Pistorius Ukrainaga uchta HIMARS qurilmasi yetkazib berilishini e’lon qildi
Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari AQShga tashrifi chog‘ida Kiyevga yalpi o‘t ochish komplekslarini yetkazib berish Vashington bilan hamkorlikda amalga oshirilganiga aniqlik kiritdi.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius AQShga tashrifi chog‘ida Ukrainaga uchta HIMARS raketa uchirish qurilmasi yetkazib berilishini ma’lum qildi. Pistorius 9 may, payshanba kuni Vashingtonda amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng, raketa uchiruvchi qurilmalar AQSh harbiy zaxiralaridan ekani va ularning narxi nemis tomonidan to‘lanishini aytib o‘tdi. Yetkazib berish Vashington bilan hamkorlikda amalga oshirildi, dedi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari.
AFP ta’kidlashicha, Ostin bilan uchrashuvdan oldin Pistorius shu kuni Patriot havo mudofaa tizimini ishlab chiqaruvchi Raytheon mudofaa kompaniyasiga tashrif buyurgan. Federal mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, u yerdagi rahbariyat bilan yetkazib berish muddatlarining qisqarishi haqida ham gaplashgan. Yangi Patriot’ni sotib olish bo‘yicha shartnoma yozda imzolanishi kerak, deb yozadi agentlik tafsilotlarni keltirmasdan.
Bundan tashqari, Pistorius bir kun oldin Filadelfiyadagi Boeing kompaniyasiga tashrif buyurdi, unga bundesver 60 ta CH47-F Chinook og‘ir transport vertolyotlarini va bir nechta P-8A Poseidon suvosti patrul samolyotlarini sotib olishga ikkita katta buyurtma berdi.
Pistorus: Putin Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonmasligi kerak
7 may kuni Germaniya mudofaa vaziri AQSh va Kanadaga to‘rt kunlik tashrifi avvalida Ukrainani Rossiyadan himoya qilishda davomli qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. «Putin urushda muvaffaqiyat qozonmasligi kerak. Demokratiyalar o‘zini himoya qila oladimi, degan savol tug‘iladi. Bu Yevropaning eng muhim strategik vazifasi, Putin urushi dunyo tartibiga eng katta tahdiddir», - dedi Nyu-Yorkdagi Amerika yahudiylari qo‘mitasi vakillari oldida qilgan chiqishida.
NATO bo‘yicha hamkorlar - AQSh va Kanada bilan muzokaralarda Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari xalqaro xavfsizlikka oid vaziyatni muhokama qilish va Germaniyaning Shimoliy Atlantika alyansidagi ishtirokini kuchaytirishni tushuntirish niyatida. Lloyd Ostin bilan uchrashuvidan keyin Pistorius 10 may kuni Ottavada Kanada mudofaa vaziri Bill Bler bilan uchrashadi.
Germaniyada mudofaa xarajatlarining oshishi
«NATO xavfsizligimiz uchun markaziy o‘rin tutadi va biz hech narsani oddiy deb bilmaymiz. Biz zamon yana o‘zgarganini tushundik. Urush Yevropaga qaytdi va tinchlikdan dividendlar vaqti tugadi. Shuning uchun biz o‘z burchimizni bajaryapmiz. NATOning mudofaa uchun YaIMning 2 foizini ajratish normasi bajariladi va bu bilan to‘xtab bo‘lmaydi», - deya ta’kidladi Pistorius.
Mavzuga oid
10:36
Boris Pistorius kanslerlikka nomzodini qo‘yish niyatida emas
11:40 / 27.09.2024
Pistorius: Germaniya RFni Yevropada tiyib turish ustuniga aylanishga tayyor
10:12 / 14.09.2024
Pistorius: Xalqaro huquq Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat beradi
12:20 / 07.09.2024