Jahon | 10:16 / 13.04.2024
24393
18 daqiqa o‘qiladi

SSSRda yashirilgan fojialar - Novocherkasskda ishchilar nega otilgan edi?

Bundan qariyb 62 yil avval SSSRda fojiali voqealardan biri bo‘lib o‘tadi. Novocherkassk shahrida maosh kam va mehnat sharoiti yomon holatda narxlar oshirilgani uchun namoyishga chiqqan odamlar o‘qqa tutiladi. Ushbu ish Stalin davridan keyin SSSRda sodir bo‘lgan eng qonli hodisa sifatida eslanadi. Sovetlar bu fojiani yashirishadi va omma hodisa tafsilotlaridan SSSR parchalanib ketgandan so‘ng xabar topadi.

SSSRni Stalin boshqargan 31 yilda juda ko‘p qatag‘onlar o‘tkazilgan. 1920-yillar o‘rtalarida avval shahar joylarida o‘z tirikchiligini o‘tkazib yurgan turli hunarmandlar, baqqollar, do‘kondorlar mulkiga chang solinadi.

So‘ng navbat qishloq joylariga keladi. 1928-1932 yillarda kollektivlashtirish bahonasida boylar va o‘rtahollar ayovsiz talanadi. Ularning aksariyati surgun qilinib, boshqa qismi o‘ldiriladi.

1935-yillardan boshlab navbat odamlarni “Xalq dushmani” deb atab jazolashga yetib keladi. 1937-1939 yillarda millionlab odamlar qamaladi va o‘ldiriladi. Bu davr tarixchilar tomonidan “Katta terror” nomi bilan ataladi.

1941-1945 yillarda mamlakat urush bilan andarmon bo‘ladi. Urush tugagach yana qatag‘onlar avj oladi. Mamlakat bo‘ylab adiblarni, keyin “Vrachlar ishi” bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan shifokorlarni qamashadi.

Umumiy hisobda Stalin SSSRni boshqargan yillarda 20 milliondan oshiq qatag‘on qilinadi. Jazolanganlarning asosiy qismi vafot etadi.

1953 yil 5 mart kuni Stalin vafot etgach o‘sha yil kuzgacha millionlab odamlar qamoqdan ozod qilinadi. Shu bilan birga Stalin qatag‘onlarining asosiy ijrochilari bo‘lgan NKVD boshlig‘i Lavrentiy Beriya va uning yordamchilari hibsga olinib, otib tashlanadi.

Shundan so‘ng xalq birmuncha erkin nafas ola boshlaydi. Biroq Stalin vafot etgan bo‘lsa ham avvalboshdan zo‘ravonlik va zulm ustiga qurilgan sovet davlati yashayotgan edi.

Maoshlar kamligi, og‘ir mehnat sharoiti tufayli mamlakatning bir nechta joylarida ishchilar yoki aholi noroziliklari sodir bo‘ladi. Biroq ularning barchasi ayovsiz bostiriladi.

1962 yilda Rostov viloyatida joylashgan Novocherkassk shahridagi ishchilar noroziligi ham ayovsiz tarzda bostirilgan va hodisa SSSR tarqab ketguncha ommadan yashirilgan edi.

Novocherkasskdagi fojiadan oldin nima bo‘lgandi?

Stalin vafotidan so‘ng mamlakatni Nikita Xrushchyov boshqara boshlaydi. Bugun keksa yoshdagi insonlar uning “jo‘xori jinnisi” bo‘lganini yaxshi eslashadi.

1959 yilda u AQShga davlat tashrifi bilan boradi va okean ortida ikki hafta yuradi. Safar davomida unga makkajo‘xoridan yuqori hosil olayotgan amerikalik fermerning yerlarini ham ko‘rsatishadi.

O‘sha paytda SSSRda oziq-ovqat taqchilligi bor edi. Xrushchyov ana shu muammoni hal etish uchun butun mamlakat bo‘ylab makkajo‘xori ekishga buyruq beradi.

Oqibatda magazin peshtaxtalaridan bug‘doy uni yo‘qoladi va uning o‘rnini jo‘xori uni egallaydi. Biroq bu ish SSSRdagi oziq-ovqat taqchilligi muammosini hal qilmaydi.

1960-yillar boshida SSSR ilk bor xorijdan bug‘doy xarid qiladi. Baribir muammo hal bo‘lmaydi. Shundan so‘ng ishlab chiqarishni va boshoqli o‘simliklar ekishni rag‘batlantirish maqsadida Xrushchyov narxlarni oshirishga buyruq beradi.

