Jahon | 11:10 / 11.05.2024
14400
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburgda avtobus daryoga qulashi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi

Sankt-Peterburgda avtobusning daryoga qulashi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi. Yana bir qancha jabrlanganlar kasalxonaga yotqizilgan.

Sankt-Peterburgda 20 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan avtobus Moyka daryosiga qulab tushdi, deb xabar berdi 10 may, juma kuni Sankt-Peterburg politsiyasi. Baza Telegram-kanali va "Fontanka" nashriga ko‘ra, yangilangan ma’lumotlarga qaraganda, avtobusda 15 kishi bo‘lgan.

Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, YTH oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan, to‘qqiz kishi qutqarilgan. 6 kishi kasalxonaga yotqizilgan, deya xabar beradi TASS.

Voqea joyidan Telegram-kanallarida e’lon qilingan videolavhada avtobusning Bolshaya Morskaya ko‘chasidan Moyka orqali o‘tuvchi ko‘prikka o‘ngga burilib, qarama-qarshi bo‘lakka kirib kelayotgani va yo‘lovchi mashinasi bilan to‘qnash kelgani ko‘rsatilgan. Shundan keyin avtobus panjarani buzib o‘tib, daryoga tushib ketgan.

RIA "Novosti" xabariga ko‘ra, qutqaruv operatsiyasida 69 kishi va 18 ta texnika qatnashdi, yo‘lovchilar salondan avtobus tomiga evakuatsiya qilingan, so‘ngra qirg‘oqqa jo‘natilgan.

Sankt-Peterburg transport qo‘mitasining xabar berishicha, boshqaruvni yo‘qotgan avtobus haydovchisi qo‘lga olingan. Peterburg IIV Bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, unga nisbatan «ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati qoidalarini buzish» (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi 264-moddasi 5-qismi) moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. «112» Telegram-kanali haydovchining rafiqasiga tayanib, u 20 soatlik smenadan keyin ertalab reysga chiqishga majbur bo‘lganini yozmoqda.

Mavzuga oid