Jahon | 13:33 / 13.04.2024
6398
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya TIV fuqarolarni Eronni tark etishga chaqirdi

Yaqin Sharq mintaqasidagi keskinlashuv havo, quruqlik va dengiz transporti yo‘nalishlariga ta’sir qilishi hamda Eronga kirish va chiqishda cheklovlarga olib kelishi mumkin, deya ogohlantirdi Germaniya vazirligi.

Foto: Sha Dati/Xinhua/picture alliance

Germaniya tashqi ishlar vazirligi 12 aprel, juma kuni kechqurun Germaniya fuqarolarini mintaqadagi vaziyatning keskinlashishi xavfi yuqoriligi sababli Eronni tark etishga va bu davlatga sayohat qilishdan tiyilishga chaqirdi. «Keskinlashuv havo, quruqlik va dengiz transporti yo‘nalishlariga ham ta’sir qilishi, Eronga kirish va chiqishga tegishli cheklovlar qo‘yishini istisno qilib bo‘lmaydi», - deya ta’kidladi Germaniya TIV.

AQSh prezidenti Jo Bayden 12 aprel kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan brifingda Eronning Isroilga hujumini «muqarrar» deb atadi va bu «ertaroq» sodir bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga, Bayden o‘z ma’muriyati Isroil tomonida ekanini ochiq aytdi. «Biz Isroilni himoya qilishga yordam beramiz va Eron muvaffaqiyatga erisha olmaydi», dedi u.

Bir kun avval Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi Tehronga parvozlarni to‘xtatib turish muddatini 18 aprelgacha uzaytirishini e’lon qildi. «Aviakompaniya endi Eron havo hududidan foydalanmaydi», — deya Lufthansa vakili so‘zlaridan iqtibos keltirgan AFP. Kompaniya samolyotlari 6 apreldan beri Tehronga uchmayapti. Avstriyaning Austrian Airlines aviakompaniyasi Lufthansa’dan o‘rnak olib, Eron poytaxtiga parvozlarning 18 aprelgacha to‘xtatilishini «Yaqin Sharqdagi hozirgi vaziyat» bilan izohladi.

Eron yaqin kunlarda hujum qilishi kutilmoqda 

Amerikaning The Wall Street Journal (WSJ) gazetasiga ko‘ra, Isroil yaqin 24-48 soat ichida Erondan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum sodir bo‘lishini kutmoqda. Taxminlarga ko‘ra, mamlakat janubi yoki shimoliga hujum qilinadi. Shu bilan birga, Axios axborot resursi manbalari qayd etishicha, mintaqadagi vaziyat keskinlashuvining oldini olish maqsadida Eron hujumi cheklangan bo‘ladi. 

1 aprel kuni Isroil samolyotlari Damashqdagi Eron konsulligiga hujum qildi. IIMKning yetti nafar a’zosi, jumladan «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Muhammad Rizo Zohidiy va general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Eron oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy «sionistik rejim jazolanishini» aytdi. 

7 aprel kuni Xomanaiy harbiy maslahatchisi Isroil elchixonalarining hech biri «endi xavfsiz emas» deb tahdid qildi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil har qanday javobga tayyorligini aytdi. «Kim bizga zarar yetkazsa yoki bizga zarar yetkazishni rejalashtirsa, biz ularga zarar beramiz», deb ogohlantirdi u. 

Mavzuga oid