“Tramvayni yangi Toshkentda qurish ustuvor bo‘lib turibdi” – Alstom kompaniyasi vitse-prezidenti
Fransuz kompaniyasi vakili Sasha Parne tramvay liniyasini yangi Toshkent hududida qurish o‘zbek mas’ullari tomonidan ustuvor masala sifatida ko‘rilayotganini aytdi. Mutaxassisga ko‘ra, jarayonda joylarda transport tadqiqotlari o‘tkazilishi muhim, loyiha uchun yuz millionlab dollarlar sarflanishi kutilmoqda.
“Toshkentga tramvayni qaytarish rejalashtirilmoqda, ammo “bugungi kunda [tramvay qurilishi boshlansa] shahardagi kommunikatsiya tarmog‘ini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi, bu – juda qimmat g‘oya”,– deydi poytaxtda tramvay loyihasini amalga oshirishi kerak bo‘lgan Alstom kompaniyasi vakili.
Fransiyaning Alstom kompaniyasi – temiryo‘l transporti, jumladan, tramvaylar ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri. Kompaniyaning Afrika, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqalaridagi savdo va marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Sasha Parne 2 may kuni Toshkentda o‘tgan Xalqaro investitsiya forumida Gazeta.uz muxbirining tramvay loyihasiga oid bir qancha savollariga javob bergan.
“Tramvayning eski yo‘nalishini tiklash – yaxshi g‘oyalardan biri”
Sasha Parne shaharning markaziy qismidagi [eski] tramvay liniyalari “muhim infratuzilma nuqtalari” ekanini tasdiqlab, agarda qurilish ishlari boshlansa, ko‘plab kommunal, elektr tarmoqlari, kanalizatsiya quvurlarida uzilish bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Liniyalarni yotqizish davomida imkon qadar odamlar mobilligiga[harakatchanligiga] bo‘lgan talabni qondirishimiz va muhandislik tarmoqlarini buzmaslikka urinishimiz uchun ayrim tadqiqotlar kerak bo‘ladi”, – deydi u.
Qayd etilishicha, har bir shahar turlicha tuzilgan, shuning uchun tramvay liniyalarini loyihalash va qurishda kommunikatsiyalarning joylashishini hisobga olish kerak. Bu borada tramvayning eski yo‘nalishini tiklash – yaxshi g‘oyalardan biri ekani aytilmoqda.
“Chunki [tramvay liniyalari] borligidan beri u yerga hech narsa qurilmagan bo‘lsa, koridorga kirish mumkinligi aniq. Ammo siz talabni ham hisobga olishingiz va mobillikni eng kerakli joyda belgilashingiz kerak”, – degan u.
“Tramvay loyihasi uchun yangi Toshkent prioritet bo‘lib turibdi”
Toshkent hokimiyati va Transport vazirligi Fransiya kompaniyasiga tramvay liniyasini Yangi Toshkentda qurish ustuvor yo‘nalish ekanini qayd etdi.
Gazeta.uz'ning eski Toshkent hududida tramvay loyihasini amalga oshirishga oid savoliga Sasha Parne poytaxt va yangi Toshkent o‘rtasida zamonaviy transport aloqalarini o‘rnatish ustuvor vazifa ekanini, liniyalarni istalgan joyda, jumladan, shahar markazida qurish mumkinligini takrorlagan. Ammo bu borada aniq aniq reja bayon qilinmagan.
“Hozirda, biz bilganimizdek, Yangi Toshkent haqiqatan ham kelajak uchun muhim ustuvor yo‘nalishdir. O‘ylaymanki, Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasidagi aloqa juda ustuvor vazifaga aylanib bormoqda. Istalgan muvaffaqiyatga erishish uchun ushbu loyihani rejalashtirib, zamonaviy va kam uglerodli texnologiyalardan foydalangan holda binolar qurish, haqiqatda tirband qiladigan, atrof-muhitni ifloslantiruvchi avtomobillar o‘rniga yashil transportlar afzalroqdir”, – degan u.
Shuningdek, mutaxassis bunday loyihalarni amalga oshirishning ikki yo‘li haqida gapirib o‘tgan.
“Birinchi yo‘l – integratsiyalashgan yondashuv bo‘lib, unda tizimning har bir elementi paketlar kesimida sotib olinadi, so‘ng ular yangi integratsiyalashgan chiziqqa birlashtiriladi.
Ikkinchi yo‘l - pudratchini 'pod klyuch' tizimi asosida qurilishga jalb qilish, ya’ni bunda pudratchi barcha zarur elementlarning, jumladan, relslar, poyezdlar, energiya tizimlari, signalizatsiya, chiptalarni haqiqiy integratsiyalashuvi – [umuman jarayonda] loyihaning yakunlanishigacha javobgar bo‘ladi. Har kuni o‘z vaqtida va baxtsiz hodisalarsiz keladigan, xavfsiz va ishonchli tizimga ega bo‘lish hamda interfeysda bir-biri bilan to‘g‘ri aloqa qilish uchun [tarmoqni] bir tizimga birlashtirish zarur bo‘lgan ko‘plab jihatlarni hisobga olish kerak”, – dedi u.
Sasha Parne tramvay liniyasini yotqizish loyihaning muhim va qimmatli qismi ekanini aytgan. Qayd etilishicha, [jarayon to‘g‘ri tashkil etilsa] loyihani tezkor amalga oshirish, tajribali mutaxassislar ishtirokida qurilish vaqtini kamaytirish mumkin.
Parne tramvay loyihasining aniq qiymatini ayta olmasligini, chunki u shaharning tuzilishi va dizayniga qarab o‘zgarishini ma’lum qilgan. Ammo vakilning aytishicha, gap taxminan yuz millionlab dollarlar haqida ketyapti.
“Toshkentga transport tadqiqoti kerak”
Alstom vitse-prezidenti tramvayni Toshkentga qaytarish uchun hududda transport tadqiqoti o‘tkazilishi kerakligini, bu odamlar va yuklarning harakatlanishidagi ehtiyojini aniqlashga yordam berishini aytgan.
“Bundan tashqari, bugungi kunda odamlar uchun eng qulay transport vositasi nima ekanligini tushunishimiz kerak. O‘zingiz aniqlab olishingiz kerak: shaharning maqsadi nima? Shovqin, ifloslanish, uglerod chiqindilari va narxni hisobga olgan holda ehtiyojlarni qondirish uchun mobillik nuqtai nazaridan nimaga erishmoqchisiz?
Katta tasavvurga ega bo‘lganingizdan so‘ng, siz an’anaviy avtomobillar va yuk mashinalaridan voz kechishni, uzoq muddatda atrof-muhit uchun yanada xavfsizroq bo‘ladigan, aholi salomatligiga kamroq salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, kamroq zarrachali bo‘lgan ko‘proq jamoat transportidan foydalanishni xohlayotganingizni aytishingiz mumkin. Temiryo‘l transporti – mobillikdagi eng ekologik toza vositadir”, — dedi u.
Shahardagi barqaror harakatchanlik darajasini baholash uchun Sasha Parne aholi jon boshiga metro uzunligini o‘lchashni taklif qildi. Masalan, 3,5 million aholiga ega, metro uzunligi 70-80 km bo‘lgan Dubayda bu ko‘rsatkich har 1 million kishiga 20 kmni tashkil qiladi.
“Toshkentda, menimcha, bu ham 20 km. Tokio, Parij, London kabi transport tizimi 100-150 yil davomida rivojlangan shaharlarni ko‘rsangiz, bu ko‘rsatkich 100-150 kmni ko‘rsatadi. Bu Toshkent ham rivojlanishi bilan shunday raqamga erisha olishi mumkinligini anglatadi”, — dedi u.
Sasha Parnet mamlakatning boshqa hududlarida tramvay liniyasi kerak yoki kerakmasligiga oid transport tadqiqoti o‘tkazmaganini, biroq Yevropa tajribasiga ko‘ra, agar aholi soni 200 ming kishidan oshsa, tramvay liniyalari muhimligini ta’kidladi. “Jamoat transportining katta afzalliklarini ko‘rish uchun shahar aholisi 1-2 million kishi bo‘lishi shart emas”, - degan u.
Tramvay loyihasi tarixi
2022 yil iyul oyida Toshkentda tramvayni tiklashga oid ikki yo‘nalishda takliflar tayyorlangani, birinchisi, TTZ mavzesidan Shimoliy vokzalgacha, ikkinchisi Ippodrom bozoridan Shimoliy vokzalgacha bo‘lishi ma’lum qilingandi.
Xuddi shu yilning noyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Parijga bo‘lgan safarida Toshkent tramvayini Fransiya kompaniyasi qurishi, liniya “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga qadar olib borilishi aytilgandi.
O‘shanda 9,1 km uzunlikdagi tramvay liniyasida yo‘lovchi tashish hajmi kuniga 78 ming kishini tashkil etishi reja qilingani, loyiha 167,4 mln yevroga baholangan hamda qurilish 2024 yilning 2-choragida boshlanishi mumkinligi ta’kidlangandi.
2023 yil fevral oyida “Toshshahartransxizmat” AJ Marketing loyihalar va tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi xodimi Ikrom Shodiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish bo‘yicha Alstom kompaniyasi tomonidan ishlar olib borilayotganini, bu birdaniga bo‘ladigan ish emasligini qayd etgandi.
“Hisob-kitoblar ancha vaqtni talab qiladi. Tramvay yo‘lini qurish o‘zi emas. Ko‘p narsani hisobga olish kerak, shuning uchun 1-2 oyda bu asoslarni ishlab chiqish mumkin emas.
Alstom kompaniyasi taklif etayotgan tramvay choksiz liniya bo‘ladi. Oldin Toshkentda harakatlangan tramvaylar relsda yurganda ovoz chiqardi, yangilarining choki bo‘lmasligi hisobiga ovozsiz yuradi. Hammasi past polli, juda ham qulay tramvaylar bo‘ladi. Bu jarayonda O‘zbekistonning iqlim sharoiti, seysmik tomonlarni ham hisobga olish kerak bo‘ladi”,– degan edi rasmiy vakil.
Mavzuga oid
15:28
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024
Toshkentning ikkita ko‘chasida harakat 19 kunga cheklanadi
17:26 / 21.11.2024