G7 vazirlari Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarni muhokama qildi
«Katta yettilik» Rossiyani Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatishga va shu orqali jahon iqtisodiyoti uchun beqarorlikning asosiy manbasini yo‘q qilishga chaqirdi.
Ukrainadagi urush yoki Isroilning Yaqin Sharqda HAMAS tashkilotiga qarshi operatsiyasi kabi geosiyosiy mojarolar jahon iqtisodiyoti uchun katta xavf tug‘diradi. Xususan, ular savdo, global ta’minot zanjiri va tovar narxlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqda G7 davlatlarining 17 aprel, chorshanba kuni kechqurun Vashingtonda bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik»ka a’zo mamlakatlar moliya vazirlari va markaziy banklari rahbarlarining uchrashuvidan so‘ng e’lon qilingan qo‘shma bayonotida aytiladi.
Rossiyaning muzlatilgan aktivlari haqida
Uchrashuv ishtirokchilari Moskvani Ukrainadagi urushni tugatishga chaqirdi, u jahon iqtisodiyoti uchun beqarorlikning muhim omili hisoblanadi. Shu bilan birga, Rossiyaning g‘arbda muzlatib qo‘yilgan aktivlari bloklanganligi va ulardan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanishning qonuniy imkoniyatlarini tekshirishda davom etishi ta’kidlangan.
«Biz Rossiya Ukrainaga yetkazgan zarari uchun tovon to‘lashiga erishish uchun qat’iy ekanimizni tasdiqlaymiz. Yurisdiksiyamizdagi Rossiya suveren aktivlari hozircha tegishli huquqiy tizimlarimizga muvofiq harakatsiz bo‘lib qoladi», — deya G7 bayonotidan iqtibos keltirgan Reuters.
Avvalroq, 17 aprel kuni AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyyemo taxminan 300 milliard dollarga baholangan, muzlatilgan Rossiya aktivlari masalasi bo‘yicha G7 muhokamalari hali ham «davom etayotganini» tasdiqladi.
Aprel oyi o‘rtalarida Halle-Vittenbergdagi Martin Lyuter universitetining xalqaro iqtisodiy huquq professori Kristian Titjye DW nashriga bergan intervyusida Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilishda Yevropa Ittifoqining cheklangan pozitsiyasini to‘g‘ri deb bilishini ta’kidladi. Ekspert fikricha, bu cheklov «qonun ustuvorligi tamoyillarining namoyonidir». «Biz muhokama qilayotgan mavzu nuqtayi nazaridan moliya bozorlari barqarorligi qonun ustuvorligiga bog‘liq va shuning uchun kimningdir mulkini olishga osonlik bilan qaror qilmaslik kerak, hatto gap tajovuzkorga tegishli davlat mulki haqida ketayotgan bo‘lsa ham», dedi u.
G7 Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida
Isroilning HAMASga qarshi urushi bo‘yicha, G7 vakillari G‘azo sektori tinch aholisiga gumanitar yordam yetkazib berishni kengaytirish tarafdori ekani ta’kidlandi. Yaqin Sharqda zudlik bilan va uzoq muddatli sulhga erishish, shuningdek, garovga olinganlarni ozod qilish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirish zarur, deya ma’lumot berdi G7.
Shu bilan birga, Vashingtondagi yig‘ilish ishtirokchilari Eronning yaqinda Isroilga amalga oshirgan keng ko‘lamli havo hujumini qoralab, Islom Respublikasining qurol ishlab chiqarish va sotib olish, shuningdek, ularni mojaro hududlariga yetkazib berish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligini ta’kidladi.
«Katta yettilik»ka AQSh, Kanada, Yaponiya, Britaniya, shuningdek, Germaniya, Fransiya va Italiya kiradi. Ayni paytda, Rossiya va Xitoyni o‘z ichiga olgan G20 guruhida hozirgi geosiyosiy mojarolarga munosabat munozarali bo‘lib turibdi, deya eslatadi Reuters.
G7 moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlarining Vashingtondagi uchrashuvi G20 moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlarining 17 aprelda boshlangan va 18 aprelda yakunlanadigan uchrashuviga parallel ravishda o‘tkazildi. «Katta yettilik» va «Katta yigirmatalik» moliya vazirlari va markaziy banklari rahbarlarining uchrashuvlari Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon banki boshqaruv organlarining Vashingtonda o‘tadigan bahorgi sessiyasiga to‘g‘ri keldi.
Mavzuga oid
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024
Zalujniy: «Xush kelibsan, uchinchi jahon urushi»
16:43 / 21.11.2024
Rossiya Ukrainaga qit’alararo ballistik raketa bilan hujum qildi - UHK
15:39 / 21.11.2024