«80 yillikdagi eng yirik ofat». Qozog‘istonda ham toshqinlar minglab uylarni suv ostida qoldirmoqda
O‘nlab aholi yashash manzillari tashqi dunyodan uzilib qolgan. Sirim oblastida kuydirgi bilan kasallangan qoramollarning qabristonlari ochilib ketgan. Yaqin vaqtlar ichida Rossiyadan katta miqdorda suv kirib kelishi kutilmoqda.
Keng ko‘lamli suv toshqinlari oqibatida Qozog‘istonda 70 ga yaqin aholi yashash punktlari tashqi dunyodan uzilgan, 86 mingdan ortiq qozog‘istonliklar halokat hududlaridan evakuatsiya qilingan. Mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev buni Qozog‘istonda so‘nggi 80 yillikdagi eng yirik tabiiy ofat deb atagan.
Qozog‘istonning 17 oblastidan 10 tasida suv toshqinlari munosabati bilan mahalliy miqyosda favqulodda vaziyat rejimi amal qilmoqda. FVV ma’lumotiga ko‘ra, falokat hududidan 86 mingdan ortiq kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgan, shundan 29 ming nafari – bolalar.
Atirau oblasti suv toshqinlaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan regionlar qatorida. Atirauning Kulsara shahrida yashovchi Saule (ismi o‘zgartirilgan) BBC muxbiri bilan suhbatda shahar aholisi o‘z kuchlari bilan evakuatsiya bo‘layotgani va aholi yashash manzilini toshqindan mustaqil himoya qilayotganini aytgan.
«Harakatga keltirilgan barcha texnikalar o‘zimizniki va ijaraga olingan. Suv shaharga kira boshlaganida, akimlik odamlari (meriya xodimlari) xalq orasida emasdi. Odamlar akimatga (meriya) ham borishdi va eshiklarni taqillatishdi, u yerda hech kim yo‘q edi», — degan Saule.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar rasmiylari toshqinga hech qanday tayyorgarlik ko‘rmagan, masalan, shaharni mustahkamlash uchun maxsus texnikalar ajratmagan va qo‘shni Aqto‘be oblastidan suv oqib kelgan kanallarni tozalamagan.
«Bungacha 20 kun oldin, Rossiyaga suv o‘tkazilganida va Aqto‘beda toshqin boshlanganida, qandaydir choralar ko‘rishimiz uchun bizni ogohlantirishgandi.
Ammo, biz ko‘rdikki, akimat tomonidan alohida tayyorgarlik bo‘lmagan. Kanallar chiqindiga to‘lgan, ayrimlari esa umuman yopiq bo‘lgan. Mahalliy tadbirkorlar suvni o‘z xo‘jaliklariga yo‘naltirish uchun bu kanallarni to‘sishgan», — deya fikrlarini bildirgan Kulsarada yashovchilardan biri.
Shaharliklar o‘zlari kelishgan holda shaharni himoyalash uchun to‘siqlarni mustahkamlashga kirishishgan.
«Evakuatsiyaga qadar sohilda suv sathi ko‘tarilayotganini ko‘rdik. Ammo biz suv shaharga kirmaydi va barchasi akimat nazorati ostida deb o‘ylagandik», — deya hikoya qiladi Saule.
Suv toshqini ko‘lami va ikkinchi to‘lqin
Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, qator regionlarda suv toshqinlari pik nuqtadan o‘tgan. Bugungi kunda Aqmola, Aqto‘be, Atirau, Qo‘stanay, Shimoliy Qozog‘iston, Sharqiy Qozog‘iston va Pavlodar oblastlarida 3400 dan ortiq uy suv ostida qolgan.
Bundan tashqari, 69 ta aholi yashash manzillari tashqi dunyodan uzilib qolgan. Qozog‘iston shimolida joylashgan shahar va qishloqlar suv bosish xavfi ostida qolmoqda.
10 aprel kuni Qozog‘iston bosh vaziri O‘ljas Bektenov yaqin vaqtlar ichida suv toshqinlarining ikkinchi to‘lqini kutilayotganini ma’lum qildi — Rossiyadan Atirau va Uralsk shaharlariga ko‘p miqdorda suv kelmoqda.
«Jayiq (Ural) daryosida murakkab vaziyat saqlanib qolmoqda. Bugun Jayiq daryosida suv sathi 7,2 metrni tashkil etgan va har kuni ko‘tarilmoqda. Xavfli daraja – 8,5 metr. Xavfli suv sathini ushlab turishga imkon beruvchi himoya to‘g‘onlari o‘rnatildi. Hozirda asosiy vazifa – Uralsk va Atirauni himoya qilish», — deya qayd etgan Bektenov.
Bosh vazir shahar muhofazasi uchun akimatlar xodimlari, FVV, mudofaa vazirligi va milliy gvardiya jalb etilgani, shuningdek ko‘ngillilar tomonidan katta yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan.
Kulsarada evakuatsiya qanday kechmoqda?
Saulening eslashicha, shaharning ayrim rayonlari tom ma’noda yarim soat ichida suv ostida qolgan, shaharning boshqa qismini suv bosishiga yana bir necha soat vaqt ketgan.
Kulsara — Atirau oblastining 60 ming kishi yashaydigan shahri. Mazkur aholi yashash manzili mintaqaning suv toshqinidan eng ko‘p jabr ko‘rgan qismidir. Shaharning qariyb uchdan bir qismi suv ostida qolgan. Kulsaradan 30 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan.
Ayollar, bolalar va pensionerlar shaharni tark etgan, erkaklar, talabalar va maktab o‘quvchilari esa «ishlash va shaharni suvdan himoyalash uchun» qolishdi, deya qayd etadi Saule.
«Evakuatsiya 5 aprel kuni tunda boshlandi. Kunduzi allaqachon ajiotaj va xaos boshlangandi. Ertalabki soat 8 dan butun shahar bo‘ylab sirenalar va [xavf to‘g‘risida] ogohlantirishlar yangray boshladi. Odamlar benzin quyishga va oziq-ovqat g‘amlashga shoshilishdi, chunki Atirau va Kulsara o‘rtasidagi yo‘llarni suv bosgan, benzin yetkazib berish to‘xtagandi», — deya xotirlaydi u.
Soat taxminan 12 da Kulsara aholisidan uch soat mobaynida shaharni tark etish talab etiladi. Bu muddat tugashi bilan shaharda elektr va gaz o‘chirilishi ma’lum qilinadi.
Saulening qayd etishicha, politsiyachilar uyma-uy yurishgan va odamlarni shahardan tezroq ketishga shoshiltirishgan — ayniqsa birinchi navbatda suv bosishi kutilayotgan rayonlar aholisini.
Kulsaradan chiqishda bir necha kolonnadagi avtomobillar navbati hosil bo‘lgan, ayrim mashinalar esa qumli yo‘llar bo‘ylab harakatlanishga tushgan.
«Trassada mashinalar oqimi ko‘payib, kolonnalar olti-yettitaga yetdi. Trassada avariyalar ham bo‘ldi. Evakuatsiya chog‘ida tartibni nazorat qilish uchun politsiyachilar qo‘yilgandi, ammo ular mashinalarning bunday oqimini nazorat qila olmasdi. Odamlarni boshqarib bo‘lmasdi, ular bir-birini quvib o‘tar, hamma bir-biriga juda yaqin harakatlanar, hamma imkon qadar tezroq chiqib ketishga urinardi», — deydi Saule.
Uning so‘zlariga ko‘ra, erkaklarning ko‘pchiligi to‘siqlar tayyorlash va suv sathini kuzatib turish uchun shaharda qolgan. Ular oila a’zolariga operativ ma’lumotlarni uzatib turishgan.
«Biz chatlardan ma’lumot qabul qilardik. Erkaklarimiz suv sathi biroz pasaygani, ammo oqim saqlanib turganini aytishardi. Ular hozircha qaytmaslikni so‘rashdi, chunki qozoqlar qabristonini suv bosgan, kecha bir jasadni topishgan. Shaharni badbo‘y hid qamrab olgan, shamol yo‘q bo‘lsa ham bu hid olisdagi rayonlarga yetib borgan. Shaharda kanalizatsiya, qabristonni suv yuvib ketgan. Va qanchadan qancha qoramollar oqib ketgan!» — deya hikoya qiladi ayol.
Suv kuydirgi bilan kasallangan jonivorlar ko‘milgan qabristonga yetib borgan
Qozog‘istonda bahorgi toshqinlar nafaqat aholi yashash manzillarini suv ostida qoldirmoqda, balki katta miqdordagi suv G‘arbiy Qozog‘iston oblastida kuydirgi (sibir yazvasi) bilan kasallangan qoramollar ko‘milgan joylarga qadar yetib borgan.
14 ta qabr va qoramollar ko‘milgan sakkizta qabriston suv ostida qolgan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu hududlarda epizootik vaziyat barqarorligicha qolayotganini bildirgan.
«Kuydirgidan nobud bo‘lgan jonivorlar yoqish orqali yo‘q qilinadi, kuli esa atrofida dezinfeksiya vositalari joylashtirilgan beton sarkofag yaratilgan holda ko‘miladi», — degan qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili O‘ljas Tlebaldin matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jonivorlarning qoldiqlari ko‘milgan joylar germetik (havo o‘tkazmaydigan) qilingan. Mutaxassis suv bosgan obektlarning barchasi suv chekinganidan keyin qayta ko‘rib chiqilishini aytgan.
Sirim oblasti veterinariya-sanitariya xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Nurqayir Qusaynovning aytishicha, kuydirgi qo‘zg‘atuvchisi tuproqda omon qolishi mumkin, shuning uchun endi chorva mollarga yuqish xavfi mavjud. U qabristonlari suv bosgan hududlardagi barcha hayvonlar kuydirgiga qarshi emlanishini bildirgan.
Rossiyadan kelayotgan suv
Qozog‘iston rasmiylarining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyadan kelayotgan katta miqdordagi suv Ural daryosi bo‘ylab 3-5 kun ichida Qozog‘iston chegarasiga qadar yetib kelishi mumkin.
«Biz uchun hozirda asosiy xavf Ural daryosidan. Hozir uning Rossiyadagi qismi toshmoqda, shu tufayli biz bu suvni Qozog‘istonda kutyapmiz. Biz vaqtdan yutib, kerakli ishlarni qilmoqdamiz, ilmiy-tadqiqot markazlari hisob-kitob ishlarini amalga oshirmoqda», — degan gidrologik monitoring boshqarmasi boshlig‘i Baurjan Jyekijanov.
8 aprel kuni suv resurslari va irrigatsiya vazirligi vakili Moldir Abdualiyeva Rossiyaning Orenburg oblastidagi Iriklinskiy suv omboridan chiqarilgan «katta suv» 20 kun ichida kelishi kutilayotganini aytgan.
«So‘nggi 80 yillikdagi eng yirik tabiiy ofat»
6 aprel kuni mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qozog‘istonliklarga murojaat qilgandi. Davlat rahbari bahorgi toshqinlar ko‘lami qor kuchli darajada erishi bilan bog‘liqligini aytgan.
«Balki bu o‘z ko‘lami va oqibatlari bo‘yicha so‘nggi 80 yildan ortiq vaqtdagi eng yirik ofatdir», — degan u.
To‘qayev hukumatga aholiga yordam ko‘rsatish uchun davlat moddiy zaxiralarini ishga solishga ko‘rsatma bergan.
«Vaziyat qiyin, ammo umidsizlikka tushmaslik kerak. Biz bu holatni to‘g‘irlaymiz, asosiysi inson qurbonlarining oldini olish. Aytmoqchimanki, sizlardan birortangiz ham davlat e’tiboridan chetda qolmaydi. Barchangizga moddiy va boshqa yordam ko‘rsatiladi. Sizning barcha moddiy yo‘qotishlaringiz qoplanadi», — degan prezident.
Qozog‘istondagi toshqinlar sababi
Suv xo‘jaligi muammolari ilmiy-axborot markazining Qozog‘iston bo‘limi eksperti Quraloy Yaxiyayeva keng ko‘lamli suv toshqinlarini qishdagi yuqori harorat va yomg‘irlar bilan izohlaydi.
«2010 yildayoq suv bo‘yicha ekspertlar va ekologlar global iqlim o‘zgarishi jarayoni boshlanayotgani to‘g‘risida bong urgandi. Havo o‘zgarishi bilan bir qatorda drenaj yo‘llari qurilishida, kanallar va ariqlarni tozalashda, shaharlar va posyolkalarning bosh rejasini tuzishda mahalliy relef hisobga olinmagani, suvni muhofaza qilish zonalari va polosalarga rioya qilinmagani ham toshqinlarga sabab bo‘lmoqda», — degan ekspert BBC uchun intervyusida.
Bunday ko‘lamdagi tabiiy ofatning oldini olish uchun Suv kodeksiga o‘zgartirish kiritish va bu normalarga rioya qilish kerak bo‘ladi. 2003 yilda kodeksga suv resurslari zarariga o‘zgartirishlar kiritilgan, deb hisoblaydi Yaxiyayeva.
«Suv fondi va inshootlari yerlari mahalliy okruglar balansiga — akimatlarga o‘tkazilgan. Bunday vaziyat takrorlanmasligi uchun barcha inshootlar va yerlarni suv xo‘jaligiga qaytarish, oblast va rayon miqyosida suv xo‘jaligi tashkilotlarini moddiy-texnik baza hamda yaxshi ish haqi va ishlash sharoitlariga ega kadrlar bilan kuchaytirish darkor», — deydi Yaxiyayeva.
To‘rtta jinoiy ish
Bosh prokuratura suv toshqinlari yuzasidan Aqto‘be, Almati va Atirau oblastlarida to‘rtta holat bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv ishlarini boshlagani ma’lum bo‘ldi.
Prokuratura organlari aholi yashash punktlarini suv bosishi, yo‘llar, ko‘priklar, gidrotexnka inshootlari va boshqa obektlar vayron bo‘lishi sabablarini o‘rganmoqda.
Xususan, prokurorlar budjet vositalarining sarflanishi, suv toshqinlarining oldini olish bo‘yicha rejalar o‘z vaqtida va to‘liq bajarilganini tekshiradi.
«Huquq-tartibot rejimini ta’minlash bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlar faoliyati joylardagi prokurorlar tomonidan muvofiqlashtiriladi», — deyilgan bosh prokuratura xabarida.
Mavzuga oid
12:47
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini kuchaytirdi
12:33 / 21.11.2024
Qozog‘iston holdingi O‘zbekistondan 169 nafar mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi
16:29 / 19.11.2024
Qozog‘istonda magistral yo‘lda o‘rtacha tezlikni oshirganlar jarimaga tortiladi
20:59 / 18.11.2024