Foto: alamy.com

1962 yil 1 iyun kuni SSSR ministrlar soveti “Go‘sht va sut mahsulotlarining narxlarini oshirish bo‘yicha” qaror qabul qiladi. Qaror matni mamlakatdagi barcha gazetalarda chop etiladi. Radioda o‘qib eshittiriladi.

Bu qaror shundoq ham og‘ir ahvolda yashayotgan odamlarda norozilik kayfiyatini uyg‘otadi. Moskva, Leningrad, Kiyev, Donetsk, Dnepropetrovsk va boshqa yirik shaharlarda “xalqqa qarshi bo‘layotgan sovet hukumatini” ag‘darishga chorlovchi varaqalar tarqatila boshlanadi.

Novocherkassdagi norozilik

Go‘sht va sut mahsulotlari narxining oshirilishini boshqalar kabi Novocherkasskdagi elektrovoz ishlab chiqariluvchi zavod ishchilari ham noxushlik bilan qarshilashadi.

Bu zavod ishchilari shahardagi boshqa korxonalar ishchilariga qaraganda juda og‘ir mehnat bilan band, biroq maoshlar uncha yaxshi emasdi. Bundan tashqari, zavodda ishchilarning ovqatlanishi, dam olishi bilan bog‘liq vaziyat ham achinarli edi.

Shu sababli ham zavodga yangi ishchilar kelmay qo‘ygan, rahbariyat ishchilar taqchilligini yopish uchun qamoqxonadan mahkumlarni olib kelib ishlata boshlaydi.

Mahkumlar ishchilardan farqli ravishda mehnat sharoitini yaxshilashni, ovqat ratsionini sifatli va kaloriyali qilishni talab qilishmas, boriga shukr qilib ishlayverishadi.

Hali ministrlar sovetining go‘sht va sut mahsulotlari narxini oshirish haqidagi qarori e’lon qilinmasdan avval 1962 yil bahorda bir necha marta ish tashlash uyushtirishgan, rahbariyat sharoitlarni yaxshilashga va’da bergan, biroq bajarmay kelayotgandi.

1962 yil 1 iyun kuni qaror OAVda e’lon qilinar ekan, ertalabdan zavodga kelgan ishchilar uskunalarni ishga tushirish o‘rniga zavod hovlisida yig‘ila boshlashadi.

Novocherkasskdagi elektrovoz zavodi
Foto: copypast.ru

Soat 10:00 da yana bir sexning 200 dan oshiq ishchilari ishni to‘xtatishadi. Soat 11:00ga borib zavod hovlisida 1 000 dan oshiq ishchi to‘planadi. Ular zavod rahbariyati oldiga “Biz qanday kun kechiraylik?” degan savolni qo‘yishadi.

Rahbariyat esa yana va’da berishni boshlaydi. Biroq bu safar ishchilar yolg‘on va’dalarga ishonmasliklarini bildirishadi. Shu joyda zavod direktori yeyishga narsalaring bo‘lmasa, birgalikda pirojki yeymiz” deydi. Ishchilar uning bu gapini haqorat o‘laroq qabul qilishadi.

Tushga borib elektrovoz ishlab chiqariluvchi zavod ishchilari ish tashlaganini eshitgan Novocherkasskdagi boshqa yana bir nechta korxona ishchilari ham ish tashlaydi. Shu tariqa jarayon butun shaharga yoyiladi.

Zavod direktorining haqoratomuz gapidan so‘ng elektrovoz ishlab chiqariluvchi zavod ishchilaridan 500 nafari turli plakatlar ko‘tarib shahar ko‘chalariga chiqadi.

O‘sha kuni ertalab ishchilar ish tashlashni boshlaganda bu haqda Novocherkassk shahar va Rostov viloyati partiya qo‘mitasi kotiblariga xabar berilgandi. Ishchilar ko‘chaga plakatlar ko‘tarib chiqqan paytda ular shaharga yetib kelishadi.

Ular ishchilar qarshisiga chiqib muzokaralar o‘tkazishga urinishadi. Jarayon 13 soat davom etadi. Bu paytda viloyat obkomi kelganini eshitgan boshqa ishchilar ham namoyishchilarga qo‘shiladi. Natijada ularning soni 5 ming kishiga yetadi.

Viloyat hokimi vaziyatni o‘z nazoratiga olishi va sharoitlar yaxshilanishi haqidagi va’dalariga ishonmagan ishchilar Moskva va mintaqani o‘zaro bog‘laydigan temiryo‘lni to‘sib qo‘yishadi. Oqibatda Saratov-Rostov yo‘lovchi poyezdi yo‘lda qolib ketadi.

