O‘zbekiston | 08:56 / 11.05.2024
32249
4 daqiqa o‘qiladi

«Bir soat qiynab, qo‘liga 10 ming so‘m berib ketgan» – Namangandagi 68 yoshli shaxs boshqa qizga ham tegajog‘lik qilgani aytilmoqda

7 yoshli qizning xolasi Namanganda shu yoshdagi boshqa bir qizga uyatsiz harakatlar qilishda gumonlanayotgan 68 yoshli erkak 6 oy muqaddam singlisining qiziga ham tegajog‘lik qilganini aytgan. Ayol o‘sha vaqtda IIBga qilingan murojaat natija bermaganini bildirgan.

Namanganda 68 yoshli erkak avvalroq yana bir 7 yoshli qizga uyatsiz harakatlar qilgani aytilmoqda. Bu haqda jabrlangan qizning xolasi «Mushtum» jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil noyabr oyida singlisining 1-sinfda o‘qiydigan qizini 68 yoshli I.B. mashinasiga mindirib, ovloq joyga olib ketgan.

«O‘tgan yil noyabr oyida singlimning farzandi bilan ham xuddi shunaqa voqea bo‘lgandi va bu holat IIB tomonidan chora ko‘rilmasdan qolib ketgandi. Jiyanim maktabdan chiqib, shu atrofdagi xonadonlardan biriga repetitorga borgan. U yerdan chiqib kelayotgan vaqtida Matiz mashinasida 60 yoshdan oshgan erkak kelib, «Mashinaga chiq, qizim, mashina buzilib qoldi, menga qarashib yubor» degan. Jiyanim yosh bola bo‘lgani sababli yordam beraman deb mashinaga chiqib olgan.

U odam jiyanimni olib, uzoqqa ketib qolgan. Hech kim yo‘q, panaroq joyga olib borib, jiyanimni mashinadan tushirib, o‘zining jinsiy maylini qondirgan. Jiyanim qo‘yib yuboring, uyimga ketaman, deb yig‘lagan. Ammo rahm qilmasdan, taxminan 1-1,5 soat qiynagan. So‘ngra Davlatobod hududida, 49-maktab atrofida do‘kon oldiga tushirib ketgan.

Jiyanim mashinadan tushib, kiyimlarini o‘zi to‘g‘rilab kiyib, o‘sha yerdagi bog‘chaga borgan. Bog‘chada onasi ishlardi. Boshida onasiga aytmagan. Erkak uning qo‘liga 10 ming so‘m berib, mashinadan tushirib ketgan bo‘lgan. Uyga borishganida singlim qizining qo‘lidagi pulni ko‘rib, uni qayerdan olganini so‘ragan. Shunda jiyanim yig‘lab, bo‘lgan voqeani aytib bergan.

Keyin singlim onam bilan IIB xodimlariga ariza bilan murojaat qilishgan. U odamni topishdi ham. Ammo negadir ariza yopti-yopti bo‘lib ketdi.

Jiyanimni singlim va onam shifokorga olib borib ko‘rsatishgan. Tekshiruv paytida haqiqatan ham erkak kishi tomonidan shilqimlik qilingan bo‘lib chiqdi. Lekin u odamga hech qanday chora ko‘rilmadi. O‘g‘illari katta ishda ishlarkanmi, qandaydir IIB bilan aloqalari bor ekanmi, ariza oxiriga yetmasdan qolib ketdi», deya hikoya qilib bergan ayol.

U jiyani ancha paytgacha qo‘rqib, ruhiy holati yaxshi bo‘lmay, ranglari oqarib yurganini ham ma’lum qilgan.

«O‘zimizning ham rahmimiz keldi. Lekin qayerga murojaat qilinsa, u inson qamaldi, jazosini oladi, degan javobni oldik. Keyin bilsak jazosini olmagan ekan. Agar jazosini olgan bo‘lganida yana boshqa qizlarga ham shunaqa qilmagan bo‘lardi», deya ta’kidlagan qizchaning xolasi.

Ayol kichkina go‘daklarni qiynagani uchun erkakka nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Avvalroq mazkur erkak 7 yoshli qizga nisbatan uyatsiz harakatlar qilganlikda gumonlanayotgani xabar qilingandi. Yangi Namangan tumanida yashovchi ayol ichki ishlar organlariga o‘z arizasida 2024 yil 27 mart kuni voyaga yetmagan qizi ko‘chada o‘rtoqlari bilan o‘ynab yurgan vaqtida shu yerdan o‘tib ketayotgan I.B. qizni o‘z avtomashinasiga chiqarib, unga uyatsiz buzuq harakatlar qilganini bildirgan. Ushbu voqea yuzasidan joriy yil 5 aprel kuni Namangan shahar IIO TB tomonidan I.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid