Jahon | 07:26 / 04.05.2024
10874
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukrainani urushning yangi bosqichi kutmoqda

Rossiya o‘z hujumlarini kengaytirmoqchi, Kiyev va uning ittifoqchilari bu rejalarni barbod qilishi kerak, dedi Ukraina prezidenti.

Foto: Oleksandr Klymenko/REUTERS

Ukraina Rossiya tomonidan unga qarshi boshlangan urushning yangi bosqichiga duch kelmoqda, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 3 may, juma kuni mamlakat davlat chegara xizmati kunini nishonlash uchun kelgan Xmelnitskiy shahrida chegarachilar bilan suhbatda.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «hujumkor harakatlarni kengaytirishga urinishlarga» tayyorlanmoqda. «Biz hammamiz birgamiz, barcha ukrainaliklar, askarlarimiz, davlatimiz, sheriklarimiz, biz Rossiyaning hujum rejasini buzish uchun hamma narsani qilishimiz kerak», dedi Ukraina prezidenti. U Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) harbiy xizmatchilari va chegarachilar Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri 800 kun davomida Rossiya agressiyasiga qarshilik ko‘rsata olganini eslatdi. Mamlakat «hujum qilgan tomon har qanday sharoitda ham, u nima qilmasin va qanchalik qabihlik qilmasin, o‘z maqsadiga erisha olmasligini» isbotlashi kerak», — dedi Zelenskiy chegarachilarga xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirib.

Ukraina Rossiyaning Xarkiv, Sumi va Donetsk viloyatlariga hujumini kutmoqda

Zelenskiy o‘z nutqida Rossiya Federatsiyasining hujumkor operatsiyalarining ehtimoliy yo‘nalishlarini ko‘rsatmadi, biroq avvalroq Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») rahbari o‘rinbosari Vadim Skibitskiy The Economist jurnaliga bergan intervyusida Rossiya armiyasi may oyida hujumga o‘tishi va Donetsk, Xarkiv hamda Sumi viloyatlarida kuchlarni to‘plashi mumkinligini aytdi. Skibitskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining Donetsk viloyatidagi asosiy tayanchlaridan biri bo‘lgan Chasov Yar yaqinda jiddiy hujumga uchraydi.

Kiyev, shuningdek, Ukrainadagi safarbarlik va Volodimir Zelenskiyning siyosiy jihatdan qonuniyligini buzishga qaratilgan Rossiyaning dezinformatsion kampaniyasi kuchayishini kutmoqda. Shu bilan birga, Ukraina kurashni davom ettirishi kerak, garchi uning natijasi nafaqat Kiyevning, balki ittifoqchilarining harakatlariga ham bog‘liq, dedi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari o‘rinbosari. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari o‘q-dorilar taqchilligidan aziyat chekishda davom etmoqda, Rossiya Federatsiyasi esa o‘z kuchlarini oshirishga muvaffaq bo‘lmoqda. «AQSh yordami oldingi qatorga yetib borishi uchun bir necha hafta o‘tadi. Bu Rossiyaning o‘q-dorilar zaxiralariga mos kelishi yoki Rossiyaning past texnologiyali va buzg‘unchi bombalaridan samarali himoyani ta’minlashi dargumon», — dedi rasmiy. 

Shoygu «hujum sur’atini saqlab qolish uchun» qo‘shimcha qurol so‘radi

May oyi boshida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainaning egallab olingan hududlariga qurol va harbiy texnika yetkazib berish hajmini oshirishni talab qilgan edi. «Qo‘shinlarga yetkazib beriladigan qurol-yarog‘ va harbiy texnika, birinchi navbatda, nishonga olish qurollari hajmi va sifatini oshirish zarur», dedi u birlashgan kuchlar guruhi shtabida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda. 

2024 yil may oyiga kelib, Rossiya armiyasi Ukraina sharqida ma’lum taktik muvaffaqiyatlarga erishdi - bu asosan Ukraina Qurolli kuchlarida qurol va shaxsiy tarkibning yetishmasligi tufayli yuz berdi. Harbiy ekspertlarning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlardagi olti oylik tortishuvlardan so‘ng ma’qullangan 61 milliard dollarlik yordam paketiga qaramay, Ukraina armiyasi mudofaasini saqlab qolish uchun yanada mustahkamroq harbiy yordamga muhtoj. 

Mavzuga oid