Sport | 19:16 / 02.05.2024
14761
5 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyami yoki Isroilga qarshi revansh? O‘zbekistonning Parij-2024dagi ehtimoliy raqiblari haqida

O‘zbekiston futbolimiz tarixida ilk marta Olimpiadaga yo‘llanma oldi va bugun, 3 may kuni Yaponiyaga qarshi o‘tadigan finaldan so‘ng Parij-2024dagi raqiblarimiz nomi ham aniq bo‘ladi. Temur Kapadze shogirdlari Terri Anri murabbiyligidagi Fransiya va Maskerano boshchiligidagi Argentina bilan bir guruhdan joy olmaca-da, Ispaniya yoki Isroil bilan bir guruhdan joy olishi mumkin.

Mbappe va Messi Parij-2024da ishtirok etadimi?

Parij-2024 guruh bosqich qur’a tashlash marosimi shu yilning 20 mart kuni bo‘lib o‘tgandi. Qur’aga ko‘ra, ishtirokchi 16 jamoa 4ta guruhga bo‘lingan. A guruhidan mezbon Fransiya, AQSh, Yangi Zelandiya va Osiyo/Afrika pley-off o‘yini g‘olibi joy olgan. Ushbu so‘nggi jamoa Indoneziya va Iroq o‘rtasidagi 3-o‘rin uchun bahsda mag‘lub bo‘lgan tomon hamda Gviniya o‘rtasidagi bahs g‘olibi bo‘ladi. Bosh murabbiy Terri Anri Fransiyada o‘tadigan turnirda 23 yoshdan katta 3 nafar o‘yinchi limiti uchun – Kilian Mbappe, Antuan Grizmann va Olive Jiruning yordam berishiga umid qilmoqda.

V guruhidan esa Xaver Maskerano murabbiyligidagi Argentina olimpiya jamoasi, Afrika Millatlar kubogi U23 chempioni Marokash, Yevro-2023 U21 yarimfinalchisi Ukraina hamda Osiyoning 3-jamoasidan iborat bo‘ladi. Bu – Iroq yoki Indoneziya bo‘ladi. E’tiborlisi, Maskerano do‘sti Lionel Messini Parijdagi Olimpiadada ham Argentinaga yordam berishga ko‘ndirmoqchi. «Messi Olimpiadaga borsa, bizga katta yordam bergan bo‘lardi. Parijdagi turnirgacha uni Amerika kubogi ham kutib turibdi. Biz bu masalada keyinroq yana gaplashib olishga kelishganmiz», - deydi Xaver.

D guruhi: Isroildan revansh olish imkoniyati va Braziliyani ortda qoldirgan jamoaga qarshi

3 may kuni Dohada o‘tadigan Osiyo kubogi U23 finalidagi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi bahsdan keyin S va D guruhining barcha jamoalari nomi ma’lum bo‘ladi. Finaldagi g‘alaba Temur Kapadze shogirdlarini D guruhiga tushiradi. Bu kvartetda Janubiy Amerikada Braziliyani Parij-2024 Olimpiadasidan mahrum etgan va yakuniy guruhda 1-o‘rinni egallagan Paragvay, Afrikaning 3-jamoasi bo‘lgan Mali va yoshlar o‘rtasida JCh-2023 va Yevro-2023 yarimfinalchisi Isroil joy olgan.

Olimpiyachilarimiz ushbu guruhdan o‘rin olsa, Abbosbek Fayzullayev, Abduqodir Husanov va JCh-2023da ishtirok etgan yana bir qator yoshlarimiz Argentinadagi kichik mundial 1/8 finalida Isroildan uchralgan mag‘lubiyat (0:1) uchun revansh olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Isroil bu turnirda O‘zbekistonni turnirdan chiqarib yuborib, yakunda 3-o‘rinni egallagan edi.

C guruhi: Yamal – Fayzullayev qarama-qarshiligini ko‘ramizmi?

Juma kungi finalda Temur Kapadze shogirdlari mag‘lubiyatga uchragan taqdirda, O‘zbekiston S guruhidan o‘rin oladi.

Bu guruh favoriti sifatida shubhasiz Ispaniya olimpiya jamoasini ko‘rsatish mumkin. Santi Deniya shogirdlari o‘tgan yil Yevropa chempionati finalida Angliyaga minimal hisobda mag‘lub bo‘lib, qit’a vitse-chempioniga aylangan va shu orqali Olimpiadaga yo‘llanma olgandi.

«Atletiko» sobiq futbolchisi sanaladigan mutaxassis Parij-2024ga La Ligadagi ispaniyalik iqtidorlar qatorida «Barsa» yetakchisiga aylanib borayotgan Lamin Yamalni ham olib borishga umid qilmoqda. Bu turnirgacha Yevro-2024 yakunlanishini inobatga olsak, 16 yoshli yulduz Fransiyadagi musobaqaga ham borishi mumkin bo‘ladi. Bu borada jamoadoshi Pedri unga o‘rnak bo‘la oladi – ispaniyalik bu futbolchi 2021 yilda Yevrodan keyin Tokio Olimpiadasida ham to‘p surib, bir mavsumda eng ko‘p o‘yinda maydonga tushish bo‘yicha rekordchiga aylangandi. Qayd etish joiz, 2023 yilda Ispaniyaning ushbu tarkibi Toshkentda Kapadze shogirdlariga qarshi o‘rtoqlik bahsida maydonga tushgan va unda kuchlar teng kelgandi – 0:0.

Bu guruhda Ispaniyadan tashqari, Afrikaning 2-jamoasi bo‘lib turgan Misr hamda Shimoliy Amerikada AQShdan keyingi 2-o‘rinni olgan Dominikan Respublikasi ham o‘rin olgan. Yevropa, Osiyo, Afrika va Shimoliy Amerikaning 2-raqamli jamoalari o‘rtasidagi guruh bosqichi shiddatli o‘tishiga shubha yo‘q.

Temur Kapadze shogirdlari tushishi mumkin bo‘lgan bu har ikki guruhni teng kuchli deyish mumkin. Shunga qaramay, O‘zbekiston Yaponiyani mag‘lub etib, Osiyoning 1-raqamli jamoasi sifatida turnirga yo‘l olishi hamda Janubiy Amerikaning 1-raqamli jamoasi, Yevropa va Afrikaning uchinchi ishtirokchilari bilan bir guruhdan o‘rin olishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid