Jahon | 09:20 / 06.05.2024
3021
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berish bo‘yicha asosiy chegara punktini yopdi 

Isroildan G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami olib o‘tiladigan eng muhim chegara punkti yopildi. TsAHAL ma’lum qilishicha, Rafah shahri yaqinidagi hududdan nazorat punkti tomon o‘nta snaryad otilgan. 

Foto: Abed Rahim Khatib/dpa/picture alliance

Isroil Falastin hududidan o‘qqa tutilganidan so‘ng mamlakatdan G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berish bo‘yicha asosiy chegara punktini yopdi. Rafah shahri yaqinidagi hududdan «Kerem-Shalom» nazorat-o‘tkazish punkti yo‘nalishida o‘nta snaryad otilgan, deb xabar berdi Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 5 may, yakshanba kuni Telegram’da. «Hozirda «Kerem-Shalom» nazorat-o‘tkazish punkti gumanitar yordam olib ketilgan yuk mashinalari o‘tishi uchun yopiq», — deyiladi xabarda. 

AFP aniqlik kiritishicha, Qo‘shma Shtatlar bosimi ostida Isroil aprel oyida «Erez» chegara punkti va Ashdod porti orqali yordam yetkazilishiga «vaqtinchalik» ruxsat berishga, shuningdek, «Kerem-Shalom» nazorat-o‘tkazish punktidan G‘azo sektoriga Iordaniya orqali gumanitar yuklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazishga rozi bo‘ldi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning matbuot xizmati o‘z bayonotida o‘shanda yordam yetkazilishi «insonparvarlik inqirozining oldini olish va jangovar harakatlar davom etishini ta’minlash» uchun zarur ekanligini aytgan. 

CBS: Qohirada HAMAS va Isroil o‘rtasidagi muzokaralar hozircha natijasiz 

Ayni paytda, bir kun avval Qohirada boshlangan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha Isroil va HAMAS guruhi vakillari o‘rtasidagi bilvosita muzokaralarning birinchi kuni natija bermadi, deb xabar bermoqda Amerika telekanali CBS News guruhdagi ismi oshkor etilmagan suhbatdoshiga tayanib. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil 40 nafar isroillikni ozod qilish evaziga G‘azo sektorida olti haftalik otashkesim bo‘yicha guruhga ilgari surilgan taklifga XAMASdan javob olmaguncha, muzokaralarga delegatsiya yuborishdan bosh tortgan.

Misrning AlQahera News telekompaniyasi xabar berishicha, HAMAS o‘z navbatida TsAHALning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini to‘liq to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqib ketish bo‘yicha kelishuvga erishilishini talab qilmoqda. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 34 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid