Jahon | 19:05 / 03.05.2024
8343
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Isroil bilan savdo aloqalarini to‘xtatdi

Erdo‘g‘an Isroil bilan yiliga 9,5 mlrd dollarlik savdo to‘xtatilganini tasdiqladi.

Foto: Hurriyet

Isroil bilan savdo aloqalari muzlatilgan va G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar to‘xtatilmagunicha tiklanmaydi, deya ma’lum qilgan Turkiya savdo vaziri Umar Bolat.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu qiyin qarorga sektordagi «gumanitar fojia og‘irlashayotgani» va armiyasi yarim yildan ortiq vaqtdan buyon G‘azoda harbiy amaliyotni davom ettirayotgan «Isroilning murosasiz pozitsiyasi» sabab bo‘lgan.

Sektor qat’iy blokada qilingani va muntazam ravishda o‘qqa tutilayotgani (jumladan, hamaschilar joylashgani taxmin qilingan maktab va shifoxonalar ham) tufayli hududda keng ko‘lamli gumanitar inqiroz yuzaga kelgan. Ko‘plab falastinliklar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lishgan va zarur vositalardan mahrum bo‘lishgan.

Shu tufayli, Bolatning so‘zlariga ko‘ra, juma kunidan e’tiboran Turkiya o‘z mahsulotlarining Isroilga eksportini va Isroil mahsulotlari importini to‘liq to‘xtatdi — bu sektorni nazorat qilayotgan Isroil qo‘shini hududga insonparvarlik yordamlari uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlamagunicha saqlab qolinadi.

Ko‘p o‘tmay Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil bilan yiliga 9,5 mlrd dollarlik savdo to‘xtatilganini tasdiqladi.

«Isroil va Falastin o‘rtasidagi voqealarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz chora ko‘rishga majbur bo‘ldik va kerakli qadamni tashladik. Bizda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 9,5 mlrd dollarni tashkil etardi, endi biz uni to‘xtatdik», — degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an. 

Turkiya — Isroilning asosiy savdo hamkorlaridan biri bo‘lib, u yerga ellikdan ortiq eng zarur mahsulotlarni yetkazib bergan: po‘lat va samolyot yonilg‘isidan tortib pestitsidlar va qurilish jihozlarigacha.

Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats bunga javoban Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni ayblagan.

«Turk xalqi va ishbilarmonlari manfaatlarini mensimay, xalqaro savdo kelishuvlarini e’tiborsiz qoldiradigan diktator o‘zini aynan shunday tutadi», deb yozdi vazir ijtimoiy tarmoqda.

Katsning so‘zlariga ko‘ra, u allaqachon o‘z qo‘li ostidagilarga Isroil mahsulotlari uchun muqobil xaridorlar qidirishga ko‘rsatma bergan va ayni vaqtda Turkiya mahsulotlari o‘rnini bosuvchi manbalar qidirishga e’tibor qaratgan.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 7 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu miqdorning qariyb 76 foizi Turkiya eksportiga to‘g‘ri keladi.

Aprel oyida Turkiya Isroilga 54 toifadagi tovarlar, jumladan, po‘lat va alyuminiy mahsulotlariga eksport cheklovi joriy qilgan edi. Shundan so‘ng, Turkiya Savdo vazirligi cheklovlar G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va mintaqaga insonparvarlik yordamining uzluksiz kelishi ta’minlanmaguncha kuchda qolishini ma’lum qildi. Keyinchalik Isroil javob cheklovlarini kiritishga va’da berdi va o‘z ittifoqchilaridan, jumladan Qo‘shma Shtatlardan Turkiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashni so‘radi.

Mavzuga oid