Jahon | 21:51 / 18.04.2024
12350
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyga suiqasd uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rgan polyak hibsga olindi

Ukraina xavfsizlik xizmati prezident Zelenskiyga suiqasd uyushtirishda yordam berishni taklif qilgan polyak hibsga olinganini e’lon qildi. 

Foto: president.gov.ua

Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) va Polsha huquq-tartibot idoralari xodimlari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga suiqasd uyushtirishda yordam berishni taklif qilgan «Rossiya agenti»ni qo‘lga oldi. Bu haqda UXX va Bosh prokuratura xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, gumonlanuvchi Polsha fuqarosi bo‘lib, Rossiya harbiy razvedkasi bilan hamkorlik qilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkak Polshaning Jyeshuv-Yasyonka aeroportida xavfsizlik choralari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plashi va uni Moskvaga topshirishi kerak edi. Bu, o‘z navbatida, Zelenskiyning Polshada bo‘lgan vaqtida unga suiqasd uyushtirishni rejalashtirishga yordam berardi, deb hisoblamoqda UXX. 

Ukraina bu ma’lumotni polshalik hamkasblariga yetkazdi va erkak hibsga olindi. Unga Polsha Jinoyat kodeksining «xorijiy razvedkaga berish maqsadida Polshaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash yoki saqlash» moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. 18 aprel kuni Varshava sudi uni hibsga oldi. Tergov ishlari Respublika ichki xavfsizlik boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda. 

2023 yil noyabrida Zelenskiy keng ko‘lamli jangovar harakatlar boshlanganidan beri kamida beshta suiqasddan omon qolganini aytdi. 

2022 yilda Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva Zelenskiyni o‘ldirish rejalari haqidagi xabarlarni rad etishini aytgan edi.

Mavzuga oid