Jahon | 18:06 / 30.04.2024
17380
6 daqiqa o‘qiladi

Moskva aeroportlarida - Tojikistonning mingdan ortiq fuqarolari Rossiyaga o‘tkazilmayapti

RF rasmiylari «chegaradan o‘tayotganlarning barchasi fuqaroligidan qat’i nazar» tekshirilayotganini bildirgan.

Foto: Videodan kadr

Moskva shahridagi aeroportlarda Tojikistonning mingdan ortiq fuqarosi Rossiyaga kiritilmasdan ushlab turilibdi, deya ma’lum qilgan respublika tashqi ishlar vazirligi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, Moskvadagi Vnukovo aeroportining vaqtincha saqlash zonasida 27 aprel kuni kechqurun holatiga Tojikistonning 954 nafar fuqarosi «tegishli sanitar sharoitlar ta’minlanmagan» holatda ushlab turilgandi. Ular orasida RF hukumatining ta’lim kvotalari bo‘yicha Rossiya hududiga o‘qishga kelgan talabalar ham bor. Yana o‘nlab tojikistonliklar Jukovskiy, Domodedovo va Sheremetevo aeroportlarida qolib ketgan. 

Tojikiston TIV ma’lumotiga ko‘ra, «ko‘p soatlik kutishlar»dan keyin Vnukovoda turgan 322 nafar tojikistonlik RF hududiga kiritilgan, shu bilan birga, Rossiya hukumati «306 kishini chiqarib yuboriladiganlar ro‘yxatiga kiritmoqchi». 27 kishi allaqachon deportatsiya qilingan. «Bunday cheklov choralari faqat Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanmoqda», — deyiladi TIV bayonotida. 27 aprel kuni kechqurun Tojikiston TIV shoshilinch tavsiyanoma e’lon qilib, mamlakat fuqarolarini «o‘ta zarur bo‘lmagan holatlarda Rossiya hududiga barcha transport vositalarida safar qilishdan vaqtincha tiyilib turish»ga chaqirgandi.

26 aprel kuni Tojikiston TIVda rossiyaliklar elchisi Semyon Grigorev bilan uchrashuv o‘tkazilgan. Vazirlik xabariga ko‘ra, uchrashuvda boshqa masalalar qatori Tojikiston fuqarolari so‘nggi haftalarda Rossiya davlat chegarasini kesib o‘tishda uchrayotgan «qiyinchiliklar» ham muhokama etilgan. Rossiya elchisiga Tojikiston fuqarolariga RFga kirish yoppasiga va asossiz rad etilayotganidan «xavotir» bildirilgan. 29 aprel kuni TIV elchiga Rossiya hududida Tojikiston fuqarolariga nisbatan «ommaviy tarzda keskin salbiy munosabatlar kuzatilayotgani», shuningdek, «ularning huquq va erkinliklari keng miqyosda poymol etilayotgani» tufayli nota topshirilganini ma’lum qildi.

«Ozodlik radiosi»ning Tojikistondagi bo‘limi hisoblangan «Ozodi radiosi» xabar berishicha, 26 aprel kuni Tojikistonning bir necha fuqarosi ularni uch kundan buyon Vnukovoda ushlab turishgani va Rossiya hududiga o‘tkazmayotganini aytib bergan. Ular aeroportda 500 nafar atrofidagi vatandoshlari tashqariga chiqa olmayotganini bildirishgan. 

25 aprel kuni Tojikistondagi Asia-Plus nashri 22 apreldan buyon Rossiya-Qozog‘iston chegarasida Tojikiston davlat raqamlari taqilgan 180 ga yaqin avtomobillar Rossiya hududiga o‘tkazilmayotgani haqida xabar bergandi

«1000 ga yaqin tojiklar Rossiyaga qo‘yilmayapti. Biz Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida qolib ketdik. Boshqa mamlakatlar fuqarolariga ruxsat bor, faqat tojiklar o‘tkazilmayapti. 180 ga yaqin mashina turibdi, ko‘pchiligida tojik raqamlari. Har bir mashinada 5 dan 10-12 nafargacha yo‘lovchi bor, ko‘pchiligi ayollar va bolalar», — degan nashrga Rossiya hududiga o‘tishga harakat qilgan migrantlardan biri. 

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning ta’kidlashicha, Rossiya-Qozog‘iston chegarasining quruqlikdagi uchastkalaridagi vaziyat «Krokus Siti Holl»dagi terakt tufayli «xavfsizlik choralari kuchaytirilgani» va «terrorchilik tahdidlari saqlanib qolayotgani» bilan bog‘liq. Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruvlar «chegarani kesib o‘tayotgan barchada, fuqaroligidan qat’i nazar» amalga oshirilmoqda.

«‎Krokus Siti Holl»dagi terakt ijrochiligida Tojikiston fuqarolari ayblangach, Moskvada va Rossiyaning boshqa shaharlarida migrantlarni tekshirish kuchaytirilgan.

Tojikiston mehnat vazirligi teraktdan keyin Rossiyadan migrantlar qaytib kelishi keskin oshganini qayd etgan. Vazirlik rahbari o‘rinbosari Shahnoza Nodiriyning aytishicha, «bezorilikka uchrayotgani tufayli emas, qo‘rquv, vahima kuchaygani tufayli ko‘pchilik ketishga qaror qilishgan». Shu bilan birga, u kundalik hayotda Tojikiston fuqarolariga nisbatan tazyiqlar ortganini qayd etgan.

Huquq himoyachilarning «Perviy otdel» loyihasi mart oyi oxirida Sankt-Peterburgda huquq-tartibot organlari Rossiyada bo‘lish huquqiga ega bo‘lmaganlarni aniqlash va deportatsiya qilishga qaratilgan «Antimigrant» nomli keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazayotgani haqida xabar bergandi. Chet el davlatlari fuqarolarining manfaatlarini himoya qiluvchi advokatlardan birining aytishicha, reydlar yotoqxonalar va kvartiralar bo‘ylab o‘tkazilgan, maxsus hibsxonalar esa odamlar bilan to‘lib ketgan. Keyinroq Peterburg sudlari 25 martdan 29 martga qadar bo‘lgan vaqtning o‘zida chet el davlatlari fuqarolarini Rossiyadan majburan chiqarib yuborish bo‘yicha yuzlab qarorlar qabul qilinganini ma’lum qilgandi. Ularning fuqaroligiga aniqlik kiritilmagan.

Mavzuga oid