"O‘zbekiston–Tojikiston ittifoqchiligi global geosiyosiy ehtiyoj” – tahlilchi
O‘zbekiston xalqaro maydonda ikki ittifoqchi va 14 strategik sheriklarga ega. 18 aprel prezident Mirziyoyevning Tojikistondagi oliy darajadagi uchrashuvlari chog‘ida ittifoqchilik kelishuviga erishildi. Bu esa tashqi siyosatdagi muhim nuqtalaridan biri va tabiiyki, tahlil qilishga chorlaydi. Biz esa ushbu mavzuni tahlil qilish uchun Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha bir qancha ilmiy izlanishlar qilgan siyosiy tahlilchi Sherzod Ziyayevga yuzlanamiz.
— Ittifoqchilik shartnomasi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ma’no beradi?
— O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida aloqalar so‘nggi yillarda dinamik xarakterda bo‘lib, ular tobora bir-biriga yaqinlashib bormoqda. O‘zbekiston uchun Tojikiston muhim bir strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mamlakat, xuddi shunday Tojikiston uchun ham O‘zbekiston ulkan ahamiyatga ega mamlakat sifatida e’tirof etilmoqda. Biz buni qator tashriflardan va tomonlar o‘rtasidagi uchrashuvlar, biznes forumlari, rektorlar forumlari va madaniy aloqalardan xam bilishimiz mumkin.
Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma kamdan kam davlatlar o‘rtasida imzolanadi. Bu xalqaro munosabatlardagi, ya’ni tomonlar o‘rtasidagi eng yuqori bosqichlardan biri va albatta, tarixiy bir davrini boshlab berdi. Aslini olganda mamlakatlarimiz xalqlari buni asrlar mobaynida kutgan va asrlar mobaynida bu xalqlar umumiy tarixga va qadriyatlarga, rishtalarga ega mamlakatlar sifatida qaraladi. Bugungi xalqaro vaziyat shuni taqozo etmoqdaki, mamlakatlar, ayniqsa, kichik va o‘rta hajmga ega bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikiston kabi mamlakatlar o‘zaro siyosiy sa’y-harakatlarni birlashtirishni taqozo etmoqda. Ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnoma, birinchi navbatda, bu siyosiy shartnomadir. Ya’ni siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zaro qiyin davrlarda bir-birini qo‘llashga majbur bo‘lgan bir holatni o‘zida aks ettiradi.
Ko‘ryapmizki, kichik mamlakatlarga har tomonlama, iqtisodiy, geosiyosiy bosimlar oshib borayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Global siyosiy vaziyat va mamlakatlarning ichki ehtiyojlari shuni talab qilyapti. Necha yillar mobaynida bu mamlakatlar va yashayotgan xalqlar buni orzu qilgan. Ularning turmush tarzi, madaniyati, mentaliteti, qadriyatlari, orzu intilishlari — hammasi judayam uyg‘un bir biriga. Mamlakat liderlari buni tushunib yetdi va ular tarixiy vazifani ado etishmoqda.
— Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlarining iqtisodiy bog‘liqligi qay darajada va qaysi sohalarni qamrab oladi?
— O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalarda 2016 yildan keyingi davrni biz ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, juda katta sakrash bo‘ldi. Avvalo chegara muammolari hal qilindi mamlakatlar o‘rtasida va xavfsizlik bilan bog‘liq yoki savdoga to‘siq bo‘layotgan ayrim muammolar deyarli yechildi. O‘zbekistonning Tojikiston munosabatlari Markaziy Osiyo mintaqaviy siyosatining bir ajralmas qismi hisoblanadi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligi ham muhim hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Prezident Imomali Rahmon, prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro minbarlarda, BMT sessiyalarida va boshqa xalqaro tuzilmalarda ham mintaqa manfaatlarini ilgari surishyapti. O‘ylaymanki, uzoq yillar mobaynida hal qilinmagan qator vazifalar bugun amalga oshmoqda. Buni jamoatchilik ham, biznes vakillari ham tushunib yetmoqda. Prezidentlar bu vazifani to‘liq anglagan holda, istiqbolli bir qator maqsadlarni ilgari surishda. Tomonlar o‘rtasidagi va umuman Markaziy Osiyodagi barqarorlik, barqaror taraqqiyot, savdo-sanoat, transport, logistika imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi deb o‘ylaymiz.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida oxirgi yillarda savdo hajmi 40 foizga oshdi, bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalari hajmini 2 milliardga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi va bunga erishish mumkin. Mamlakatlar iqtisodiyotlari bir birini to‘ldirishi mumkin, shu jumladan, ikki tomonlama ayirboshlashda O‘zbekistonning Tojikistonga eksporti 80 foizni, import 20 foizni tashkil qiladi. Tojikiston tomoni uchun eksportni ko‘paytirish imkoniyati mavjud, chunki shunday salohiyat bor. Turizm sohasida, madaniyat, ilm-fan sohasida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha yoki savdo tijorat rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha, yuqori texnologiyalar, neft gaz qazib chiqarish, ayrim og‘ir sanoat tarmoqlarini rivojlantirishda ham mamlakatlarning potensiali yuqori ekani oxirgi uchrashuvlarda baholanmoqda. O‘ylaymizki, buni ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari mavjud.
— O‘zi qaysi sohalarni qamrab oladi O‘zbekiston–Tojikiston savdo aloqalari? Umuman, munosabatlar qaysi sohalarga asoslanadi?
— O‘zbekiston–Tojikiston munosabatlarining muhim yo‘nalishlari sifatida birinchi navbatda bu mamlakatlarning siyosiy hamkorligi, xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha birdamligi. Chunki muloqotlar bu xalqaro hamkorlikni va tashqi siyosiy jarayonlarni muvofiqlashtirishni taqozo etmoqda.
Bundan tashqari, dunyodagi geoiqtisodiy vaziyat, Ukraina va G‘azodagi shu og‘ir vaziyatdan keyin o‘rta va kichik mamlakatlar sifatida Tojikiston va O‘zbekiston mintaqaviy ichki imkoniyatlardan to‘g‘ri, unumli, ya’ni iqtisodiyotni barqarorlashtirishda foydalanmoqchi. Xalqaro sanksiyalar chetlab o‘tmayapti, to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmasa-da, bilvosita ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli yuqori. Shu nuqtai nazardan buni anglagan holda O‘zbekiston va Tojikiston tashqi importni to‘ldirish uchun har ikki mamlakat o‘zaro ya’ni ikki tomonlama salohiyatdan foydalanish masalalari ko‘rib chiqilgan va buni amalga oshirish mumkin. Bu birinchi navbatda sanoat kooperatsiyasi, logistika, savdo yo‘nalishlari yoki ilm-fan, texnika, metallurgiya, farmatsevtika, turizm, madaniyat kabi sohalar. Transafg‘on yo‘nalishida O‘zbekistonni dunyo okeaniga chiqishda ham Tojikiston imkoniyatlardan foydalanish mumkin yoki Xitoy orqali chiqishda.
Ekspert sifatida bunga ijobiy qarayman. O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligi nafaqat ikki mamlakatlar uchun, balki mintaqadagi boshqa qo‘shni o‘lkalar uchun ham namuna bo‘ladi, chunki deyarli hal qilinmagan chegara muammolari qolmadi. Shu nuqtai nazardan boshqa qator masalalar bor, masalan, Afg‘oniston masalasi bor, mintaqa xavfsizligi bilan bog‘liq va mintaqalararo logistika imkoniyatlar. Bu narsalar bor imkoniyatlarni ishga solishni taqozo etadi. Bunda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida, shuningdek, boshqa Markaziy Osiyo respublikalari yetakchilari darajasidagi maslahat uchrashuvlari ham muhim bir format hisoblanadi. Tomonlar bir-birini ham mintaqaviy darajada, ham global darajada qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu, albatta, o‘zining ijobiy natijasini beradi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo o‘zaro savdo ayirboshlashda birinchi navbatda Tojikiston tomoni O‘zbekistondan sanoat mahsulotlarini ko‘proq import qiladi. Savdo sohasida bizdan hab sifatida foydalanadi. O‘zbekiston ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini olishi mumkin yoki kundalik ehtiyoj mahsulotlarini olishi mumkin. Buni kengaytirish imkoniyati mavjud. Qator kelishuvlar imzolandi, 28 ta hujjat deyapmiz. Bu yanada foydalanilmagan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydi deb o‘ylayman.
— Oliy darajadagi uchrashuvlarda qanday masalalar muhokama qilindi?
— Juda keng qamrovli hamkorlikka olib keladigan jami 28 ta hujjat imzolangan. Birinchi navbatda bu sanoat hamkorligi, sanoat kooperatsiyasi, ishlab chiqarish hajmini oshirish, birgalikda qo‘shma yangi innovatsiyalarga asoslangan ishlab chiqarishga erishish. Kadrlar salohiyati va texnologiya, ilm-fan yutuqlaridan unumli foydalanish masalalari, madaniyat, turizm, savdo va birgalikdagi logistika masalalari. Masalan oziq-ovqat mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarib, uni xorijga eksport qilish mumkin. Inson resurslarini to‘g‘ri boshqarish va mintaqaviy xavfsizlik masalalari ham muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ya’ni idoralar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Savdo zonalarini tashkil qilish xam ko‘rildi.
Hududlar o‘rtasidagi sanoat hamkorligi va savdo hamkorligi mavjud. Chunki bizning tadbirkorlarimiz o‘zaro bu imkoniyatlarni ko‘ra biladi va hukumatlar buni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratib berishga huquqiy jihatdan, siyosiy jihatdan, sarmoyaviy nuqtai nazarda o‘zaro siyosatini muvofiqlashtirishga kelishib oldi. Bu mintaqaviy integratsiyani kuchaytirishga ham, mamlakatlarni ichki ehtiyojlarini qondirishga ham xizmat qiladi. Xalqaro bozor deyarli egallangan, logistika to‘siqlar bor, mintaqaviy xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar bor yoki standartlarga nisbatan siyosiy yondashuvlar ham mavjud. Qo‘shni mamlakatlarning buni hal qilish imkoniyatlari ancha yuqori. Chunki hududlar o‘rtasida umumiy bog‘liqlik, rishtalar bor, faqat biz buni kengaytirish uchun choralar ko‘rishimiz kerak.
O‘zbekiston delegatsiyasining Tojikistonga tashrifi mobaynida bu masalalarni vazirlar darajasida, turli idoralar darajasida, hatto hududlar, hokimliklari o‘zlari hal qilyapti, to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabat, iqtisodiy savdo yoki ta’lim sohasida hamkorlikni bevosita amalga oshiryapti. Bu ancha yuqori bosqichga ko‘taradi va mamlakatlarning umumiy rivojlanishiga va barqarorlikka xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holatiga doir ayrim qo‘shimchalarni aytib o‘tishimiz kerak. Bu birinchi navbatda mintaqaviy rivojlanish bilan bog‘liq va mintaqaviy xavf-xatarlar, chaqiriqlar. Bu ham O‘zbekiston uchun, ham Tojikiston uchun. Oziq-ovqat xavfsizligi, energetika muammolari, yashil texnologiyalar, mintaqa xavfsizlik, chegaralar xavfsizligi masalalari bor.
Tojikiston bilamiz katta suv resurslariga ega, lekin Tojikistonning infratuzilmasi va ayrim geografik joylashuvi bilan bog‘liq muammolar bor, ya’ni dunyo okeaniga chiqishda ham mintaqaviy yopiqligi harakterga ega bo‘lgan bir mamlakat. Ammo O‘zbekiston bunga katta imkoniyat ochib berishi mumkin. O‘zbekiston uchun ham muhim bu. Chunki biz Markaziy Osiyo o‘rtasida joylashganmiz, O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyodagi barcha davlatlardagi vaziyat barqaror bo‘lishi muhim. Strategik qarorlar qabul qilinayotgani energetika, oziq-ovqat masalalari bo‘yicha katta imkoniyatlar ochib beradi. Masalan, birgalikda ayrim muammolarni, suv muammooarini hal qilish mumkin. Ya’ni o‘zaro muvofiqlashtirish jarayonida bunga erishsa bo‘ladi. Ayrim muhim muammolar mintaqaviy hamkorlikka bog‘liq, ya’ni bitta mamlakatning qo‘lidan kelmaydi. Masalan, Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanali yoki boshqa muammolar bor: logistika, chegara xavfsizligi.
Bunday jarayonlarda mamlakatlar aynan mintaqaviy manfaatlarni ilgari surgan holda o‘zaro strategik qaror qabul qilishi kerak. Birgalikdagi umumiy kollektiv qarori hal qiluvchi rol o‘ynaydi va bu mamlakatlarimizning umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi deb ishonamiz.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
16:34 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani yosh bolalar xivchin bilan savalangani aks etgan videoga munosabat bildirdi
12:26 / 15.11.2024
Rog‘un GESdagi avariya oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024