Belgorod oblasti o‘qqa tutilishi oqibatida 7 kishi halok bo‘lib, 40 kishi yaralandi
Rossiya hukumati Ukrainani Belgorod viloyatida «ferma xodimlari»ni olib ketayotgan mikroavtobuslarga dronlar bilan hujum qilganlikda aybladi. Portlash oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, yana 40 kishi yaralandi.
Belgorod viloyatining Borisov tumanida dronlar hujumi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, yana 40 ga yaqin kishi jarohatlandi. Bu haqda 6 may, dushanba kuni Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, TASS yozmoqda. Avvalroq, viloyat rasmiylari olti kishi halok bo‘lgani va 35 kishi yaralangani haqida xabar bergan edi. Rossiya rasmiylari hujumda Ukraina Qurolli kuchlarini aybladi.
Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, hujum «korxona xodimlarini ishga olib ketayotgan» go‘yoki «GAZel» rusumli ikkita mikroavtobusga qarata amalga oshirilgan. U gap qaysi korxona haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, tuman ma’muriyati rahbari Vladimir Pereverzevning ta’kidlashicha, «Agro-Belogore» kompaniyalar guruhining fermalari ishchilari «GAZel»da tashilgan.
Bundan tashqari, Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, yengil avtomobilga hujum qilingan. Mulozim voqea joyidan suratni o‘zining Telegram-kanalida joylashtirildi.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi qurbonlar orasida uch nafar bola borligini ma’lum qildi. 30 kishi kasalxonaga yotqizilgan.
OAV: Rossiya samolyoti Belgorodga aviabomba tashlab yubordi
Ikki kun oldin Gladkov Belgorodda besh kishi jarohatlangan portlash haqida xabar bergan edi. Gubernator hodisa sabablarini keltirmadi, biroq mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, bunga Xarkivni bombardimon qilish uchun uchayotgan Rossiya samolyotidan aviabombaning tushib ketishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
ASTRA Telegram-kanali Belgorod viloyati favqulodda xizmatlaridagi manbalarga tayanib yozishicha, Rossiyaning FAB-500 samolyoti 4 may kuni Belgorodga qulagan va portlab ketgan. Oqibatda yetti kishi, jumladan bir bola jabrlangan, o‘nta avtomobil va 31 xonadonga zarar yetgan.
Belgorod viloyatida jangovar harakatlar
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan so‘ng, Belgorod viloyati va Rossiyaning boshqa ba’zi viloyatlari ham o‘qqa tutila boshlandi. Bundan tashqari, Belgorod viloyatining bir nechta aholi punktlarida Rossiya Federatsiyasining hududiy mudofaasi va ukrainparast tuzilmalar o‘rtasida janglar kuzatildi.