Jahon | 10:34 / 09.04.2024
4552
3 daqiqa o‘qiladi

Smolensk viloyatida ko‘prik qulashi: bir ayol halok bo‘ldi

Smolensk viloyatining Vyazma shahrida Panin yo‘l o‘tkazgichi qulab tushdi, ikki mashina ko‘prikdan pastga tushib ketdi. Temiryo‘l bo‘ylab harakat to‘xtatilib, 9 mingga yaqin aholi gazsiz qoldi.

Foto: Telegram / vsmolenske

Smolensk viloyati Vyazma shahrida Panin avtomobil ko‘prigi temiryo‘l ustiga qulab tushishi oqibatida uning ustida ketayotgan ikkita avtomobil pastga tushib ketdi. Natijada 8 aprel, dushanba kuni avtomobilda bo‘lgan ayol halok bo‘ldi. Yuk mashinasi haydovchisi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Jami besh kishi jabrlandi, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi viloyat boshqarmasi matbuot xizmati. «Besh nafar jabrlanuvchi Vyazma markaziy tuman kasalxonasiga yotqizildi, ulardan biri - 2010 yilda tug‘ilgan bola. Jabrlanganlarning ahvoli o‘rtacha va og‘ir. Hammasi ko‘plab tan jarohatlari olgan», — deyiladi viloyat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

9 mingga yaqin aholi gazsiz qoldi

Bundan tashqari, yo‘l o‘tkazgichning qulashi natijasida gaz ta’minoti tarmoqlariga shikast yetgan, deya xabar beradi Smolensk viloyati uy-joy kommunal xo‘jaligi, energetika va tarif siyosati vazirligi. «Vyazma va Tyomkina tumanlari iste’molchilari gazdan uzildi. Bu - 69 yuridik shaxs, beshta qozonxona va 8,8 mingga yaqin jismoniy shaxslar. Kommunal xizmatlar kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazildi», — deyiladi xabarda.

Taxminan soat 17:00 da Vyazma shahrida Panin yo‘l o‘tkazgichi qulab tushdi va Vyazma - Semlyovo uchastkasidagi temiryo‘llarga zarar yetkazdi. Moskva-Minsk yo‘nalishida poyezdlar harakati to‘xtatildi. OAV ta’kidlaganidek, harbiy yuklar ham ushbu yo‘nalish bo‘ylab yetkazilgan.

Odam o‘limiga sabab bo‘lgan voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi Rossiya Tergov qo‘mitasi. Yo‘llarni tozalash ishlari olib borilmoqda. Smolensk viloyati gubernatori Vasiliy Anoxin Telegram’da «vaziyatni shaxsiy nazoratga olgani» va voqea joyiga borganini yozdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyat bo‘yicha bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berishicha, tiklash ishlariga 133 nafar mutaxassis va 23 ta texnika, jumladan, RF Favqulodda vaziyatlar vazirligidan jalb qilingan. 

Mavzuga oid