Jahon | 18:54 / 25.04.2024
11743
13 daqiqa o‘qiladi

Chasiv Yar mudofaasidagi dronlar rotasi va Sankt-Peterburgdagi qurollar ko‘rgazmasi. Urush suratlari

Ukrainada urushning 791-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga harbiy yordam to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
  • Reuters xabariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga katta masofaga harakatlanuvchi ATACMS raketalarini maxfiy ravishda yetkazib bergan. Ukraina qurolli kuchlari allaqachon ularni Qrimdagi aerodromga zarba berishda qo‘llagan.
  • «Vajniye istorii» jurnalistlariga ko‘ra, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov davlatga xiyonatda gumonlanmoqda.
  • Davlat dumasida diversiya to‘g‘risidagi modda bo‘yicha qamoq muddatini 35 yilgacha oshirish taklif etildi. Hukumat buni qo‘llab-quvvatlamoqda.
  • Konstantin Kochanov Moskva ko‘chalarida bir necha xoch suratlarini chizgan. Tergov izolyatorida unga davlatga xiyonatda ayblash bilan tahdid qilingan. Ammo tergovchining xatosi tufayli u Rossiyani tark etishga muvaffaq bo‘lgan.

Ukraina QK zarbdor dronlar rotasi

Qo‘sh ataman Ivan Sirko nomidagi 92-alohida shturm brigadasi tarkibida CODE 9.2. nomli pilotsiz uchar qurilmalar rotasi harakatlanadi. U RF qo‘shinlarining Ukrainaga bosqini boshlanishidan ko‘p o‘tmay tashkil etilgandi. Hozirda rota jangchilari Rossiya qo‘shini oldinga yurishga harakat qilayotgan Donetsk oblastida xizmat qilmoqda. CODE 9.2. ishi tasvirlangan fotosuratlar 24 aprel kuni olingan.

CODE 9.2 faoliyatini razvedkachi vzvod sifatida boshlagan, deb hikoya qiladi rota jangchisi, «Ded» chaqiruv belgisiga ega Ondriy o‘z intervyusida. 2022 yilda, uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bo‘linma jangchilari hududni piyoda kezib, razvedka bilan shug‘ullangan, ba’zida raqib bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarga kirishgan
Alex Babenko / AP / Scanpix / LETA
«2022 yil oxiridan biz osmonda ishlashga o‘tdik. Piyoda razvedka o‘rnini havo orqali razvedka egalladi, biz biz e’tiborimizni diversiya vazifalariga qaratib, dushmanga zarba bera boshladik», — deydi «Ded». Dronlar harbiy harakatlar hududida o‘z samaradorligini namoyish etgach, pilotsiz uchish apparatlarining alohida vzvodini tashkil etishga qaror qilingan, deydi u
Alex Babenko / AP / Scanpix / LETA
Rota vagnerchilar tomonidan shturm qilingan Baxmut atrofiga tashlandi, deydi «Ded». Bo‘linma oldiga «Chasiv Yar — Xromove — Baxmut» yo‘lini mudofaa qilish vazifasi qo‘yilgan, o‘shanda bu yo‘l Ukraina qurolli kuchlarining ushbu yo‘nalishdagi asosiy ta’minot yo‘li edi. «Va biz bu ishni bajardik», — deydi u va rota Rossiyaning ko‘p miqdordagi texnikalari va yollanma jangchilarini yo‘q qilganini qo‘shimcha qilgan.
Alex Babenko / AP / Scanpix / LETA
May oyida Baxmut rossiyaliklar tomonidan egallanadi. Ukraina harbiylari, jumladan CODE 9.2 jangchilari Baxmut atrofida himoyalanishni davom ettirmoqda, RF qurolli kuchlari bu yo‘nalishda yana yurish qilishni boshlagan. 24 aprel kuni Baxmutdan bir necha kilometr masofada olingan fotoda — CODE 9.2 rotasining «Mamay» laqabli jangchisi aks etgan.
Alex Babenko / AP / Scanpix / LETA
«Mamay» jangovar topshiriqdan qaytgan razvedka dronini ushlab olmoqda
Alex Babenko / AP / Scanpix / LETA

Kupyansk atrofidagi ukrain artilleriyachilari

Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahri atrofida ham ukrainalik harbiylar Rossiya armiyasi hujumlarini qaytarmoqda. Ular orasida knyaz Roman Velikiy nomidagi 14-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi ham bor. Ukraina QKning bu bo‘linmasi 2015 yilda tashkil etilgan va Donetsk oblastidagi jangovar topshiriqlarni bajarib, janglarda kamida 76 jangchisidan ayrilgan. 2024 yil fevralida 14-alohida mexanizatsiyalashgan brigadaning qo‘mondonlik punktiga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tashrif buyurgandi. «Barcha ukrainlar, butun Ukraina nomidan siz har kuni shunday hajmdagi ishlarni amalga oshirayotganingiz, davlatni, oilalarimizni, mustaqilligimizni, suverenitetimizni himoya qilayotganingiz uchun rahmat», — degandi u jangchilarni mukofotlar bilan taqdirlar ekan.

14-alohida mexanizatsiyalashgan brigadada boshqa qurollar qatori BM-21 «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimi ham bor
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA

Ukrain artilleriyachilarining Chasiv Yar atrofidagi pozitsiyasi

Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Chasiv Yar shahrini ham egallashga harakat qilmoqda — bu frontning mazkur uchastkasidagi strategik muhim nuqta sanaladi. The Wall Street Journal nashri 24 aprel kuni shahardagi ukrain mudofaachilari nimalar bilan to‘qnashishiga to‘g‘ri kelayotgani haqida material e’lon qilgan. Nashrning yozishicha, ukrainalik harbiylar ittifoqchilardan, birinchi navbatda AQShdan umid qilmoqda, ushbu mamlakat kongressi yarim yil o‘tib baribir Ukraina uchun harbiy yordam paketini ma’qulladi. Ammo, nashrga intervyu bergan harbiy ekspert, iste’fodagi avstraliyalik general-mayor Mik Rayanning aytishicha, shahar uchun olib borilgan ko‘p oylik janglar, xuddi Baxmut bilan bo‘lgani kabi, Ukraina uchun Rossiyaga qaraganda qimmatroqqa tushadi. Uning hisoblashicha, Ukraina hukumati «ayrim murakkab siyosiy qarorlar»ni qabul qilishiga to‘g‘ri keladi. «Siz hududni ushlab turasiz va ko‘plab hayotlarni qurbonlik qilasizmi? Yoki hududdan voz kechib, armiyani saqlab qolasizmi? Ular shunday pozitsiyada turibdi», — deb hisoblaydi u.

Ukraina uchirayotgan bitta artilleriya snaryadiga Rossiya 10 ta bilan javob qaytarmoqda va jangchilar kuchlar nisbati borgan sari yomonlashayotganini aytmoqda, deyiladi maqolada. Chasiv Yardan sharqdagi dalalar va qishloqlar bo‘ylab o‘tuvchi front chizig‘ida rossiyaliklar og‘ir yo‘qotishlarga uchramoqda, ammo to‘xtovsiz ravishda oldinga intilmoqda, deya yozadi WSJ. Bu suratda va quyidagi suratlarda — Ukraina qurolli kuchlarining Chasiv Yar ostonasida mudofaani ushlab turgan 22-alohida mexanizatsiyalashgan brigada jangchilari aks etgan
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrain qo‘shini, deyiladi maqolada, oylar davomida holdan toygan va inson resurslarining o‘tkir yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda. Odamlar yetishmasligi tufayli ko‘plab harbiylar rotatsiya bo‘yicha ko‘zda tutiladigan besh kun o‘rniga front chizig‘ida 10-15 kungacha qolib ketmoqda. Bu vaqt mobaynida jangchilarda oziq-ovqat, ichimlik suv va dori-darmonlar tugab qolmoqda.
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA
„Dronlar front chizig‘iga yangi kuchlarni eltuvchi transport vositalarini ta’qib etadi. Qutqarilishi mumkin bo‘lgan yarador jangchilar evakuatsiyani kuta-kuta jon beradi, chunki ulargacha yetib boradigan odam yo‘q, deb yozadi WSJ. „Hatto komandirlarimiz ham biz bilan birgalikda pozitsiyada turibdi, chunki odamlar yetishmayapti“, — deya „Kipish“ chaqiruv belgisiga ega 38 yoshli ukrain jangchisidan iqtibos keltirgan nashr
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA
Chasiv Yar ostonasidagi ukrain qo‘shiniga o‘q-dorilar yetishmayapti, deya qayd etadi nashr. Yaradorlarni evakuatsiya qilish  bilan shug‘ullanuvchi «Chijik» laqabli, 50 yoshli haydovchining aytishicha, u oldingi chiziqqa borganida u yerdagilar ratsiya orqali artilleriya qo‘llovini so‘rashadi, ammo ko‘pincha «Yo‘q» javobini olishadi. «Ular shunday deydi: „Kechirasiz, snaryadlarimiz kam“, — deya harbiydan iqtibos keltirgan nashr. Rossiya qo‘shinida esa snaryadlar taqchilligi yo‘q. „Ular qishloqni shunchaki ko‘ngilxushlik uchun o‘qqa tutishi mumkin, — deydi nashrga „Nemo“ laqabli 29 yoshli jangchi. — Biz faqat nishonni 100 foiz aniq bilganimizda o‘t ochishimiz mumkin“
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA

Okkupatsiya ostidagi Mariupolda qurilish ishlari

Rossiya qo‘shini Mariupolni 2022 yil bahorida egallagandi. Shahar uchun janglar vaqtida binolarning 90 foizi vayron bo‘lgan, minglab mariupolliklar halok bo‘lishgan. RF hukumati Mariupolda keng ko‘lamli qurilish ishlari boshlagan. Huquq faollari hisoblashicha, qurilish ishlari davomida harbiy jinoyat izlari yo‘q qilinmoqda.

2022 yil avgustida Rossiya qurilish vazirligi Mariupolni uch yil ichida «tiklash» rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. 2024 yil fevralida RF vitse-premeri Marat Xusnullin shaharda ko‘p kvartirali uylarni tiklash ishlari amalda yakunlanganini aytgan
Vladimir Aleksandrov / Anadolu / Getty Images
Uysiz qolgan mariupolliklar yangi turar joyga ega bo‘lish uchun okkupatsiya ma’muriyatiga yo‘q bo‘lgan mulklar hujjatlarini taqdim etishi lozim. Ammo agar hujjatlar saqlanib qolgan bo‘lsa ham, yangi uy berilishi kafolatlanmagan, deb yozadi «Mediazona»
Vladimir Aleksandrov / Anadolu / Getty Images
Mariupolda yashovchi Mikola Osichenko «Mediazona» bilan suhbatda uylarni birinchi navbatda okkupatsiya ma’muriyati xodimlari hamda ko‘chib kelgan quruvchilar olayotganini aytgan. Uning aytishicha, Mariupolda yashovchilarning ayrimlari, «vaqtincha» yotoqxonalarga ko‘chib o‘tgan, kimlardir esa hamon yerto‘lalarda yashamoqda
AFP / Scanpix / LETA
Osichenkoning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari Mariupol markazida va shaharga Donetsk va Zaporijjya tomondan kirib kelish qismida joylashgan rayonlarda olib borilmoqda. Rossiyaga yaqinroq joylashgan chap sohilda («Azovstal» zavodi ham o‘sha yerda) esa «hammasi vayrona holida yotibdi», degan u
AFP / Scanpix / LETA
Okkupatsiya ostidagi Mariupolni «tiklash» ishlarini RF mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov nazorat qilgan, deb yozgan Mixail Xodorkovskiyga tegishi «Dose» proyekti. 23 aprel kuni Ivanov jinoiy ish figuranti ekani ma’lum bo‘ldi. Tergov qo‘mitasi rasman unga nisbatan o‘ta yirik miqdorda pora olish moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilganini ma’lum qilgan, ammo tafsilotlar keltirilmagan. «Vajniye istorii» FXXdagi manbasiga tayanib yozishicha, Ivanovni davlatga xiyonatda gumon qilishmoqda, «pora haqidagi gap esa — shunchaki jamoatchilik uchun».
AFP / Scanpix / LETA

Sankt-Peterburgda qurollar ko‘rgazmasi

Sankt-Peterburgda 23-25 aprel kunlari «Ekspoforum» markazida xavfsizlik masalalari bo‘yicha XII xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. RF Xavfsizlik kengashi ma’lumotiga ko‘ra, unda 106 mamlakat vakillari ishtirok etmoqda.

«Rosoboroneksport o‘z stendida davlat xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan harbiy, ikkilamchi va fuqarolik maqsadlaridagi mahsulotlarning keng assortimentini taqdim etadi», deyiladi press-relizda. Ular orasidagi «Orlan» (markazda) va «Orion» (o‘ngda) tipidagi pilotsiz uchish apparatlari bor
Aleksandr Koryakov / Kommersant / SIPA USA / Vida Press
«Ko‘rgazma pavilyonida Kiyev neonatsist rejimi, chet ellik yollanma jangchilar va ularning g‘arblik homiylarining insoniyatga qarshi jinoyatlaridan guvohlik beruvchi hujjatlar alohida o‘ringa ega», — deya xabar bergan RF Xavfsizlik kengashi
Aleksandr Koryakov / Kommersant / SIPA USA / Vida Press
RF prezidenti Vladimir Putin uchrashuv ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. «Rossiya global va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, ko‘pchilik mamlakatlar manfaatlariga javob beradigan yangi ko‘p qutbli dunyo tartibotini shakllantirishda barcha manfaatdor sheriklar bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyor», degan u. Putin «hozirgi uchrashuv mamlakatlar va xalqlar farovonligi, sayyoradagi tinchlik va barqarorlik manfaatlari yo‘lida hamkorlikni mustahkamlashga yordam berishi»ga ishonch bildirgan.
Aleksandr Koryakov / Kommersant / SIPA USA / Vida Press

 

Mavzuga oid