Shu paytda namoyishchilar orasida bo‘lgan ayrimlar tosh otib bir nechta vagonning oynalarini sindirishadi.

Novocherkasskdagi hodisalar haqida olingan filmdan kadr

Viloyat obkomi ishchilarni to‘xtatib qololmagach hodisa haqida darhol Moskvaga xabar beradi. Xrushchyov namoyishdan xabar topadi va yig‘ilish chaqiradi.

Yig‘ilishda u KGB rahbari V.Semichastnim, IIV rahbari V.Tikunov va Mudofaa vaziri R.Malinovskiyga qisqa muddatda sovet hukumatiga qarshi ko‘tarilgan namoyishni bostirishga buyruq beradi.

Shundan so‘ng Shimoliy Kavkazdagi armiya qo‘mondonlariga, KGB va IIB rahbarlariga tegishli topshiriqlar beriladi. Rostov shahridan Novocherkassk tomon harbiylar, KGB xodimlari va militsionerlar harakatlana boshlaydi.

O‘shanda Novocherkasskga Ichki qo‘shinlar tarkibidagi maxsus rotaning 150 nafar harbiysi yuboriladi. Ular 1 iyun kuni soat 16:00 da elektrovoz ishlab chiqariluvchi zavod yaqinida turgan namoyishchilar oldiga yetib kelishadi.

Harbiylar namoyishchilarga darhol tarqalish buyrug‘ini berishadi. Ishchilar parvo ham qilishmaydi. Shundan so‘ng namoyishchilar oldiga Rostov shahar va viloyati, Novocherkassk shahri partiya qo‘mitasi rahbarlari chiqib ishchilardan namoyishlarni to‘xtatishni va tarqalishni so‘rashadi.

Ular ishchilarga agar tarqalishmasa oqibati yomon bo‘lishini ta’kidlashadi. Bu gaplarni eshitgan ishchilarning ayrimlari jazavaga tushadi va rahbarlar tomon turli buyumlar uloqtiriladi. Ular qochib ketishadi.

1 iyun kuni soat 19:00 larda 200 kishidan iborat militsiya otryadi ishchilarni kuch bilan tarqatishga urinadi. Biroq kuchi yetmaydi.

Soat 20:00 larda militsionerlarga harbiylar yordamga kelishadi. Biroq harbiylar namoyishchilarni kuch bilan tarqatishga urinmaydi. Ularga qo‘mondonlik qilgan general Matvey Shaposhnikov ishchilarga kuch ishlatishga ruxsat bermaydi. Namoyishchilar tunda o‘z joylarida qolishadi.

2 iyun kuni ertalab Novocherkasskga, so‘ng zavod hududiga harbiylar tanklar kolonnasi bilan kirib keladi. Ana shu paytda kimdir tanklar bir necha odamni bosib yanchib ketgani haqida aytib qoladi.

Shundan so‘ng namoyishchilar tanklarga qarata turli narsalarni irg‘ita boshlashadi. Boshqalari tanklarning zanjiri ostiga temir bo‘laklari tashlab ularni ishdan chiqarishadi. Oqibatda bir necha askar jarohatlanadi.

Novocherkasskdagi hodisalar haqida olingan filmdan kadr

2 iyun kuni ishchilar Moskva-Boku poyezdini ham to‘xtatib qo‘yishadi va Leninning portlarini ko‘tarib shahar markazi tomon harakatlana boshlashadi.

Novocherkassk aholisi ishchilarning og‘ir sharoitidan xabardor edi. Shuningdek, ular ham ministrlar sovetining go‘sht va sut mahsulotlari narxini oshirish haqidagi qaroridan norozi edi.

Ana shunday vaziyatda mas’ullar ishchilarning muammosini hal qilish o‘rniga shaharga harbiylar tanklarda kirib kelgani shahar aholisini ham g‘azablantirib yuboradi. Ular ham namoyishga chiqib, ishchilar safiga qo‘shila boshlashadi.

Namoyish ko‘lami kengayganini ko‘rgan mas’ullar darhol Moskvaga Xrushchyovga qo‘ng‘iroq qilishadi. Xrushchyov bir kun oldin bergan buyrug‘ini takrorlaydi: Sovet hukumatiga qarshi bosh ko‘targanlar harakati kuch bilan bostirilsin.

Xrushchyovning buyrug‘i harbiylarga yetkaziladi. Biroq general Shaposhnikov buyruqni bajarishga shoshilmaydi. Harbiylar ishchilarga kuch ishlatmaydi. Buning o‘rniga faqat Novocherkasskdagi barcha ma’muriy binolarni qo‘riqlash kuchaytiriladi.

2 iyun kuni soat 10:00 larda namoyishchilarning asosiy guruhi shahar ma’muriyati binosi tomon harakatlana boshlashadi. Ularning qarshisiga harbiylar chiqishadi. Shu paytda Moskvadan bir qator yuqori martabali amaldorlar, KGB bosh boshqarmasidan ikki general Novocherkasskga yetib keladi.

Tushdan so‘ng namoyishchilar bir necha guruhga bo‘linadi. Ularning bir qismi shahar ma’muriyatiga, boshqa qismi bank binosiga qarab boradi. Yana bir guruh boshqa ma’muriy binolar tomon harakatlanishadi.

Ularning yo‘lini to‘sgan harbiylar avvaliga havoga ogohlantirish o‘qlarini uzishadi. Shunda kimdir “Qo‘rqmanglar, ular bo‘sh patronlardan o‘q uzishyapti”, deb baqiradi. Biroq o‘qlar haqiqiy edi.

Shundan so‘ng shaharda bo‘lib turgan harbiylar, militsiya va KGB xodimlari namoyishchilarning old saflaridagilarni hibsga olishni boshlab yuborishadi. Ularga yordam bermoqchi bo‘lgan orqa qatordagilarga esa o‘q uziladi.

Harbiylarning o‘qlaridan odamlar halok bo‘lganini ko‘rgan namoyishchilarning asosiy qismi qochib ketadi. Biroq 3 iyun kuni ertalab oz sonli odamlar, guvohlarning aytishicha ularning soni 500 nafar atrofida bo‘lgan yana namoyishga chiqadi.

Namoyishchilar bu gal hibsga olinganlarni qo‘yib yuborish va harbiylarni darhol shahardan olib chiqish talabini ilgari surishadi. Biroq namoyishchilarning asosiy qismini tarqatib yuborgan harbiylar qolganlarga nisbatan kuch ishlatishadi.

300 ga yaqin odam hibsga olinadi. Bir necha kishi harbiylar otgan o‘qdan halok bo‘ladi. 3 iyun kechga borib Novocherkasskdagi namoyishlar butunlay bostiriladi. 4 iyun kuni shahar bo‘ylab hibsga olishlar davom etadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra o‘shanda Novocherkasskda namoyishchilardan 24 kishi halok bo‘lgan. 70 nafari jarohatlangan. Biroq hodisa guvohlari o‘ldirilganlar va yarador qilingan odamlar soni bir necha barobar ko‘p bo‘lganini aytishgan.

O‘shanda halok bo‘lganlarning jasadlari yaqinlariga berilmaydi. Ular tunda shahardan yashirincha olib chiqilib, Rostov viloyatidagi o‘rmonlardan biriga yashirincha ko‘mib yuboriladi. Omma o‘sha qabriston qayerdaligi haqida SSSR parchalanib ketgach xabar topadi.

Foto: alamy.com

O‘shanda namoyishlar vaqtida 15 yoshli o‘g‘lidan ayrilgan ona hodisalarni shunday eslagandi:

“Menga o‘g‘lim namoyishchilarni o‘qqa tutishgan paytda halok bo‘lganini aytishdi. Shundan so‘ng shahar kengashiga bordim. U yerda Sorokin kotib edi. Unga o‘g‘limning tana tuzilishini ta’rifladim, “bo‘yi baland, o‘zi ozg‘in bola edi”. Sorokin menga “O‘zi nima xohlaysan?” dedi. Unga o‘g‘limning jasadini berishlarini aytdim. Shunda uning jazavasi qo‘zidi va “Bu yerda hech kim o‘q otmadi, hech kim o‘lmadi”. Sorokin shu gaplarni gapirayotganda yordamchilaridan biri kelib kafti bilan og‘zimni yopdi va meni gapirishga qo‘ymay tashqariga olib chiqdi. So‘ng shu holda harbiylarning oldiga olib keldi. U yerdan hech qanday ma’lumot ololmadim. Faqat ertaga keling deyishdi xolos. Ertasi kuni yana bordim. Sirotin meni do‘pposladi. So‘ng meni o‘sha yerdan to‘g‘ri ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib borib joylashtirishdi”.

Shimoliy Kavkaz harbiy okrugi ma’lumotlariga ko‘ra o‘shanda na harbiylardan, na militsiya va KGB xodimlaridan hech kim halok bo‘lmagan. Faqat 15 nafar harbiy o‘rta og‘irlikda, 40 nafari yengil jarohatlangan. Biroq bu halok bo‘lgan va yaralangan namoyishchilar, shuningdek jarohatlangan harbiylar Moskvadagi rahbarlardan yashirilgan.

