Jahon | 16:43
23279
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaga qit’alararo ballistik raketa bilan hujum qildi - UHK

Rossiya Qurolli kuchlari 21 noyabr kuni tongda Dnepropetrovsk oblastiga bir necha xil raketalar, xususan qit’alararo ballistik raketa bilan zarba berdi, deya ma’lum qildi Ukraina havo kuchlari. Bu – tarixda ilk marta qit’alararo ballistik raketadan harbiy maqsadlarda foydalanish holati bo‘ldi. Moskva bu ma’lumotni hozircha izohlamadi.

Foto: Ukraina favqulodda vaziyatlar xizmati

Telegram kanallarda tarqalgan videolarga ko‘ra, raketa havoda oltita jangovar kallaklarga bo‘linib, harbiy texnikalarni ta’mirlovchi “Yujmash” zavodiga tushgan va uni butunlay vayron qilgan.

Mahalliy nashrlarning qayd etishicha, zavodda AQShning urushda zarar ko‘rgan Bredli piyodalar jangovar mashinalari va Germaniyaning Leopard tanklari ta’mirlanayotgan bo‘lgan.

Ukrain tomoniga ko‘ra, ballistik raketaga yadro bombasi joylanmagan bo‘lsa-da, ko‘p miqdorda – taxminan bir necha o‘n tonnalik an’anaviy kallakdan foydalanilgan. Dneprga, shuningdek, Kinjal aeroballistik raketasi va yettita X-101 qanotli raketalari ham uchirilgan bo‘lib, oltita X-101 raketasi havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan urib tushirilgan. 

Monitoring guruhlarining bildirishicha, rossiyalik harbiylar RS-26 “Rubej” ballistik raketasini Astraxan oblastidagi Kapustin Yar poligonidan (Qozog‘iston chegarasiga yaqin) uchirgan. Bunday tipdagi raketani faqat AQShning THAAD havo hujumidan mudofaa tizimi tutib qolishi mumkin, lekin bu tizim Ukrainda mavjud emas.

50 tonnalik qurol Ukraina hududiga uchib kelgunga qadar 5 daqiqadan kamroq vaqt sarflagani aytilmoqda.

Ushbu hujum AQSh tomonidan Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat berilgani ortidan ro‘y berdi. Bu ruxsat olingach, Ukraina 19 noyabr kuni ilk bor Rossiya hududiga, Bryansk oblastiga ATACMS zarbasini yo‘lladi. 20 noyabr kuni esa ukrainalik harbiylar Britaniyaning Storm Shadow raketalari bilan Kursk oblastiga hujum qilindi.

Kecha, 20 noyabr kuni Kiyevdagi xorijiy davlatlar elchixonalari, jumladan AQSh elchixonasi ehtimoliy raketa hujumlari xavfi tufayli o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi.

G‘arb ekspertlari Ukrainaga doimiy aviazarbalar berilayotgani fonida AQShning alohida ogohlantirishini noodatiy deb atagandi.

Hozircha Rossiya ballistik raketadan foydalangani borasida biror rasmiy ma’lumot bermadi. Biroq 21 noyabr kuni Rossiya TIV so‘zchisi Mariya Zaxarovaning odatiy brifingida qiziq holat yuz berdi: brifing vaqtida Zaxarovaga noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, undan qit’alararo ballistik raketa otilgani masalasida izoh bermaslikni talab qildi. Zaxarovaning telefondagi suhbati bu vaqtda kameralarga yozib olingan.

Mavzuga oid