Jahon | 07:21 / 20.04.2024
6808
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning chegaraoldi hududlariga dronlar hujum qildi, qurbonlar bor

Belgorod viloyatida dronlardan portlovchi moslamalar tushishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, deya ma’lum qildi viloyat gubernatori hujumda Ukraina Qurolli kuchlarini ayblab. UUA hujumlari Rossiyaning boshqa bir qancha chegaradosh hududlarida ham qayd etilgan.

Foto: AP

Belgorod viloyatida dron hujumi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 20 aprel, shanbaga o‘tar kechasi viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov bayonot berib, hujumda Ukraina Qurolli kuchlarini aybladi.

«Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Grayvoronskiy shahar okrugidagi Poroz qishlog‘iga ikkita portlovchi moslamaning tushishi natijasida ikki nafar tinch aholi vakillari halok bo‘ldi - son suyagi singan holda yotgan ayol va unga g‘amxo‘rlik qilayotgan erkak. Marhumning o‘g‘li so‘nggi lahzada yonayotgan uydan qochib chiqishga muvaffaq bo‘ldi», — deb yozdi Gladkov o‘zining Telegram-kanalida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, xususiy uy va molxona to‘liq yonib ketgan, yana bir turar joy binosi jiddiy shikastlangan. 

Rossiyaning yana bir qancha chegaradosh viloyatlari rasmiylari dron hujumlari haqida xabar berdi 

Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomazning ma’lum qilishicha, 20 aprelga o‘tar kechasi mintaqa uzra oltita dron urib tushirilgan. Vigonichi tumanida bunday uchuvchisiz uchoqlardan biri qulaganida, «energetika infratuzilmasi obekti yonib ketdi», deya qo‘shimcha qildi Bogomaz tafsilotlarni keltirmasdan. ASTRA Telegram-kanalining yozishicha, Vigonichida dron zarbasidan keyin nimstansiya yonmoqda. 

Kaluga viloyati gubernatori Vladislav Shapshaning so‘zlariga ko‘ra, viloyatning Maloyaroslavets tumanidagi elektr nimstansiyasi hududida UUA portlashi natijasida energetika infratuzilmasi «biroz zarar ko‘rgan». 

Smolensk viloyati gubernatori Vasiliy Anoxin Ukraina uchuvchisiz uchoqlari tomonidan mintaqaga hujum qilishga urinilgani, natijada yonilg‘i-moylash materiallari solingan konteyner yonib ketgani haqida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi ochiq olovni bartaraf etmoqda, jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilmoqda.

Kursk viloyati gubernatori Roman Starovoyt mintaqa osmonida Ukrainaning ikkita uchuvchisiz uchog‘i yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

Rossiya Odessa va Sumiga raketa zarbalari berdi

Bir kun oldin, 19 aprel kuni Rossiya Odessa yaqinidagi Yujniy portiga raketa hujumini amalga oshirdi. Natijada Osiyo va Afrika mamlakatlariga eksport qilish uchun mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yo‘q qilindi, deb xabar berdi Kiyev. Ularning qo‘shimcha qilishicha, keng ko‘lamli urush davrida bu Odessa viloyatidagi port infratuzilma obektlariga Rossiyaning 39-hujumidir. Ushbu hujumlar natijasida 215 ta obekt zarar ko‘rgan va qisman vayron qilingan, 26 nafar tinch aholi jabrlangan.

19 aprel kuni kechqurun Rossiya Sumi shahridagi fuqarolik infratuzilmasiga ham raketalar bilan hujum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q, deb xabar qildi Sumi viloyati harbiy boshqarmasi. 

Mavzuga oid