Jahon | 18:35 / 09.05.2024
10603
2 daqiqa o‘qiladi

Zalujniy elchilik lavozimiga tayinlandi

Prezident qarori bilan u harbiy xizmatdan ozod etildi.

Foto: Global Look Press

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni harbiy xizmatdan bo‘shatdi. 8 may kuni tegishli qaror davlat rahbari saytida e’lon qilindi.

«General Valeriy Fedorovich Zalujniy sog‘lig‘i sababli harbiy xizmatdan ozod qilinsin. Unda harbiy forma kiyish huquqi saqlanib qolsin», deyiladi hujjatda.

Prezident boshqa farmon bilan Zalujniyni Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi etib tayinladi.

Shuningdek, Zelenskiy farmon bilan Sergey Lupanchukni Ukraina Qurolli Kuchlari Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondoni lavozimidan ozod qildi va bu lavozimga Ukraina Qahramoni Aleksandr Trepakni tayinladi.

Volodimir Zelenskiy fevral oyida Ukraina Qurolli kuchlari rahbariyati o‘zgarishini ma’lum qilgan edi. 2021 yildan beri Ukraina Qurolli kuchlariga qo‘mondonlik qilgan va so‘rovlar natijalariga ko‘ra Ukrainadagi eng mashhur harbiy deb topilgan Valeriy Zalujniy ishdan bo‘shatildi. Aleksandr Sirskiy Ukraina Qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni bo‘ldi.

Zalujniy iste’foga chiqishidan oldin Ukraina va G‘arb ommaviy axborot vositalari bir necha oy davomida Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi mojaro Ukrainaning frontda muvaffaqiyatsiz qarshi hujumi fonida sodir bo‘lganligi haqida xabar berishdi.

Mavzuga oid