 2 foizlik inflatsiya ko‘rsatkichiga erishish uchun yordam beradi. Biroq geosiyosiy omillar (Yaqin Sharqda Isroil va Eron o‘rtasida vaziyatning keskinlashuvi) neft va oltin narxini osmonga ko‘tarib yubordi. Bu esa iqtisodiyotga kuchli bosim o‘tkazib, inflatsiya holati taranglashishiga olib kelishi kutilmoqda. Raqamlarda olib qarasak, neft yil boshidan 18-22 foiz, oltin 13 foiz, S&P500 fond indeksi esa 9 o‘sishga erishgan. Bu esa iqtisodiyotda hech qanday shoksiz “yumshoq qo‘nish” ssenariysini amalga oshirish qanchalik murrakabligini yaqqol ko‘rsatib beradi.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 1 apreldan 5 aprelgacha bo‘lgan davrda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.      

AQSh top fond bozorlari indeksi:

S&P500 – 5204 (hafta boshidan -0,95 foiz, yil boshidan +9,11 foiz);

NASDAQ – 18108 (hafta boshidan -0,8 foiz, yil boshidan +7,62 foiz);

DJI – 38904 (hafta boshidan -2,27 foiz, yil boshidan +3,22 foiz).

500 ta eng yirik kompaniyalardan tarkib topgan S&P500 indeksi 50 punktga, Dow Jones indeksi 900 punktga, NASDAQ indeksi esa 146 punktga pasaydi.  

Asosiy qimmatbaho metallar:

  • Oltin – 2329 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan +4,3 foiz, yil boshidan +12,94 foiz;
  • Kumush – 27,4 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan +10,48 foiz, yil boshidan +15,57 foiz;
  • Alyuminiy – 2443 dollar (1 tonnasi) hafta boshidan +4,71 foiz, yil boshidan +2,6 foiz:
  • Mis – 4,2 dollar (1 funti) hafta boshidan +5,77 foiz, yil boshidan +9,29 foiz.

Qimmatbaho metallarning barchasi o‘sish sur’atini taqdim etdi. Masalan, alyuminiy va oltin mos ravishda 110 dollar va 96 dollarga o‘sgan bo‘lsa, kumush va mis 2,6 dollar va 23 sentga qimmatlashdi.

Neft

  • WTI – 86,67 dollar (hafta boshidan +4,35 foiz, yil boshidan +21,57 foiz);
  • BRENT – 90,87 dollar (hafta boshidan +4,54 foiz, yil boshidan +17,95 foiz).

Hafta davomida neftning WTI markasi 3,61 dollarga, BRENT esa 3,95 dollarga qimmatlashdi. Neft narxining oshishiga Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik bevosita ta’sir o‘tkazmoqda.

Valutalar

  • USD/EUR:  +0,43 foiz (yil boshidan -1,83 foiz);
  • CNY/USD:   +0,18 foiz (yil boshidan +1,90 foiz);
  • TRY/USD:  -1,08 foiz (yil boshidan +8,40 foiz);
  • UZS/USD:   +0,4 foiz (yil boshidan +3,01 foiz);
  • RUB/USD:  -0,04 foiz (yil boshidan +3,58 foiz).

AQSh valuta indeksi makroiqtisodiy ma’lumotlar fonida tebranib, haftani qizil shamchiroqda yakunladi. Natijada yevro 0,43 foiz, rubl 0.04 foiz, lira 1,08 foiz o‘sishga erishdi. Ammo yuan va so‘m o‘z qiymatini mos ravishda 0,18 foiz va 0,4 foizga yo‘qotdi.

Kriptovaluta

  • Bitcoin – 67921 dollar (hafta boshidan -4,83 foiz, yil boshidan +60,15 foiz);
  • Ethereum – 3319 dollar (hafta boshidan -8,87 foiz, yil boshidan +45,42 foiz). 

Asosiy kriptolar fletda tebranishni davom ettirmoqda. Hafta davomida Bitcoin 4,83 foizga, Ethereum 8,87 foizga pasaydi.

Bozorlar haqida qisqacha

FZT tomonidan jadal olib borilayotgan miqdoriy qisqarish siyosatiga qaramay makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning a’lo darajadagi natijalari Jyerom Povelga barcha maqsadlariga erishish uchun keng imkoniyatlarni taqdim qiladi. Chunki so‘nggi oylarda inflatsiya ko‘rsatkichi salbiy o‘zgarishlar taqdim qilayotgan bir paytda bu juda ham zarur bo‘lib, muvaffaqiyatga erishish uchun muhim hisoblanadi. Jyerom Povel joriy foiz stavkasi pasaytirilishi mumkin degan bo‘lsa-da, bozor ishtirokchilari bu bo‘yicha o‘zlarining yangi prognozlarini taqdim etgan holda barchani hayratda qoldirishda davom etishmoqda. Yil boshida ishtirokchilarning aksariyati 2024 yilda stavka 6 marta, ya’ni 150 punkt pasaytiriladi deyishgan bo‘lsa, hozir bu 2 barobar qisqarib, stavkaning birinchi pasayishi iyunda boshlanib, yil yakuniga borib yana 3 marotaba pasaytirishi (jami 3ta) prognoz qilinmoqda. Ammo aytish lozimki, AQSh iqtisodiyotida paydo bo‘layotgan yangi risklar va yuqori iqtisodiy faollik fonida stavka pasaytirilishi teskari effekt berib, inflatsiya o‘chog‘ini qayta qo‘zg‘atish xavfi bor.

Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 1 apreldan 5 aprelgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.  

Mavzuga oid