Jahon | 07:53 / 15.05.2024
5198
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina harbiy bo‘linmalari Xarkiv viloyatidagi yangi pozitsiyalarga o‘tkazildi

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lum qilishicha, manyovrdan so‘ng bo‘linmalar kuchli otishma va Rossiya qo‘shinlarining Lukyansev hamda Vovchansk tumanlarida oldinga siljishiga javoban yangi pozitsiyalarga o‘tdi.

Foto: Getty Images

Ukraina harbiylari Xarkiv viloyati ayrim hududlarida Rossiya qo‘shinlarining otishma va hujumiga javoban yangi pozitsiyalarga o‘tkazildi, bu haqda 14 may, seshanba kuni kechqurun Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining Facebook sahifasida xabar qilindi

Bosh shtab xabarida ta’kidlanganidek, «ayrim hududlarda, Lukyansev va Vovchansk tumanlarida dushmanning otishma va hujum operatsiyalari natijasida harbiy xizmatchilar hayotini saqlab qolish va yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bo‘linmalar yanada foydali pozitsiyalarga manyovr va harakatlanishni amalga oshirdi».

Kiyev vaqti bilan soat 23:00 ga ko‘ra janglar davom etgan. Ukraina Qurolli kuchlari qo‘mondonligi xabarida aytilishicha, Ukraina qo‘shinlari bo‘linmalari Xarkiv, xususan, Glubokoye - Lipsi, Lukyansi - Lipsi, Borisovka - Neskuchnoye, Rossiyaning Shebekino - Vovchansk yo‘nalishlarida dushmanning 11 ta hujumini qaytargan, «uchta harbiy to‘qnashuv hali ham davom etmoqda». 

Vovchansk uchun janglarda Rossiyaning taktik muvaffaqiyati 

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Xarkiv yo‘nalishidagi chegarada Vovchansk shahri uchun olib borilgan janglarda taktik muvaffaqiyatga erishgan. «Dushman shaharga hujum qilish uchun beshtagacha batalondan iborat muhim kuchlarni joylashtirdi va yo‘qotishlarni hisobga olmayapti», — deya ma’lumot berdi Ukraina Bosh shtabi 13 mayga o‘tar kechasi. 

O‘tgan hafta Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv viloyatida boshlangan hujumi fonida Ukraina Qurolli kuchlari rahbariyati «Xarkiv» tezkor-taktik qo‘shinlar guruhi (TTQG) qo‘mondonini almashtirdi: bir oy oldin tayinlangan Yuriy Galushkin o‘rnini Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Mixail Drapatiy egalladi. Bu haqda 13 may kuni «RBK-Ukraina» agentligi «Xortitsa» davlat teleradiokompaniyasidagi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

So‘nggi kunlarda Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya armiyasining «Sever» guruhi bo‘linmalari Xarkiv viloyati Rossiya bilan chegaradosh bir necha aholi punktlarini egallab olgani haqida xabar berdi. Ular orasida Vovchansk shimolidagi Pletenevka va Gatishche, shuningdek, Borisovka, Ogursovo, Pilnaya va Strelechya bor. 

Xarkiv viloyatiga hujum 

Rossiya armiyasi 10 may kuni ertalab Xarkiv viloyatiga hujum boshladi. Reuters agentligi Ukrainaning yuqori martabali harbiy amaldoriga tayanib, Rossiya armiyasi Vovchansk hududida taxminan 1 km ilgarilab ketgani va Rossiya Qurolli kuchlarining maqsadi dushmanni 10 km orqaga surib tashlash ekanini yozgan. 

Mavzuga oid