Sport | 10:40 / 29.04.2024
11503
10 daqiqa o‘qiladi

APLda chempionlik poygasi: «Arsenal» muhim g‘alabaga erishdi va «Siti»ning xatosini kutmoqda

«Tottenhem» London derbisida «Arsenal»ni qiynadi, «shporlar»da «Siti» va «Liverpul» bilan ham o‘yin bor.

Yakshanba kuni APLdagi chempionlik poygasi ishtirokchilari uchun asabiy kun bo‘ldi: «Arsenal» «Tottenhem», «Manchester Siti» «Nottinghem»ning mehmoni bo‘ldi. Va ikkisi ham qiynalishdi.

«Arsenal» Shimoliy London derbisida ustun keldi: yana standart vaziyatlar hal qildi

«Tottenhem» — «Arsenal» 2:3
Gollar: Romero (64), Son (87, penalti) — Hyoyberg (15, avtogol), Saka (27), Haverts (38). 
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Devis (Lo Chelso, 88), Hyoyberg (Bissuma, 64), Meddison (Risharlison, 64), Bentankur (Sarr, 46), Kulusevski, Son, Verner (Jonson, 31).
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Tomiyasu,Parti, Edegor (Kivior, 89), Rays, Haverts, Trossar (Martinelli, 63), Saka.
Ogohlantirishlar: Kulusevski (77), Devis (81), Parti (83).

Birinchi bo‘limda «Arsenal» tashabbusni berib o‘ynadi – to‘p o‘yin vaqtining atigi 30 foiz qismida mehmonlarda bo‘ldi – ammo «Tottenhem»ni xatolar uchun jazoladi. Birinchi burchak zarbasidayoq Piyer-Emil Heyberg avtogol muallifiga aylandi.

Ikkinchi gol esa «shporlar» Deyan Kulusevski va Jyeyms Meddison raqib jarima maydoni ichida yiqilishi tufayli penalti so‘rash bilan ovora bo‘lib qolganida ro‘y berdi – bu vaqtda Bukayo Saka Havertsning uzatmasi bilan qarshi hujumga chiqib ketib, Ben Devisni ortda qoldirdi va to‘pni olis burchakka yumalatib yubordi.

Uchinchi gol – va yana burchak zarbasi. Bu safar Heybergning xizmatlariga ehtiyoj sezilmadi – Deklan Rays to‘pni oshirib berdi, Kay Haverts uni darvozaga kiritdi.

Bu hisob o‘yin xarakterini o‘zida aks ettirmasdi: «Tottenhem» Arteta jamoasini kuchli bosim ostida qoldirdi va to‘psiz qoldirdi – birinchi bo‘limdagi o‘yin uchun 0:3 hisobi mos emasdi, ammo «shporlar» darvoza sohasiga aniq borgan ikkita zarbadan uchta gol o‘tkazishni uddalashdi.

Ammo «Arsenal»ning standart vaziyatlariga chora topib bo‘lmayapti. «Kanonirlar» APLning bu mavsumida burchak zarbalaridan keyin urgan gollar soni allaqachon 16 taga yetdi. Premer-ligada oxirgi bor Toni Pyulis boshqaruvidagi «Vest Bromvich» 2016/17 yillar mavsumida burchak zarbasidan bu qadar ko‘p gol urgandi – o‘shanda ham 16 gol bo‘lgan, ammo 38 turdan keyin.

Tanaffusdan keyin Saka hisobni 4:0 ko‘rinishiga keltirishi kerak edi, ammo Vikario uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini oyoqlari bilan to‘sib qoldi. 

Ikkinchi bo‘limda «Arsenal» o‘yinning ko‘proq vaqtida to‘pga egalik qila boshladi va endi g‘alabali hisobni xotirjamlik bilan ushlab qoladigandek ko‘rinayotgandi, ammo individual xatolar tufayli ikkita gol o‘tkazib yuborildi va muxlislar o‘yin oxirigacha hayajon ichida o‘tirishga majbur bo‘ldi. Dastlab darvozabon David Rayya o‘yinga intriga qaytarishni xohladi va 64-daqiqada raqib futbolchisiga golli pas berdi.

Bu gol «Tottenhem»ning kuchli pressingi samarasi bo‘ldi. Shu kuni mezbonlar safidagi eng faol futbolchi bo‘lgan markaziy himoyachi Kristian Romero markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘ldi va sovg‘adan unumli foydalandi. Bu argentinalik futbolchining mavsumdagi beshinchi goli bo‘lib, u markaziy himoyachilar orasida eng yaxshi natijani qayd etmoqda.

86-daqiqada esa vaziyat yana qizg‘in tus oldi, Maykl Oliver mehmonlar darvozasiga penalti qo‘ydi – bu vaziyatda Rays o‘z jamoasi jarima maydonida ehtiyotsiz harakatlanib, to‘p o‘rniga Ben Devisni tepib yubordi. Son Hin Min aniq va kuchli zarba berib, hisobni 2:3 ko‘rinishiga keltirdi, ammo mezbonlarda bundan ortig‘iga vaqt yetmadi.

«Arsenal» Shimoliy Londondagi qo‘shnisini mag‘lub etdi – endi derbilardagi hisob 74:54 (va yana 49 o‘yin durang bilan yakunlangan). Arteta jamoasi qatorasiga ikkinchi mavsumda safarda g‘alabaga erishmoqda.

