O‘zbekiston | 09:10 / 10.05.2024
1268
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston-Litva» ishbilarmonlar hamkorligi kengashi tashkil etildi

Klaypeda shahrida o‘zbek savdo uyini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Foto: "Dunyo" AA

Mamlakat elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasining Litvaga tashrifi tashkil etildi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, tashrif doirasida Vilnyus shahrida "O‘zbekiston-Litva" ishbilarmonlar hamkorligi kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi va yangi tashkil etilgan platformaning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Litva Sanoatchilar konfederatsiyasi prezidenti V.Yanulevichius ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, transport, logistika, "yashil" energiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa manfaatdor sohalarda o‘zaro hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganini ta’kidladi. 

Litva transport va kommunikatsiya vaziri o‘rinbosari Loreta Maskaliovene o‘z chiqishida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng katta iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan davlatga aylanganini qayd etdi. 

Tashrif doirasida O‘zbekiston va Litva ishbilarmon doira vakillari va kompaniyalari rahbarlari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida B2B shaklida muzokaralar uyushtirildi. Bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi to‘qimachilik, meva-sabzavot, kimyo mahsulotlari, kimyoviy o‘g‘itlar va metall prokatini Litvaga yetkazib berish bo‘yicha 30 million AQSh dollariga teng eksport shartnomalari imzolandi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Litva tadbirkorlari bilan teng ulish asosida Klaypeda shahrida o‘zbek savdo uyini tashkil etish masalasi kelishib olindi. Ushbu savdo uyi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Litva va YeI davlatlari uchun eksport qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid