Sport | 12:01 / 14.05.2024
12212
9 daqiqa o‘qiladi

Darvozabonlarning «qovunlari», hujumdagi kulgili xatolar va so‘nggi daqiqalardagi kambek. «Liverpul» ikki gol ustunligini boy berdi

Endi «Tottenhem» YeChL yo‘llanmasiga imkoniyat saqlab qolish uchun «Siti»ni yengishga majbur.

Foto: Gettyimages/Alex Pantling / Staff, Shaun Botterill / Staff

«Aston Villa» — «Liverpul» 3:3
Gollar:
Tilemans (12), Duran (85, 88) — Martines (2, avtogol), Gakpo (23), Kvansa (48).
«Aston Villa» – Martines, Konsa, Diyego Karlos, Pau Torres, Din, Makginn, Tilemans (Zaniolo, 65; Duran, 79), Beyli, Duglas Luis (Chembers, 80), Diabi, Uotkins.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Kuansa, Gomes, Endo (Soboslai, 76), Mak Allister, Elliott (Gravenberh, 75), Saloh, Dias (Jons, 76), Gakpo (Nunes, 75).
Ogohlantirishlar: Elliott (38), Makginn (70).

APLning 37-turi doirasidagi so‘nggi uchrashuv voqealarga boy b o‘ldi. «Aston Villa» va «Liverpul» muxlislarbop o‘yin namoyish etishdi, ammo durangga rozi bo‘lishdi.

O‘yindagi g‘alati voqealar ilk daqiqalardan boshlandi. Ikkinchi daqiqada Elliot qanotdan uzatma berdi, 2022 yilgi jahon chempioni Emiliano Martines esa «Tottenhem» muxlislarini xushnud qilgan holda to‘pni o‘z darvozasiga kiritib yubordi. Bu vaziyatda darvozabonni rikoshet chalg‘itdi, to‘p Pau Lopesga tegib yo‘nalishini o‘zgartirgani tufayli u ortga tisarilishiga to‘g‘ri keldi va to‘pni to‘sdi, ammo toyib ketdi va to‘pni qo‘llaridan chiqarib yubordi.

«Aston Villa» va «Tottenhem» ayni vaqtda Chempionlar ligasiga to‘rtinchi yo‘llanma uchun kurashmoqda. O‘yin arafasida Unai Emeri jamoasi to‘rtinchi o‘rinda turgan va «Tottenhem»ni to‘rt ochkoga ortda qoldirayotgandi. «Aston Villa»ning g‘alabasi londonliklar klubining YeChL uchun imkoniyatlarini butunlay yo‘qqa chiqargan bo‘lardi.

Birminghemliklar esa o‘yin startida muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi. Muhammad Salohda farqni oshirish imkoniyati bo‘lgandi — misrlik hujumchining zarbasidan keyin to‘p himoyachiga tegib maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Biroz o‘tib Kodi Gakpo o‘tkir burchakdan to‘pni ustunga tekkizdi.

Ammo Emeri jamoasi o‘zini qo‘liga oldi va ko‘p o‘tmay hisobni tenglashtirdi. Yuri Tilemans kuchli zarba bilan darvozani o‘qqa tutdi, ammo bu golni Olli Uotkins yuzaga keltirdi. Angliyalik hujumchi dribling bilan himoyachilarni ortda qoldirdi va jamoadoshini qulay vaziyatga chiqardi. Himoyachilar Uotkins bilan andarmon bo‘lib, Yurini jarima maydoni markazida yolg‘iz qoldirishgandi. Uotkins mavsumdagi 13-golli pasini amalga oshirdi — Yevropaning top-5 ligalaridagi eng yaxshi ko‘rsatkich.

12-daqiqagacha ikki gol urgan jamoalar to‘xtash haqida o‘ylashmasdi. 23-daqiqada «Liverpul» yana hisobda oldinga chiqdi. Bu safar Kodi Gakpo Jo Gomesning qanotdan uzatmasini bo‘sh darvozaga kiritdi. Hakamlar epizodni uzoq tekshirishdi, chiziqlar tortishdi va yakunda Gomesda ofsayd topa olishmadi. Shundan keyin Saymon Huper maydon markazini ko‘rsatdi va mersisaydliklarga qo‘shilib «Tottenhem» muxlislari ham bu golni nishonlashdi.

Keyin esa «Aston Villa» futboldagi kulgili holatlar kolleksiyasini to‘ldirdi. Mezbonlarga o‘z darvozasi atrofidagi bitta feyl holat yetarli bo‘lmasdan, buni raqib darvozasi oldida ham takrorlashdi. Leon Beyli «Liverpul» darvozaboni hududiga zargarona pas uzatdi, Diyego Karlos esa to‘p darvoza to‘riga borib tushishi uchun oyog‘ini to‘g‘ri qo‘yishi kifoya edi. Ammo u himoyachiligini isbotlab, bo‘sh darvozani ishg‘ol eta olmadi.

Bo‘lim oxirida Beylining o‘zi ham «Liverpul»ni kechirdi — darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib, to‘pni yuqoriga tepib yubordi. Birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra «Aston Villa» kutilgan gollar bo‘yicha 1,64 ko‘rsatkichini qayd etgani, raqibda bu — 1,17 ga teng bo‘lgani bejiz emasdi.

«Aston Villa» tanaffusda xatolardan saboq chiqarmagani ma’lum bo‘ldi va ikkinchi bo‘lim boshlanishidan uch daqiqa o‘tib uchinchi golni ham o‘tkazib yuborishdi. Harvi Elliott to‘pni yuqoridan uzatib berdi, Jarell Kuansa esa bosh bilan qarama-qarshi burchak tomon chiroyli zarba yo‘lladi — to‘p avvaliga ustunga, keyin to‘rga bordi.

«Aston Villa» tezda javob qaytardi, ammo hakam Beylidagi ofsayd tufayli golni bekor qildi. Bu vaziyatda Beyli avvaliga ofsaydda qolganini taxmin qilib, to‘pni ortdan kelayotgan Diabiga qoldirmoqchi bo‘lgandi, ammo qarorini o‘zgartirdi va to‘pni o‘zi egallab, Uotkinsga uzatdi, ammo bu qaror xato bo‘lib chiqdi.

Keyinroq Alison kutilmaganda to‘pni Diabiga tashlab berdi, ammo bu hujumda Uotkins tovon bilan gol urishga urinib, buni uddalay olmadi.

Bir necha daqiqa o‘tib Elliotning goli ofsayd tufayli bekor qilindi.

O‘yin oxiri ham voqealarga boy bo‘ldi. Nikolo Dzaniolo zaxiradan maydonga tushdi, ammo 14 daqiqa o‘tib jarohat tufayli zaxiraga qaytarildi. Orada Darvin Nunesning ham goli bekor qilindi. Dzaniolaning o‘rniga tushgan Jon Duran esa to‘rt daqiqada ikki gol urdi.

Birinchi holatda mezbonlar himoyadan chiqishda to‘pni oldirdi va MLS chempionatidan kelgan kolumbiyalik hujumchi jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba berdi, ikkinchi golda esa uning ochiqchasiga omadi keldi. Diabining oldinga tashlangan kuchli pas Duranning son qismi orqali Alisonni chalg‘itib darvozaga borib tushdi — 3:3. Tribunada o‘yinni kuzatgan taniqli Hollivud aktyori, «Villa» muxlisi bo‘lgan Tom Henks stadiondagi hammadan ko‘ra ko‘proq xursandchilik qildi.

«Liverpul» bu o‘yinda yutqazishi ham mumkin edi, ammo Alison Mussa Diabining murakkab zarbasini qaytardi. Yana bir vaziyatda esa «Aston Villa» futbolchilari penalti talab qilishdi.

Ularning fikricha, van Deyk jarima maydonida qo‘l bilan o‘ynagandi, ammo hakam epizodni tekshirib ko‘rganidan keyin o‘yinni davom ettirish kerakligini ko‘rsatdi. Yakunda «Aston Villa» kutilgan gollar bo‘yicha 3,71 ko‘rsatkichini qayd etdi, «Liverpul»da — 1,98.

«Liverpul» oldinroq chempionlik poygasini tark etib bo‘lgandi va keyingi natijalar jamoani uchinchi o‘rindan qo‘zg‘ata olmaydi. Ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarib mag‘lubiyatdan qutulib qolgan «Aston Villa» esa top-4 da qolish imkoniyatini oshirdi. Agar 13 may kuni «Tottenhem» uyda «Siti»ni yenga olmasa, Emeri jamoasi YeChL yo‘llanmasini kafolatlaydi. Boshqa har qanday natijada barchasi so‘nggi turga qoladi, unda «Aston Villa» «Kristal Pelas» mehmoni bo‘ladi, «Tottenhem» — «Sheffild Yunayted» bilan o‘ynaydi.

«Tottenhem» qolgan ikki o‘yinida g‘alaba qozonsa ham, «Aston Villa»ga durang yetarli bo‘lishi mumkin. Buning uchun «Tottenhem» o‘ta yirik hisoblarda g‘alaba qozonib yubormasligi kerak bo‘ladi, hozirda to‘plar nisbatidagi ustunlik birminghemliklar tomonda — +20 ga qarshi + 12.

APLda so‘nggi tur o‘yinlari bir vaqtda, 19 may, yakshanba kuni Toshkent vaqti bilan 20:00 da boshlanadi.

Mavzuga oid