Sud

Halok bo‘lganlar yashirincha ko‘mib yuborilgach KGB va militsiya qo‘lga olinganlarni tergov qilishni boshlab yuboradi. Ana shunday vaziyatda Moskvadan tergovni uzoq vaqtga cho‘zmasdan, ishni tezroq tugatish haqida buyruq olinadi.

Hibsga olingan namoyishchilar RSFSR Jinoyat kodeksining 77 va 79-moddalarida ko‘zda tutilgan banditizm va ommaviy tartibsizliklar uyushtirish hamda sovet hukumatini ag‘darishga urinishda ayblanadi.

1962 yil 13 avgustdan 20 avgustgacha Novocherkasskda ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Sudda 7 kishi oliy jazo – otuvga hukm qilinadi. 103 nafar odam esa 2 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi oladi.

Foto: forum.worldoftanks.ru

Shuningdek, namoyishlarning birinchi kuni odamlarni tarqatmaganlikda ayblanib general Shaposhnikov ham sud qilinadi. Uni qamashmaydi. Biroq kompartiya safidan haydashadi va ishdan bo‘shatishadi.

Shaposhnikovga qo‘yilgan ayblar 1988 yilda bekor qilinadi va u partiyaga tiklanadi. Bu paytda general nafaqaga chiqqani uchun ishga qayta olmasdi.

Hodisaning yashirilishi

Namoyish bostirilgach sovetlar bu hodisa tarqalib ketmasligi choralarini ko‘rishadi. Eng avval namoyishni bostirishda qatnashgan harbiylar va militsiya xodimlaridan hodisa haqida hech qayerda og‘iz ochmaslik bo‘yicha tilxat olishadi.

Tilxatda shunday yozilgandi:

“Men, Cherkassk shahar militsiyasi xodimi (shu joyda ism-sharif yozilgan) hukumat topshirig‘ini bajarish va bu haqdagi buyruqni davlat siri sifatida saqlash majburiyatini olganim haqida tilxat beryapman. Agar ushbu va’damni buzsam, oliy jazoga hukm qilishlariga – otib tashlashlariga roziman. 1962 yil 4 iyun soat 16:30”.

Shu tariqa Novocherkasskda sodir bo‘lgan hodisa barchadan yashiriladi. Biroq bu ishdan mamlakatdagi sovetlarga qarshi kishilar allaqachon xabar topgan, hodisa tafsilotlari ular orqali xorij OAVga yetib borgandi.

1962 yil oktyabr oyida AQShda chop etiladigan Time jurnalida Novocherkasskda sodir bo‘lgan fojia tafsilotlari chop etiladi. Bungacha Fransiya va Britaniyadagi bir nechta nashrlarda hodisa tafsilotlari qisqaroq yoritilgan edi.

Sovetlar Novocherkasskdagi hodisalarni hujjatlashtirib arxivlarga joylashadi. Biroq SSSR tarqab ketguncha arxiv KGB nazoratida bo‘lgan va ulardan foydalanishning iloji bo‘lmaydi.

1990 yilda esa Novocherkasskdagi fojialarga tegishli 8 tomli arxiv to‘satdan izsiz yo‘qoladi. Biroq bungacha harbiy prokuror Aleksandr Tretetskiy undan nusxa olishga ulgurgan edi.

Novocherkassk fojiasi qurbonlari ko‘mib yuborilgan joyda o‘rnatilgan yodgorlik
Foto: yabloko.ru

1992 yilda hujjatlar oshkor qilinadi va xalq 30 yil avval Novocherkasskda nimalar yuz berganidan xabar topadi.

1992 yilda Rossiya Bosh prokuraturasi Novocherkasskda odamlarning o‘qqa tutilishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atadi. Bu jinoyat ishida Nikita Xrushchyov, uning yordamchisi Anastas Mikoyan va SSSR ministrlar soveti raisi o‘rinbosari Frol Kozlov va yana 8 kishi ayblanadi. Ularning barchasi vafot etib ketgani uchun jinoyat ishi to‘xtatiladi.

Oradan bir necha yil o‘tgach 1996 yilda Rossiya prezidenti Boris Yelsin 1962 yilda Novocherkasskdagi fojia bo‘yicha maxsus farmon imzolaydi. Unga ko‘ra Novocherkasskdagi namoyishlar bo‘yicha odamlar nohaq ayblangan va jazolangan. Farmonda barcha jazolar bekor qilinadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid