“Katta kompaniyalarga kirishning yaxshi yo‘li – o‘sha yerda amaliyot o‘tash” - Bloomberg va Amazon'dan taklif olgan talaba
“Taxminan 70 tacha kompaniyaga hujjat topshirgandim, ular orasida Amazon, Bloomberg, Wayfair, Uber, Mastercard kompaniyalari ham bor edi. Oxirida Bloomberg va Amazon'dan ish takliflari olishga muvaffaq bo‘ldim”, – deydi Germaniyada magistraturada o‘qiyotgan 23 yoshli Javohir Jo‘raxo‘jayev.
Javohir Jo‘raxo‘jayev Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida ziyoli, o‘rtahol oilada tug‘ilgan. U bakalavriatni Toshkentdagi Inha universitetida tamomlagan, hozirda Germaniyaning Berlin shahridagi ESTM (European School of Management and Technology) biznes maktabida sun’iy intellekt va data analitika yo‘nalishida magistraturaning 1-kursida o‘qiyapti.
Javohir shu yil yozdan boshlab Londonda, Bloomberg'ning Yevropadagi bosh ofisida ish boshlaydi. Sentyabrning oxirida esa Amazon'ga o‘tadi. U ushbu ikki kompaniyaga ishga kirishning deyarli barcha bosqichlaridan o‘tib, ish taklifi olgan va endilikda sinov muddati davomida o‘zini ko‘rsatishi kerak.
Qahramonimiz Kun.uz'ga bergan intervyusida shular haqida batafsil gapirib berdi.
“O‘qishga IELTS, GMAT, GRE'siz kirganman”
— Germaniyada o‘qish dasturlari bor, masalan, ausbildingga o‘xshagan, unda ham o‘qib, ham ishlash mumkin. Men bu yerga magistraturaga kelganman, magistratura uchun asosan til sertifikatlari va GMAT, GRE yoki SAT kabi sertifikatlar so‘raladi. Hujjat topshirayotgan universitetingizga qarab bular farq qiladi. Men o‘qiyotgan oliygoh xalqaro xususiy biznes maktabi bo‘lgani uchun bu yerga ingliz tilini bilishim yetarli bo‘lgan.
Bundan tashqari, boshqa qabul kriteriyalari ham bor: bakalavrdagi o‘qish baholaringiz yuqori bo‘lishi, SAT, GMAT yoki GRE sertifikatini olgan bo‘lishingiz kerak. Men IELTS ham, GMAT yoki GRE ham topshirmaganman, mening qabul jarayonim boshqacharoq o‘tgan. Mening Inhadagi o‘qishlarim ingliz tilida o‘tilgani, ingliz tilidagi xalqaro kompaniyalarda ishlaganim uchun mendan til sertifikati so‘ralmagan. GMAT, GRE'da qaysidir ma’noda nomzodlar analitika, mantiq bilimlar tekshiriladi, bu bilimlarni isbotlash uchun menda data muhandislik va data analitika sohasi bo‘yicha 2 yilga yaqin ish tajribasi bo‘lgan. Rezyumemda shu dalillarni ko‘rsatganman, biznes maktabi ishxonamga aloqaga chiqib, buni tasdiqlab olishgan.
“Oliygohingiz TOP reytingga kirgan bo‘lsa, viza olishingiz ehtimoli yuqori bo‘ladi”
— Germaniyaga kelishimdan oldin Gollandiyaning Nielson kompaniyasida O‘zbekistonda turib masofadan ishlaganman. Berlinga kelishimdan oldin bu kompaniya magictraturada o‘qishimni qo‘llab-quvvatlashgan. Kechga o‘qishdan keyin bo‘lsa ham ishlab berishimni so‘rashgan, lekin men ham jismonan, ham ruhan bunga ulgurmaganim sababli ishni to‘xtatganman. Umumiy hamma jarayonlar o‘tgach oliygoh qabul komissiyasi bilan bir suhbat bo‘lgan. Shundan keyin nomzodimni ko‘rib chiqishgan, taxminan bir oylardan keyin qabul xati kelgan, so‘ng vizaga hujjatlarimni topshirganman. Agar o‘qishga kirgan oliygohingiz TOP reytingga kirgan bo‘lsa, viza berish ehtimoli juda yuqori bo‘ladi. Men kirgan OTM universitet emas, u Germaniyadagi biznes maktablar ichida TOP 3 talikka kiradi. Ba’zi yillar bir yoki ikkinchi o‘rinda turadi, ba’zida 3-o‘rinda. Internetga Germaniyadagi TOP biznes maktablari deb qidiruvga bersangiz, mening o‘qishim chiqib keladi.
Men o‘qiyotgan oliygoh xususiy bo‘lgani sababli shartnoma asosida qabul qilinganman, bunda 2 yil uchun jami 30 ming yevro to‘lanadi. Men scholarship, ya’ni kontrakt to‘loviga grant ajratilishi uchun alohida hujjatlar ham topshirganman. O‘qishdan tashqari tashkilotlar emas, aynan o‘qishning o‘ziga topshirganman, shuning hisobiga menga 20 foizli grant ajratishga rozi bo‘lishgan. Bu unchalik katta miqdor emas, chunki mening bakalavr baholarim TOP darajada bo‘lmagan, men shu sohada kerakli ish tajribasiga egaligim sababli menga grant ajratishgan. Kontrakt to‘lovining qolgan qismi uchun turlicha variantlar bor.
Men O‘zbekistonda ishlab yurgan vaqtimda daromadim yaxshi edi, Germaniyaga kelish uchun shundan pul jamg‘arib borganman. Shu jamg‘armadam kontrakt to‘lovining qanchadir qismini to‘ladim, keyin Germaniyaga borgach, “student loan”(talaba krediti) oldim. Bu shunday dasturki, nomzod yaxshi bo‘lsa, o‘qishni bitirgach yaxshi daromadli ishga kira olishini isbotlay olsa, unga qanchadir summada kredit ajratishadi. Men ham shundan foydalanganman, endi o‘qishni bitirganimdan so‘ng 1,5 yilcha tashkilot mening ishga kirishimni kutadi, shundan so‘ng menga ajratilgan pulni oyligimdan chegirib qolishadi. Buni Germaniya hukumati qoplab bermaydi, men topshirgan dastur talabalarni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilot hisoblanadi, uni fond desa ham bo‘ladi.
“Berlinda talabaning yashashi uchun oylik xarajat – o‘rtacha 1 000 yevro”
— Agar siz Germaniyaning davlat universitetlariga kelsangiz, sizda juda ham ko‘p imkoniyatlar bo‘ladi. Masalan, yo‘lkira uchun pul to‘lab berishadi, Berlinning o‘zidagi kvartira narxlaridan ancha arzon bo‘lgan yotoqxona berishadi. O‘qishim xususiy bo‘lgani uchun Germaniyadagi xalqaro talabalarga beriladigan ko‘p imtiyozlar menga berilmagan. Masalan, transport uchun talabalik chiptasi berilmagan, men xalq narxida yo‘lkiramga pul to‘layman. Bundan tashqari, yotoqxona berilmagan, kvartirani ham o‘zim topganman, narxlar qimmat. O‘zbekistondan keladigan odam uchun taxminan o‘rtacha olganda ming yevro oylik xarajat bor.
Men 450 yevro uyga to‘layman, 300-400 yevro oziq-ovqatga sarflayman. Bizda “block account” bor, Germaniyaga kelishingizdan oldin 95 foiz talaba uchun bankka “block account” ochilishi shart hisoblanadi. Bu hisobraqamiga taxminan 12 ming yevro qo‘yilishi talab qilinadi. Pul qo‘yilgach, bu hisob muzlatiladi to siz Germaniyaga o‘qishga kelib, joylashib olmaguningizcha. O‘qishga kirganlik va viza olganlik sertifikatlarini pul qo‘ygan tashkilotingizga ko‘rsatgach, ular sizga talaba maqomini berib, har oy 950 yevro atrofida pul tashlab turishadi. O‘sha puldan 100 yevrosi tibbiy sug‘urtaga majburiy chegirib qolinadi. Chunki Germaniyada tibbiy xizmatlar juda qimmat, aynan sug‘urta hisobiga ancha arzonga olishingiz mumkin bo‘ladi. Kursdoshlarim orasida Germaniyaga kelib juda qimmat turgan operatsiya xizmatlarini ham olishga muvaffaq bo‘lishdi, uning ichida ovqatlanish, dori pullarini ham davlatning o‘zi qoplab berdi.
Har oy menga beriladigan 950 yevro pul deyarli yetmay qolmadi. Har doim bu pul yetdi. Ya’ni bu degani mening oylik 950 yevro xarajatim bor. Buning orasida bir yoki ikki marta Germaniyaning boshqa shaharlariga yoki Yevropaning boshqa davlatlariga sayohat qilish mumkin, qaysidir ma’noda Yevropaning ichida sayohat narxlari ham qimmatga tushmaydi.
Bloomberg va Amazon'ga ishga kirish haqida
— Hozirgi o‘qishim davomida biz yozda 3 oy davomida tajriba oshirishimiz talab qilinadi. Dunyodagi gigant kompaniyalar, misol uchun, Google, Facebook, Amazon, Bloombergda ham talabalar uchun shunday dasturlar mavjud. Ulardan eng ko‘p tarqalgani bu – yozgi tajriba dasturlari hisoblanadi. 3 oydan 6 oygacha davom etadi, Berlinga kelmasimdan oldin ham bular haqida bilardim, Inhada tahsil olib yurganimda shu kompaniyalarga hujjatlarimni topshirib yurar edim. Ba’zilari bilan suhbat bo‘lgan, ba’zilari suhbatga taklif ha qilmagan, umuman olganda har yili rad javobi olib yurardim.
Eng yaqinlashganim Inhada 4-kursda o‘qib yurganimda Amazon bilan bo‘lgan, oxirgi bosqichgacha yetib borganman. Data muhandislik lavozimi uchun kurashganman, hamma bosqichidan o‘tib, oxirgisiga kelganimda yiqilganman. Bu menga katta dars bo‘lgan.
Reytingi baland OTMda o‘qishning yana bir katta foydasi – katta kompaniyalarning o‘zi shu universitetlarga kelishidir. Shu o‘qish talabalari uchun dasturlar tashkil qiladi, “biz shunday kompaniyamiz, bizda shunday pozitsiyalar bor, shunga hujjat topshiringlar” deb, ish beruvchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilish imkoniyati beriladi. Bu juda ham yaxshi, katta kompaniyalarga ishga topshirishda juda ham ko‘p raqobatdoshlar bo‘ladi, 10 mingtalab bo‘lishi mumkin, ularning ichidan tanlanish esa juda mushkul. Shuning uchun yuzma-yuz muloqotlar katta yordam beradi.
Menda qanday bo‘lgan? Kompaniyalarning suhbatlariga hujjat topshirishni boshladim, bu vaqt davomida boshqa tadbirlarga ham, masalan, Google, Amazon, Bloombergning har xil sun’iy intellekt bo‘yicha tadbirlarida qatnashdim. Suhbatlarda topshirgan rezmyumem ko‘p joylardan rad javobini oldi, ba’zilarida suhbatlarga ham talif qildi. Umumiy olganda, taxminan 70 tacha kompaniyalarga hujjat topshirdim, bular ichida Amazon, Bloomberg, Wayfair, Uber, Mastercard kompaniyalari ham bor edi. Xullas, oxirida Bloomberg va Amazon'dan ish takliflari olishga muvaffaq bo‘ldim.
Kompaniyalarga ishga kirish bosqichlariga kelsak, men to‘liq stavkada ishlash uchun jarayon qanday kechishini bilmayman, lekin tajriba oshirish (internship) uchun gapira olaman, bu kompaniyalarga qarab farq qiladi. Masalan, ba’zi kompaniyalarda bitta bosqich bo‘ladi, lekin men shu vaqtgacha hujjat topshirgan TOP kompaniyalarga, misol uchun, Bloomberg va Amazon'ga ishga kirishda bosqichlar ko‘proq bo‘lgan.
Amazon'da jami 3 ta bosqich bo‘ldi, bitta texnik intervyu, 2 ta xulq-atvorni bilishga oid suhbat bo‘ldi. Oxirgi 2 ta suhbatda siz qanday xarakterga ega ekaningiz, qanday ishchi bo‘lganingiz, ish holatlarida qanday yo‘l tutasiz, shunga oid savollar beriladi.
Bloomberg'da esa jami 4 ta bosqichdan o‘tganman. Birinchisi fon intervyu bo‘ldi, unda Buyuk Britaniyadan telefon qilishdi, yarim soatlik suhbatda Bloombergʼga nima sabab qiziqqanim, u haqda nima bilishim, nega “data science” sohasiga qiziqishim – umuman shu savollar bo‘yicha gaplashildi. Bundan tashqari, 15 daqiqa davomida texnik bilimlarimni ham sinashga harakat qilishdi. Intervyu bo‘lgan kunning kechasi ikkinchi bosqichga o‘tganim haqida xat keldi.
- Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:43
Germaniya Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam partiyasini yubordi
21:36 / 20.11.2024
Ford kompaniyasi Germaniyada salkam 3 mingta ish o‘rnini qisqartiradi
19:34 / 20.11.2024
Germaniyada Tesla zavodi qurilishiga qarshilar daraxtlardan tushishni xohlamayapti
13:13 / 19.11.2024