Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ehtimoliy xatarlarni sanab o‘tdi
Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasining xulosasiga ko‘ra, Ukrainadagi urushning avj olishi, tovarlar narxlarining o‘zgaruvchanligi va jahon iqtisodiyotidagi stagnatsiya ehtimollari O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tashqi xatarlarni tashkil etadi. Ichki xatarlar qatorida esa davlat xarajatlarini qisqartirish kechikishi, davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq majburiyatlar yuzaga kelishi va boshqalar keltirib o‘tilgan.
Xalqaro valuta jamg‘armasi 2024 yilgi maslahatlashuvlar doirasida O‘zbekiston rasmiylari bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan muhokamalar yakunlari bo‘yicha tashkilot missiyasining rasmiy bayonotini e’lon qildi.
Joriy holat
Bayonotda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’ati yuqoriligicha qolmoqda. Pul o‘tkazmalari hajmi 2022 yilgacha bo‘lgan davr trendiga qaytgan bo‘lsa-da, rag‘batlantiruvchi fiskal siyosat yuritilishi, asosiy kapitalga investitsiyalarning keskin o‘sishi va xususiy iste’molning faollashuvi 2023 yilda YaIM real hisobda 6 foiz o‘sishiga xizmat qildi. 2024 yilning birinchi choragida o‘sish sur’ati yuqori saqlanib qolib, yillik hisobda 6,2 foizni tashkil etdi.
Real daromadlarning barqaror o‘sishi va 2020 yildan beri ijtimoiy himoya tizimi ko‘lamini kengaytirish borasidagi choralar kambag‘allik darajasini 2021 yildagi 17 foizdan 2023 yilda 11 foizgacha pasayishiga yordam berdi. Nisbatan yuqori real asosiy stavka hamda jahon bozorida oziq-ovqat va energiya narxlarining pasayishi tufayli umumiy inflatsiyaning 2022 yil oxiridagi 12,3 foizdan 2024 yil mart oyida 8 foizgacha pasaydi.
Mashina va uskunalar importining tez sur’atda o‘sishi (ularning bir qismi vaqtinchalik xarakterga ega), pul o‘tkazmalari hajmining 2022 yilga nisbatan qisqarishi, tashqi qarzlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining oshishi va chet el ulushi bor korxonalar daromadlarining repatriatsiya qilinishi kabi omillar ta’sirlarining oltin eksportiga nisbatan yuqori bo‘lishi to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining YaIMga nisbatan 2020 yildagi 3,5 foizdan 2023 yilda 8,6 foizgacha oshishiga sabab bo‘ldi. Xalqaro zaxiralar 2023 yilda 1,2 milliard AQSh dollariga qisqargan bo‘lsa-da, yuqori darajada qolmoqda va 2024 yil mart oyi oxirida taxminan 9 oylik import hajmini tashkil etgan.
Istiqbollar
“Umuman olganda istiqbollar ijobiy, ammo ichki va tashqi xatarlar saqlanib qolmoqda. Mamlakat rasmiy idoralarining islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy sa’y-harakatlari, ayniqsa, energetika, xususiylashtirish va davlat korxonalarini isloh qilish yo‘nalishidagi, iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini yaxshilashga yordam berdi. YaIMning real o‘sishi yuqori bo‘lib, ichki talabning barqaror o‘sishi hisobiga 2024 yilda 5,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda va 2025 yilda 5,5 foizgacha oshadi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, fiskal to‘g‘rilanishlarning davom etishi (fiskal taqchillikning qisqartirilishi), bank kreditlari o‘sishining muvozanatlashishi va importda 2023 yilda kuzatilgan vaqtinchalik omillarning kamayishi importning o‘sishini maqbullashtirishi qayd etilgan. Bu esa, joriy va keyingi yillarda ayni paytdagi hisob taqchilligining pasayishiga olib keladi.
Prognozlarga ko‘ra, inflatsiya 2024 yil oxiriga kelib, energiya narxlarining oshirilishi ta’sirida biroz oshadi, ammo qat’iy makroiqtisodiy va makroprudensial siyosat hamda tarkibiy islohotlarning davom ettirilishi inflatsiyaning keyinchalik O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan belgilangan maqsad ko‘rsatkich darajasigacha pasayishiga olib keladi.
Xatarlar
XVJ ekspertlari O‘zbekiston uchun tashqi sharoitlardagi yuqori noaniqliklar sifatida Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushi avj olishining geoiqtisodiy oqibatlari, tovarlar narxlarining o‘zgaruvchanligi va jahon iqtisodiyoti o‘sish sur’atlarining keskin pasayishi kabilarni keltirib o‘tgan.
Ichki xatarlarga fiskal konsolidatsiyaning rejalashtirilganidan ko‘ra sekinroq bo‘lishi, banklar balanslarining zaiflashishi, davlat banklari, davlat korxonalari va davlat-xususiy sheriklik (DXSh) bitimlari bo‘yicha shartli majburiyatlarning yuzaga kelishi kabilar kiritilgan. Tarkibiy islohotlarning jadallashishi, daromadlar va kapital oqimining kirib kelishi va oltin narxining o‘sishi ijobiy omillar sifatida qayd etilgan.
Mavzuga oid
11:28 / 20.11.2024
Hukumat investitsiya kompleksi iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushiradi
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
16:40 / 12.11.2024
O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorlik reytingida Markaziy Osiyoda so‘nggi o‘rinni egalladi
20:57 / 08.11.2024