Jahon | 17:59 / 14.04.2024
42255
10 daqiqa o‘qiladi

Isroil javob qaytarishni rejalashtirmoqda, AQSh qarshi. So‘nggi ma’lumotlar

Eron generallari agar Isroil tomonidan javob berilsa, yanada keng ko‘lamli zarbalar yo‘llash bilan tahdid qilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Eron 14 aprelga o‘tar kechasi Isroilga 120 ta ballistik, 30 ta qanotli raketalar, shuningdek 170 dan ortiq dronlar qo‘llagan holda hujum uyushtirgan, deb xabar berdi Isroil mudofaa armiyasi rasmiysi Daniel Hagari. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil havo hujumidan mudofaa tizimlari boshqa mamlakatlar, jumladan AQSh va Iordaniya yordamida havodagi nishonlarning qariyb 99 foiz qismini to‘xtatib qolgan. Hagarining tasdiqlashicha, Eron uchirgan 30 dan ortiq qanotli raketalardan 25 tasi Isroil hududiga kirishidan oldin urib tushirilgan, dronlardan hech biri Isroil hududigacha yetib kela olmagan. TsAHAL vakilining so‘zlariga ko‘ra, 120 dan ortiq ballistik raketalardan «atigi bir nechtasi» Isroail hududiga yetib kelgan, u mamlakat havo chegarasini buzib o‘tgan bunday raketalar soniga aniqlik kiritmagan.

Hujum besh soatdan ortiqroq vaqt davom etgan. Eron hujumi vaqtida Isroil shimoli va janubida, Iordan daryosining G‘arbiy sohili g‘arbida hamda Iordaniya bilan chegara yaqinidagi Negev sahrosini o‘z ichiga oluvchi O‘lik dengiz hududida havo trevogalari yangrab turgan. Isroil mudofaa armiyasi Suriya va Liviya bilan chegara yaqinidagi Jo‘lan tepaliklari, shuningdek janubdagi Nevatim, Dimona va Eylat shaharlari aholisidan boshpanalardan chiqmaslikni talab qilgan. Dimonada Isroilning asosiy yadroviy obekti, Nevatimda — yirik aviabaza joylashgan. Hujum vaqtida Quddusda ham portlash ovozlari eshitildi, ijtimoiy tarmoqlarda «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimi Quddusning eski shahar qismidagi Ibodatxona tog‘i hududida ishlayotgani aks etgan kadrlar tarqaldi.

Eronning raketa hujumi oqibatida Negev sahrosidagi Nevatim aviabazasi biroz shikastlangan, deb xabar qilgan Daniel Hagari. «Eron bazani safdan chiqarish va bu orqali bizning havodagi salohiyatimizni kuchsizlantirishga umid qilgandi, ammo bunga erisha olmadi. Harbiy-havo kuchlari samolyotlari hujum va mudofaa amaliyotlarini bajarish uchun bazadan foydalanishda davom etmoqda», — degan Hagari.

Taxminlarga ko‘ra, 1 aprel kuni Eronning Damashqdagi diplomatik missiyasiga hujum qilgan samolyotlar ushbu aviabazadan parvoz qilgandi, o‘shanda Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti zobiti, jumladan ikki general halok bo‘lgandi. Eron aynan o‘sha hujumga javoban Isroilga hujum uyushtirdi.

Eronning deyarli barcha raketalari hali uzoqdaligida, Suriya va Iordaniya hududlarida, jumladan ushbu mamlakatlar poytaxtlari Damashq va Oman hududida urib tushirilgan. Iordaniya o‘z havo kengliklarini Isroil harbiy-havo kuchlari foydalanishi uchun ochgan. Isroil mudofaa armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Erondan tashqari Iroq va Yaman hududidan ham raketalar uchirilgan, ammo ularning hech biri Isroil chegarasidan o‘tmagani aytilgan. Livan poytaxti Bayrut shahri va boshqa shaharlar aholisi osmonda raketalarni ko‘rgani va portlashlarni eshitgani haqida xabar qilgan, bu katta ehtimol bilan raketalar va dronlar tutib olinishi vaqtida ro‘y bergan. Qarorgohi Londonda joylashgan «Suriya inson huquqlarini monitoring qilish markazi» xabar qilishicha, Suriya havo hujumidan mudofaa kuchlari Isroil va ittifoqchilari Eron raketalarini tutib olishi jarayoniga to‘sqinlik qilishga uringan.

Bundan tashqari, 14 aprel tongida Livan hududidan o‘nlab raketalar uchirilgan, TsAHAL ma’lumotiga ko‘ra, bu hujum oqibatida jarohatlanganlar yo‘q. «Hizbulloh» Isroilning Jo‘lan tepaliklaridagi harbiy obektiga hujum qilgani haqida xabar bergan (bu hujumdan qanday zarar yetkazilgani haqida ma’lumot yo‘q). Isroil samolyotlari bunga javoban «Hizbulloh»ning butun Livan bo‘ylab pozitsiyalariga zarba berdi. Livan nashrlariga ko‘ra, Isroil mamlakat janubidagi hududlarga aviazarbalar yo‘llagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eron hujumidan keyingi ilk bayonotida hujum qaytarilgani haqida rasman ma’lum qildi. «Biz tutib qoldik. Biz blokladik. Birgalikda g‘olib bo‘lamiz», — deya yozgan u X (sobiq tvitter) tarmog‘idagi sahifasida. Isroil mudofaa armiyasi 14 aprel tongida mudofaa amaliyoti davom etayotgani, harbiylar navbatdagi hujumlarga tayyor ekanini xabar qildi.

Eron hujumi oqibatida yosh qiz og‘ir yaralangan, deb xabar bergan TsAHAL vakili. OAVda tarqalgan dastlabki xabarlarda bu o‘n yoshli o‘g‘il bola ekani aytilgandi, ammo keyin rasmiylar bu yetti yoshli qiz  ekani haqida xabar oldi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, u Isroil janubida badaviylar yashovchi Arada shahri hududiga raketa parchalari tushishi oqibatida jarohatlangan

Isroil Tez yordam xizmati («Magen David Adom») ma’lumotiga ko‘ra, hujum tufayli 31 kishi yordam so‘rab murojaat qilgan, ular bombapanagohga borish chog‘ida yengil tan jarohatlari olishgan yoki stressni boshdan kechirgan.

Yopirilma hujumni qaytarishda AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya kuchlari ham ishtirok etdi, deb xabar qildi TsAHALdagilar. AQSh prezidenti Jo Bayden Vashingtonda Amerika qo‘shini Isroilga «deyarli barcha» dronlar va raketalarni urib tushirishda yordam ko‘rsatganini aytdi. Bayden AQSh o‘tgan haftada Isroilni qo‘llab-quvvatlash uchun samolyotlari va esminetslarini Yaqin Sharqqa olib borganini ma’lum qilgan. AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin esa Amerika kuchlari «Eron, Iroq, Suriya va Yamandan uchirilgan hamda Isroil tomon borayotgan o‘nlab dronlar va raketalarni tutib olgani»ni aytgan. CNN ma’lumotiga ko‘ra, AQShning Yaqin Sharqdagi havo hujumidan mudofaa tizimlari 70 dan ortiq pilotsiz uchish qurilmalari va kamida uchta ballistik raketani to‘xtatgan.

Isroil hukumati Eronga javob hujumini amalga oshirishga tayyorlanmoqda, ammo bu qanday ko‘lamda bo‘lishi — hozircha noma’lum. CNN telekanali isroillik anonim mulozimlardan biriga tayanib xabar berishicha, javob variantlari bugun Isroil harbiy kabineti yig‘ilishida muhokama qilinadi.

Ynet nashri yozishicha, ehtimoliy ssenariylardan biri Eron yadroviy obektlariga «zarar yetkazish» bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, manbaning aytishicha, hozirda isroillik harbiylar va siyosatchilar vaziyatni keskinlashtirmaydigan javob ishlab chiqish ustida ishlamoqda. Portal AQSh ham Isroilni Eronga hujum qilmaslikka undayotganini qo‘shimcha qilgan. Avvalroq Axios o‘z manbasiga tayanib AQSh Isroilning Eronga har qanday qarshi hujumini qo‘llashdan bosh tortishi haqida xabar bergandi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Jo Bayden bu haqda 14 aprelga o‘tar kechasi o‘tkazilgan telefon muloqoti chog‘ida Binyamin Netanyahuga ma’lum qilgan. Vashington Isroilni Eronga javob zarbasi haqida oldindan ogohlantirishni so‘ragan.

Eronning hujumi kutilayotgan vaqtda Isroilda maktablarda darslar bekor qilingan, shuningdek ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilishga cheklovlar o‘rnatilgandi. Hujum boshlanganida Isroil o‘z havo kengliklarini yopdi va faqat ertalabki soat 7 ga kelib bu cheklov bekor qilindi. Butun mamlakat bo‘ylab jamoat bombapanagohlari ochiq qolmoqda.

Eron Isroilni tungi hujumdan keyin bundan ham kengroq ko‘lamda hujum qilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bu haqda xabar bergan Reuters agentligiga ko‘ra, Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Muhammad Bag‘iriy davlat televideniyesiga bergan intervyusida aytib o‘tgan. «Agar Isroil Eronga javob choralarini amalga oshirgudek bo‘lsa, bizning javobimiz yanada kengroq ko‘lamda bo‘ladi», — degan Bag‘iriy. U Eron tungi hujum vaqtida Isroilning ikkita harbiy bazasiga zarba berganini aytgan. «Bizning amaliyotimiz yakunlandi va biz uni davom ettirmoqchi emasmiz», — degan u. Bag‘iriy Tehron Shveytsariya orqali AQShni agar Vashington Isroilning javob zarbasiga yordam bergudek bo‘lsa, Amerikaning mintaqadagi bazalari harbiy nishonga aylanishi mumkinligidan ogohlantirgani haqida aytgan. Undan avvalroq Eronning BMTdagi missiyasi AQShni mojarodan «nariroq bo‘lish»ga chaqirgandi.

Associated Press guvohlarga tayanib xabar berishicha, Eron poytaxti Tehronda yakshanba kuni ertalabdan benzin quyish shoxobchalarida ulkan navbatlar hosil bo‘lgan.

Jahonning yetakchi mamlakatlari BMTda Eron hujumini qoraladi. Fransiya Eron «harbiy eskalatsiya keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgani»ni bildirdi, Buyuk Britaniya hujumni «mulohazasizlik» deb atadi, Germaniya esa Eron va uning tarafdorlari «zudlik bilan bas qilishi lozimligi»ni uqtirdi. Xitoy tomonlarni «xotirjamlik va vazminlikni saqlash»ga chaqirgan. Rossiya «mintaqadagi yana bir eskalatsiya xavfidan xavotir bildirgan».

Isroil Eron hujumi tufayli BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirgan. Uchrashuv Nyu-York vaqti bilan soat 16:00 da (Toshkent vaqti bilan 15 aprel kuni 01:00 da) boshlanadi.

Mavzuga oid