14 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar
“Eski modellar ortidan quvmasligi”ni aytgan UzAuto Motors Cobalt-2 rejasiga qaytdi. Toshkentda transport kartalari sotuvchi chiptaxonalar yopildi. “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlariga oid cheklovlar e’lon qilindi. O‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.
ATTO – endi faqat pochta bo‘limlarida
Bir necha yil oldin ATTO transport kartalari joriy etilishi bilan qog‘oz shakldagi “proyezdnoy”lar va metro jyetonlaridan voz kechilgan edi. Endilikda “proyezdnoy” sotadigan kioskalar ham o‘tmishga aylanyapti. 15 may, chorshanbadan boshlab Toshkent shahrida transport kartalarini sotish shoxobchalarining barchasi yopiladi.
“Toshshahartransxizmat” xabariga ko‘ra, bundan buyon ATTO kartalarini xarid qilish, hisobini to‘ldirish va tarif sotib olish xizmatlari Uzpost pochta bo‘limlarida amalga oshiriladi. Rasmiylarning qayd etishicha, jamoat transportlarida elektron to‘lovlardan qulayroq foydalanish uchun ATTO mobil ilovasida virtual karta ochish imkoni bor. Virtual karta fizik kartaning hamma funksiyalarini bajaradi.
Ma’lumot uchun, jamoat transportidan ko‘p foydalanadigan odamlarning aksariyati yo‘l haqini allaqachon karta orqali to‘lashga odatlanib ulgurgan. Aprel oyida shahar jamoat transporti orqali jami 32 millionta tranzaksiya qilingan bo‘lsa, shuning 43 foizi ATTO kartasi, 35 foizi esa bank kartalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq”dagi cheklovlar
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktablarda 25 may, shanba kuni o‘tkaziladigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘yicha an’anaviy tavsiyalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ertalab soat 8 dan 9 gacha o‘tkaziladi va faqat 1-, 4-, 9- va 11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, o‘quv yili tugashi munosabati bilan turli restoran va kafelar, xonadonlarda “Bitiruv oqshomi”ni o‘tkazish taqiqlanadi. O‘quvchilardan qimmatbaho sovg‘alar uchun pul yig‘ish, bitiruv kechalariga atab qimmat kiyimlar olish, yengil avtomashinalarda sayr uyushtirish, o‘quvchilarning guruh-guruh bo‘lib xiyobonlar, parklar va cho‘milish havzalariga borishi ham mumkin emas.
Rasmiylarning qo‘shimcha qilishicha, maktab rahbarlari imtihonlar vaqtida maktab ta’miri uchun o‘quvchilardan pul yig‘ishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, bu yilgi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ilk marta Milliy gvardiya xodimlari nazorati ostida o‘tadi. Bu organ fevral oyida maktablarda davomat va intizomni yaxshilashga faol jalb etilgan edi, shundan buyon Milliy gvardiya xodimlari ishtirokidagi bir qator holatlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shunday holatlardan biri Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi 49-maktabda ro‘y berdi. Internetda tarqalgan videodan ko‘rinishicha, gvardiya xodimi maktabda bir o‘quvchi yigitning yuziga shapaloq tortib yuborgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, maktabda inspektor-psixolog sifatida ishlayotgan xodim o‘quvchiga shapaloq tushirgani sababli lavozimidan chetlatilgan. Hozir uni boshqa lavozimga tayinlash masalasi ko‘rib chiqilyapti.
Erta turmush holatlari
O‘zbekistonda bir yil ichida 22 ta erta turmush qurish holatlari aniqlangan. Bosh prokuraturadan ma’lum qilishlaricha, bu holatlar yuzasidan 41 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 55 ta erta nikoh holatlarining esa oldi olingan.
O‘zbekistonda nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh deb belgilangan bo‘lib, uzrli sabablar bo‘lganda nikoh yoshini ko‘pi bilan 1 yilga kamaytirish mumkin. Shunga ko‘ra, 17 yoki 18 yoshga to‘lmagan farzandlarini nikohlab qo‘ygan ota-onalar va bolalarning nikohini o‘qigan diniy ulamoga nisbatan javobgarlik masalasi ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Samarqand viloyati Toyloq tumanida 8-sinf o‘quvchisi farzandli bo‘lgan edi. Chaqaloqning otasi ham hali maktabda o‘qiydi. Holat yuzasidan “16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Zo‘ravonlikka uchragan ayollarga boshpana
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 1 iyundan boshlab, xotin-qizlar tazyiq yoki zo‘ravonlikka uchragan taqdirda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilib, himoya orderi olmagan holda ijtimoiy va yuridik xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun hududlarda vaqtinchalik boshpana, ya’ni shelterlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni zo‘ravonlikka uchragan ayollarga nafaqat psixologik va yuridik xizmatlar ko‘ratiladi, balki ular vaqtinchalik boshpana bilan ham ta’minlanadi.
“O‘zavtosanoat” Cobalt-2 rejasiga qaytdi
O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt'ning yangilangan versiyasi sotuvga chiqariladi. Kun.uzʼning avtosanoatdagi manbasiga ko‘ra, Cobalt–2 uchun shartnoma berish 2025 yildan boshlanishi kutilyapti.
Yangilangan model narxi qanaqa bo‘lishiga aniqlik kiritilmadi. Shuningdek, avtomobilning tashqi ko‘rinishi va saloni qanaqa bo‘lishi ham hozircha noma’lum. Eslatib o‘tamiz, Cobalt-2'ning O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazilayotgani aks etgan rasmlar ilk marta 2022 yilda tarqalgan edi.
Avvaliga, “UzAuto Motors” yangi Cobalt avtomobilini 2019 yildan boshlab ishlab chiqarishni reja qilgan, lekin bu rejadan voz kechilgan edi. “O‘zavtosanoat” buni o‘shanda “eski modellar ortidan quvish maqsadga muvofiq emasligi” bilan izohlagandi.
Sardor Kariyevning onasi sudga murojaat qildi
Sardor Kariyevning onasi “Dok-1 Maks” siropidan jabrlanganlarga 75 mlrd so‘mlik tovon pulini to‘lab berishga tayyorligini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Munira Kariyeva jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga shunday iltimos bilan murojaat qilgan.
Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev shu yil fevral oyida “Dok-1 Maks” ishi doirasida 23 kishi qatorida aybli deb topilib, 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Uning onasi Munira Kariyev hozirda “Jurabek laboratories” farmatsevtika kompaniyasining ta’sischisi hisoblanadi. U sudga qilgan murojaatida 75 mlrd so‘mlik tovon pulini kompaniya tomonidan unga to‘lanadigan dividendlar hisobidan 3 yil davomida, bo‘lib-bo‘lib to‘lashga tayyorligini bildirgan, buning evaziga o‘g‘liga nisbatan jazoni yengilrog‘iga almashtirib, uni ozodlikka chiqarishni iltimos qilgan.
Mavzuga oid
20:43 / 08.11.2024
8 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:04 / 07.11.2024
7 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:35 / 06.11.2024
6 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:18 / 05.11.2024