Jahon | 00:04 / 03.05.2024
8442
3 daqiqa o‘qiladi

Boeing samolyotidagi nuqsonlar haqida xabar bergan yana bir kishi vafot etdi

Joshua Din AQSh Federal aviatsiya boshqarmasiga 737 MAX samolyotini ishlab chiqarish jarayonidagi jiddiy va qo‘pol qoidabuzarliklar haqida shikoyat qilgan edi. U shifoxonada jiddiy bakterial infeksiyadan vafot etgani ta’kidlanmoqda.

Foto: The Seattle Times

Boeing samolyotlarini ishlab chiqaruvchi Spirit AeroSystems kompaniyasining sobiq sifat auditori Joshua Din 30 aprel kuni vafot etdi. Avvalroq, u Spirit rahbariyati 737 MAX samolyotini ishlab chiqarish jarayonidagi kamchiliklarga e’tibor bermayotganini aytgan edi. The Seattle Times xabariga ko‘ra, Din to‘satdan tez tarqaladigan infeksiyaga qarshi kurashib vafot etgan.

Qayd etilishicha, Din Spirit kompaniyasi joylashgan Kanzas shtatida yashagan va 45 yoshda edi. Qarindoshlarining ta’kidlashicha, u o‘zini yaxshi his qilgan va sog‘lom turmush tarzini olib borgan. Biroq, ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin Din nafas olishda muammoga duch kelib, shifoxonaga yotqizilgan. Unda pnevmoniya, keyin esa jiddiy bakterial infeksiya aniqlangan. Din ikki hafta og‘ir ahvolda yotganidan keyin vafot etgan.

Avvalroq, Din AQSh Federal aviatsiya boshqarmasiga 737 MAX samolyotini ishlab chiqarish jarayonidagi jiddiy va qo‘pol qoidabuzarliklar haqida shikoyat qilgan edi. Shundan so‘ng, 2023 yil aprel oyida kompaniya uni ishdan bo‘shatdi. Din Mehnat departamentiga shikoyat etib, o‘zining ishdan bo‘shatilishi aviatsiya xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarni ko‘targani uchun qasos ekanini da’vo qildi.

2022 yilda Din mexaniklar MAX seriyali samolyotlarning germoshpangoutida teshik ochish texnologiyasini buzayotganini aniqlagan. Bu haqda u rahbariyatga xabar bergan, lekin ular vaziyatga e’tibor bermagani ta’kidlanmoqda. Keyinroq Din qoidabuzarliklar haqida AQSh Federal aviatsiya boshqarmasiga xabar berdi.

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, bu Boeing xodimlari orasida samolyot xavfsizligidan xavotir bildirgan ikkinchi shaxsning o‘limidir.

Mart oyida Boeing kompaniyasining yana bir xodimi Jon «Mitch» Barnett o‘lik holda topilgan edi. Ta’kidlanishicha, u Boeing samolyotlari nosozligi bo‘yicha ochilgan ish jarayonida ko‘rsatma berayotgan davrda o‘z joniga qasd qilgan. Politsiya Barnett o‘limi o‘zini o‘zi otish oqibatida yuz berganini aytmoqda, ammo tergov hali tugamagan.

2024 yil mart oyida Boeing bosh direktori Deyv Kelxun, kompaniya raisi va boshqa top-menejerlar 737 seriyali samolyotlarning nosozligi bilan bog‘liq bir qator mojarolardan so‘ng iste’foga chiqishi ma’lum qilindi. Ushbu nosozliklardan so‘ng AQSh aviatsiya regulyatorlari Boeing kompaniyasida audit o‘tkazib, kompaniya unda qisman yomon natijalarni ko‘rsatgani haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid