O‘zbekiston | 21:36 / 06.05.2024
5640
5 daqiqa o‘qiladi

6 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Toshkent ko‘chalaridagi robot, jardan qutqarilgan cho‘pon, Xorazmdagi bog‘chaning beshafqat tarbiyachisi, xalqaro investitsiya forumidagi kelishuvlar - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing. 

«Uchastkavoy robot»

Toshkent ko‘chalarida kamera va miltillovchi chiroqlar bilan jihozlangan to‘rt g‘ildirakli robot paydo bo‘ldi. Robot profilaktika inspektori yordamchisi vazifasini bajaradi.

U joylarda jinoyatchilikning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan. To‘rt g‘ildirakli yordamchi GPS tizimi, yozib olish funksiyasiga ega yuqori aniqlikdagi 180 va 360 darajali kameralar bilan jihozlangan. Mayoq qoidabuzarliklar haqida ogohlantirish uchun mo‘ljallangan.

Mashina barcha turdagi huquqbuzarliklarni, hatto chiqindini noto‘g‘ri joyga tashlashni ham yozib olishi mumkin. Ular haqidagi ma’lumotlar o‘sha hududga biriktirilgan profilaktika inspektorining planshetiga yuboriladi.  

Jarlikka yiqilgan cho‘pon qutqarildi

Navoiy viloyatining Nurota tumanida chorva mollarini boqib yurgan cho‘pon ehtiyotsizlik oqibatida bir necha metr jarlikka tushib ketgan.

Voqea 5 may kuni sodir bo‘lgan. Oqtov tog‘i etaklarida qo‘y-qo‘zilarini o‘tlatib yurgan cho‘pon jarlikka tushib ketgan. Olib borilgan tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida fuqaro jarohat bilan topilib, unga psixologik va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. So‘ngra u maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida xavfsiz joyga olib chiqilgan. 

Kun raqami

O‘zbekiston 2024 yilning birinchi choragida 775,7 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlarini 55 ta davlatga eksport qilgan. Statistika agentligiga ko‘ra, bu umumiy eksportning 12,2 foizini tashkil etib, ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 0,9 foizga oshgan. 

Beshafqat tarbiyachi

Xorazm viloyatida bog‘cha bolalarining yuziga bir necha bor tarsaki tushirgan tarbiyachiga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlandi. Holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘cha tarbiyachisi tomonidan bola kaltaklanib, qo‘liga igna tiqilgani to‘g‘risida video tarqaldi. Bu xatti-harakatga oydinlik kiritish uchun voqea yuzasidan Gurlan tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Videodagi holat 2023 yilning noyabr oyida Gurlan tumanidagi 23- bog‘chada sodir bo‘lgan. Bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlovchi ayol 4 yashar o‘g‘il bolalar go‘yoki ular bir-biri bilan urishgani uchun ularga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan va bolalarning yuziga bir necha bor tarsaki tushirgan. Bu holat videotasvirga tushgan. 

Bog‘chalar uchun 20 mln dollar

OPeK O‘zbekistonda xususiy bog‘chalarni rivojlantirishga 20 mln dollar ajratadi. Yangi loyiha bir qator yangi maktabgacha ta’lim muassasalari qurish va modernizatsiya qilish, shu bilan birga ularda bolalar uchun o‘rinlar sonini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda OPeK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid al-Xalifa uzoq muddatli hamkorlikni muhokama qildi va xususiy sektorni davlat banklarini xususiylashtirish jarayoniga jalb etish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekistonda «Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish maqsadida 20 million dollar miqdoridagi bitim imzolandi. 

Kun fakti

Toshkent investitsiya forumida 26,6 mlrd dollarga teng kelishuvlar imzolandi. Rejalashtirilgan eng loyihalar — Yangi Toshkent infratuzilmasini barpo etish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazini, elektr stansiyalarini qurish, Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 1000 MW bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish, Nukus, Farg‘ona, Quvasoyda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish. 

Ob havo ma’lumoti

O‘zbekistonda haftaning birinchi yarmida aksariyat hududlarda quruq ob-havo bo‘lishi, jumladan, ertaga 7 may kuni harorat +33 darajagacha ko‘tarilishi kutilyapti. Payshanbadan nam havo massalari barcha hududlarga tarqaladi. Harorat +20 darajagacha pasayib, yomg‘ir yog‘adi.

9-11 may kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublika bo‘yicha shamol tezligi soniyasiga 15–20 metrgacha kuchayishi kutilmoqda. Ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi.

Kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli 9–11 may kunlari bir qator viloyatlarning tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkin. Tog‘li hududlarga sayr-u sayohatga chiqishni boshqa haftaga qoldirib turishni maslahat beramiz.

Mavzuga oid