Jahon | 07:53 / 26.04.2024
6095
4 daqiqa o‘qiladi

Josuslik mojarosi: Germaniyaning Pekindagi elchisi Xitoy TIVga chaqirildi

Germaniyada Xitoy foydasiga josuslikda gumon qilingan to‘rt kishi hibsga olinganidan so‘ng, XXR Tashqi ishlar vazirligi Germaniya elchisini chaqirtirdi. Avvalroq Xitoyning Germaniyadagi muvaqqat ishlar vakili Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan edi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Germaniyaning Pekindagi elchisi Patritsiya Florni Xitoy Xalq Respublikasi foydasiga josuslikka aloqador mojaro munosabati bilan chaqirtirdi. «Ushbu haftada to‘rt nafar Germaniya fuqarosi Xitoy razvedka xizmatlariga josuslik qilganlikda ayblanib hibsga olinganidan so‘ng, meni bugun Tashqi ishlar vazirligiga chaqirishdi», deb xabar berdi Flor 25 aprel, payshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida

«Juda oshkora qadam - lekin hech bo‘lmaganda bir nechta narsani tushuntirish uchun yaxshi imkoniyat, - deb yozdi u va aniqlik kiritdi: - 1) Biz Germaniyada josuslikka, u qaysi davlatdan bo‘lishidan qat’i nazar, toqat qilmaymiz. 2) Biz o‘z demokratiyamizni himoya qilamiz va bizning konstitutsiyaviy davlatimiz konstitutsiyaviy vositalarga ega. 3) Tergovni tugatgandan so‘ng mustaqil sud ayblovlar bo‘yicha qaror qabul qiladi». 

Germaniya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy muvaqqat ishlar vakili 23 aprel kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. «U federal hukumatning Xitoy josuslik faoliyatida tergov gumon qilayotgan aniq pozitsiyasidan xabardor bo‘ldi», — deyiladi bayonotda. 

Germaniyada to‘rt kishi Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda gumonlanib hibsga olindi 

22 aprel kuni Drezdenda «Germaniya uchun muqobil» (GuM) o‘ng qanot populistik partiyasi a’zolaridan birining xodimi Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Gumonlanuvchi - 43 yoshli Tsyan G. - GuMdan yevrodeputat Maksimilian Kra jamoasida ishlaydi. Kraning rasmiy veb-saytida «akkreditatsiyadan o‘tgan yordamchi» sifatida ko‘rsatilgan Tsyan G. noqonuniy razvedka faoliyatida, jumladan xitoylik muxolifatchilar ustidan josuslik qilishda va Germaniya parlamenti ishi haqida Pekinga ma’lumot uzatishda gumon qilinmoqda. 

Shu kuni Germaniya huquq-tartibot idoralari Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligining ehtimoliy agentlarini fosh qildi. 22 aprel kuni Bad-Gomburg va Dyusseldorf shaharlarida Germaniya Federativ Respublikasi Federal prokuraturasi talabiga binoan josuslik faoliyati va tashqi savdo qonunchiligini buzganlikda gumon qilingan uch nafar Germaniya fuqarosi qo‘lga olindi. 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Tomas R. Xitoy razvedka xizmati agenti bo‘lib, uning topshirig‘i bilan harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan innovatsion texnologiyalar haqida ma’lumot olgan. Buning uchun u Dyusseldorfda kompaniyaga ega bo‘lgan er-xotin Xervig va Ina F.ning yordamidan foydalangan. Federal prokuraturaga ko‘ra, bu kompaniya Germaniya ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari bilan aloqa o‘rnatish va hamkorlik qilish uchun vositachilik xizmatlarini ko‘rsatgan. 

Er-xotin F. Germaniya universitetlaridan biri bilan ilmiy ishlanmalarni topshirish to‘g‘risida shartnoma tuzgan. Shu bilan birga, birinchi bosqichda turli mexanizmlar, jumladan, harbiy kemalar dvigatellari uchun komponentlar sohasida tadqiqotlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Xitoy tomonidagi hamkor Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi xodimi bo‘lib, loyiha XXR davlat idoralari tomonidan moliyalashtirilgan, deya xabar beradi Germaniya departamentlari.

Ushlangan barcha to‘rt kishi hibsga olindi.

Mavzuga oid