O‘zbekiston | 13:43 / 11.05.2024
9479
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda soxta “prava” sotib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Guruh a’zolari haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilgan holda 2022 yilning noyabr oyidan 2024 yilning aprel oyiga qadar 200 nafardan ziyod fuqaroni “chuv” tushirgan. Ular odamlarning ishonchiga kirish uchun turli nayranglarni o‘ylab topishgan. Kun.uz 3 oy oldin odamlarni ushbu jinoiy guruh firibgarligidan ogohlantirgan edi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrida haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilib, odamlarni chuv tushirib kelgan jinoiy guruh a’zolari ushlandi. Guruhga Toshkent shahrida vaqtincha ro‘yxatda turib, IT kompaniyasida ishlab kelgan ikki nafar buxorolik yigit boshchilik qilgan.

Ma’lum qilinishicha, ular 2022 yilning o‘rtalarida soxta haydovchilik guvohnomasini tayyorlab sotish bilan bog‘liq jinoiy reja ishlab chiqishgan. Bu reja o‘qimasdan, nazariy va amaliy imtihonlarni topshirmasdan haydovchilik guvohnomasini olmoqchi bo‘lganlarni chuv tushirishga asoslangan edi.

Shu tariqa yigitlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli kanal va guruhlarda muayyan haq evaziga haydovchilik guvohnomasi sotilishi to‘g‘risida e’lon berishgan. Har bir kategoriyaning o‘z narxi bor edi: “a”, “b” yoki “s” kategoriyaga ega haydovchilik guvohnomasi olish istagida bo‘lganlar 3,5 mln so‘m, “D” va “E” kategoriyali guvohnomaga ega bo‘lishni istaganlar 4 mln so‘m, ham “D”, ham “E” kategoriyali haydovchilik guvohnomasini olmoqchi bo‘lganlar 5,5 mln so‘m to‘lashlari kerak edi.

Yigitlar odamlarning ishonchiga kirish maqsadida ularga o‘zlarini ichki ishlar organlari xodimlari sifatida tanishtirgan. So‘ngra ijtimoiy tarmoqlar orqali notanish fuqaro bilan bog‘lanib, uning bank plastik kartasini sotib olishgan. Negaki, ular mabodo qilmishlari oshkor bo‘lib qolsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari avvalo plastik karta egasini osongina topib olishlari mumkinligini yaxshi bilishgan.

O‘qimasdan “prava” sotib olishni xomxayol qilganlar esa ushbu plastik kartaga pul o‘tkazganlar. Ammo haydovchilik guvohnomasini hech kim qo‘liga ololmasdi. Bunday qalloblikning sirini uzoq yashirishning iloji yo‘qligini tushungan guruh a’zolari yangidan yangi nayranglarni o‘ylab topaverishgan. Jumladan, dastlab buyurtmachilarga fotoshop dasturi orqali tayyorlangan qalbaki haydovchilik guvohnomasining suratlari namoyish qilingan. Bu nayrang ish bermay qolgach Rossiyada yashovchi fuqaro bilan ijtimoiy tarmoq orqali bog‘lanib, muayyan shaxsga tegishli haydovchilik guvohnomasining uskunadan chiqish jarayoni aks etgan video tasvirlarni sotib olishgan. Mazkur tasvirlarning har biri uchun 5-10 AQSh dollari to‘langan.

Bundan tashqari, qonuniy yo‘l bilan haydovchilik guvohnomasi olgan bir qancha shaxslar bilan bog‘lanib, ularning har biriga 1,5 mln so‘mdan haq to‘lagan holda “Mana, men “pravam”ni oldim, ishonaveringlar”, degan mazmundagi fotoreklamalar tayyorlashga erishganlar. Bu esa sodda insonlarning shubhasini tarqatishga xizmat qilgan.

Yigitlar jinoiy sheriklari yoki “prava” sotib olishni istaganlarning birortasi bilan yuzma-yuz bo‘lishmagan. Onlayn muloqot chog‘ida ham ularning qiyofasini hech kim ko‘rmagan. Ular shu yo‘l bilan qo‘lga tushmasliklariga ishonishgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoiy guruh a’zolarining barchasi ushlangan. Gumonlanuvchilarning bir nechtasiga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Qo‘lga olinganlar orasida jinoiy guruh faoliyatini boshqargan ikki nafar yigit, qalbaki haydovchilik guvohnomalari fotosuratlarini yasagan dasturchi hamda ijtimoiy tarmoqlarda kanal va guruhlarni tashkil qilgan 6 nafar shaxs bor. Qayd etilishicha, ular 2022 yilning noyabr oyidan 2024 yilning aprel oyiga qadar respublikaning turli hududlarida yashovchi 200 nafardan ziyod fuqaroni chuv tushirgan.

Kun.uz avvalroq ushbu jinoiy guruh faoliyati bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgandi. Unda internetda firibgarlarning “prava” sotish bilan bog‘liq navbatdagi aldov xabari aylanib yurgani, ayrimlar bu yolg‘onga aldanib, pullaridan ayrilgani haqida gap boradi.

Mavzuga oid