Rossiya qo‘liga o‘tgan Ocheretino xarobalari va tinimsiz o‘qqa tutilayotgan Xarkiv. Urush suratlari
Ukrainada urushning 802-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Rossiya Xarkiv bo‘ylab aviazarba yo‘lladi.
- La Repubblica: NATOda ilk bor Ukrainadagi urushga kirish uchun «qizil chiziq» belgilandi.
- RF mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Ocheretino posyolkasini egallagani haqida xabar berdi.
- Berdyanskda avtomobil portlashi oqibatida mahalliy «axloq tuzatish koloniyasi» xodimi halok bo‘ldi. Ukraina razvedkasi ma’lum qilishicha, u asirlarni qiynoqqa solishga aloqador bo‘lgan.
- Rossiya hukumati Yevropada diversiyalar seriyasi o‘tkazishni rejalashtirgan. Bu reja — kritik infratuzilmalarda portlashlar va yong‘inlar keltirib chiqarishni o‘z ichiga olgan.
- WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina kreditorlari Kiyev urush tufayli to‘xtatilgan davlat qarzlarini to‘lashni tiklashni talab qilmoqda.
- Oq uydagilar AQShning yordami Ukrainaga 2025 yilda yangi qarshi hujum boshlashga imkon beradi deb hisoblamoqda.
- RF qo‘shini Ukrainaga dronlar bilan hujum qildi. Xarkivda turar joy binosi, Dniproda — infratuzilma obektlari zarbaga uchragan. Olti kishi jarohatlangan.
Xarkiv o‘qqa tutilishi
Rossiya qo‘shini so‘nggi haftalarda deyarli har kuni Xarkiv bo‘ylab zarbalar bermoqda. Region rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, 5 may kuni shaharga uchta aviabomba tashlangan. 14 ta ko‘p kvartirali uylar, xususiy uylar, avtomobillar, ishlamayotgan sport majmuasi, ofis va ma’muriy binolar shikastlangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 16 kishi jarohatlangan.
G‘arblik harbiy tahlilchilar ilgari surayotgan versiyaga ko‘ra, Rossiya Xarkiv bo‘ylab intensiv zarbalarni ushbu shaharni egallash maqsadidagi amaliyotga tayyorgarlik ko‘rish doirasida oshirmoqda. Xususan, Amerika urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) 5 may kungi hisobotida Rossiya desant batalyoni janubiy frontdan Kursk oblastiga ko‘chirib o‘tkazilganiga e’tibor qaratib, RF shimoliy guruhni kuchaytirishda davom etayotgani Ukraina shimoli-sharqiga, jumladan Xarkivga hujum qilinishidan darak berishi mumkinligini qayd etgan. Ammo ISW tahlilchilari ham, boshqa qator ekspertlar ham urushning bu bosqichida RF qo‘shinlarida Xarkivni shturm qilib egallash uchun kuch yetarli emas deb hisoblaydi.
Ocheretino manzaralari
Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Ocheretino posyolkasini aprel oyi oxirida, deyarli qarshilikka uchramasdan qo‘lga kiritgandi. Ukraina nashrlarida yozilgan versiyalardan biriga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Ocheretinoni mudofaa qilgan ukrain bo‘linmalari rotatsiyasi vaqtida yuzaga kelgan xatolikdan foydalanib qolgan. Ocheretino hududida mudofaa yorib o‘tilishi Ukraina qurolli kuchlari butun Donetsk oblastida mag‘lubiyatga uchrashiga olib kelishi mumkin. 5 may kuni RF mudofaa vazirligi Ocheretino egallangani to‘g‘risida rasman xabar berdi.
The Associated Press nashri keng ko‘lamli urushga qadar uch mingdan ortiq kishi yashagan va hozirga kelib butun binosi qolmagan Ocheretinoning dron orqali olingan tasvirlarini namoyish etgan.
Ukrainada Pasxa nishonlandi
2024 yilda xristianlar, jumladan pravoslavlar va yunon-katoliklar Pasxa bayramini 5 may kuni nishonladi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bayramga bag‘ishlangan videomurojaatida Pasxa bayrami «inson qalbini yovuzlik va zulmat qulligidan ozod etish», shuningdek «ezgulik va adolat g‘alabasi, hayotning o‘lim ustidan tantanasi»ni anglatishini aytib o‘tdi. Zelenskiy urush ukrainlarni jipslashtirgani, «doimo og‘aligini ko‘rsatishga harakat qilgan sobiq qo‘shni» Rossiya esa endi ukrainlar uchun begonalashib ketganini qayd etgan.
Mavzuga oid
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024