«Manchester Siti» ko‘p ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi, ammo «Nottinghem»ni yenga oldi. De Bryuynening ikki assisti hal qildi

«Nottinghem Forest»  «Manchester Siti» 0:2
Gollar: Gvardiol (32), Holand (71).
Nottinghem Forest – Zels, Uilyams (Montiel, 35), Boli (Sangare, 84), Niakate, Murillo (Omobamidele, 74), Ayna, Gibbs-Uayt, Danilo (Yyeyts, 74), Elanga (Reyna, 74), Vud, Hadson-Odoi.
Manchester Siti – Ederson (Ortega, 46), Uoker, Ake, Akanji, Gvardiol, Grilish (Holand, 62), de Bryuyne (Nunesh, 89), Bernardu Silva, Rodri, Doku (Kovachich, 46), Alvares (Bobb, 89).

«Siti» yakshanba kuni «Nottinghem Forest» mehmoni bo‘ldi. Bu o‘yin u qadar gollarga boy bo‘lmadi, ammo yorqin va Gvardiola jamoasi uchun qiyin kechdi. «Manchester» 2:0 hisobida g‘alaba qozondi, ammo mezbonlar shu kuni juda ko‘p xavfli vaziyatlar yaratishdi.

Bu o‘yinda ham jamoani Kevin De Bryuyne qutqardi. Belgiyalik futbolchi birinchi bo‘limda burchak zarbasidan keyin yaqin ustun oldida turgan Yoshko Gvardiolning boshini topdi. Xorvatiyalik himoyachi hisobni ochdi.

62-daqiqada Erling Holand o‘yinni hal qilish uchun zaxiradan tushdi, chunki hisob qaltis bo‘lib qolayotgandi. Va norvegiyalik hujumchi ikkinchi golni urdi. De Bryuyne uni oldinga tashladi, Erling himoyachini ham, darvozabonni ham dog‘da qoldirdi. Kevin mavsumning yarmini jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, ikkinchi davrada ko‘p o‘yinlarni hal qilib berdi.

Mehmonlar uch ochkoga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, «Nottinghem» amaldagi chempionlar darvozasiga ko‘p bor tahdid soldi. Birinchi bo‘limda «Forest» kutilgan gollar bo‘yicha 1,27 xG ko‘rsatkichini qayd etdi – bu mavsumda «Manchester»ga qarshi o‘ynagan raqiblar orasidagi eng yaxshi natija.

«Nottinghem» o‘yin yakunlariga ko‘ra «Siti»dan ko‘proq zarba berdi – 10 taga qarshi 14. Va birinchi davrada ham jamoa kuchli raqibdan bu borada ustunlik qilgandi – unikal holat. Gvadriola jamoasi bungacha faqat bir marta bir mavsumda bir jamoadan ikki o‘yinda ham zarbalar soni bo‘yicha ortda qolgandi (va bu 2009/10 yillar mavsumidagi «Real» bo‘lgandi).

«Siti» tarkibdagi muammolarga qaramay muhim g‘alabaga erishdi: Fil Foden va Ruben Diash zaxirada ham yo‘q edi, Erling Holand o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshladi, darvozabon Ederson jarohat tufayli tanaffusda almashtirildi.

Turnir jadvalidagi vaziyat: «Arsenal» hozircha birinchi, «Siti» – bitta zaxira o‘yiniga ega, «Liverpul» YeChL yo‘llanmasi bilan ovunadi

35 turdan keyin turnir jadvali quyidagicha ko‘rinishda. «Arsenal» birinchi, ammo «Siti»da bitta zaxira o‘yini bor. 

«Liverpul» shanba kuni turni ochib bergandi va o‘zini o‘zi chempionlik poygasidan chiqarib yubordi: «Vest Hem» bilan o‘yindagi 2:2 hisobi Yurgen Kloppning aprel oyidagi dahshatli tushini yakunlab berdi. Yaxshi yangilik – «qizillar» 99 foiz ehtimol bilan keyingi mavsumda Chempionlar ligasida o‘ynaydi. Katta ehtimol bilan, Arne Slot boshqaruvida.

«Arsenal» bu yil boshidan buyon APLdagi safar o‘yinlarida mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi – 7 g‘alaba va 1 durang, to‘plar nisbati 27:3. Qolaversa, Mikel Arteta jamoasi bu mavsumda Angliyaning klassik top-6 guruhi vakillari bilan o‘yinlarda biror marta mag‘lub bo‘lmadi – besh g‘alaba va to‘rt durang.

Poygada favorit hamon o‘zgarmadi  – «Manchester Siti». Gvardiola shogirdlari barcha turnirlar doirasida 31 o‘yindan buyon mag‘lubiyatga uchramayapti (YeChLda «Real»ga qarshi o‘yinning asosiy vaqti durang bilan yakunlangandi). 

Chempionlikka da’vogarlar uchun taqvim quyidagicha: 

«Arsenal» «Bornmut» va «Everton» bilan uyda, «Manchester Yunayted»ga qarshi safarda o‘ynaydi; «Manchester Siti»da «Vulvz» (uy), «Fulhem» (safar), «Tottenhem» (safar) va «Vest Hem»ga (uy) qarshi o‘yinlar qolgan. «Liverpul» «Tottenhem» va «Vulvz»ni uyda qabul qilib, «Aston Villa» maydoniga safar qiladi.

Poyga ishtirokchilari hali ochko yo‘qotishi mumkin.

Mavzuga oid