Jahon | 12:00 / 17.05.2024
10414
4 daqiqa o‘qiladi

RF mudofaa vazirligi tun davomida ukrainlarning 100 dan ortiq droni urib tushirilgani haqida xabar berdi

Novorossiysk va Tuapseda neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilingan, Sevastopol elektrsiz qolgan.

Foto: Videodan kadr

Ukraina qurolli kuchlari 17 mayga o‘tar kechasi Rossiyaning uch regioni hamda anneksiya qilingan Qrim bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘lladi, deb xabar qilmoqda RF mudofaa vazirligi.

Rossiya harbiy idorasi ma’lumotiga ko‘ra, tun davomida navbatchilikdagi havo hujumidan mudofaa tizimlari 100 dan ortiq dronlarni yo‘q qilgan yoki to‘xtatgan, jumladan Qrim yarimoroli hududi ustida 51 ta pilotsiz uchish qurilmasi urib tushirilgan, 44 tasi — Krasnodar o‘lkasida, oltitasi — Belgorod oblasti va yana bittasi — Kursk oblasti ustida. Bundan tashqari, Qora dengiz akvatoriyasida aviatsiya va Qora dengiz floti navbatchi katerlari oltita ekipajsiz katerlarni yo‘q qilgan, deb qo‘shimcha qiladi vazirlik.

Qrimda dronlar Sevastopolga hujum uyushtirgan. Shaharning Rossiya tomonidan tayinlangan gubernatori Mixail Razvojayev qulagan dronlarning parchalari «Sevastopol» nimstansiyasini shikastlagani, natijada shaharning bir qismi elektr ta’minotisiz qolganini ma’lum qilgan. Ushbu rasmiyning ma’lumotiga ko‘ra, nimstansiya faoliyatini to‘liq tiklash uchun bir kun atrofida vaqt talab etiladi, shuning uchun shaharda elektr energiyasi navbat bilan o‘chiriladi. Hujum tufayli rasmiylar Sevastopoldagi barcha maktablar va bolalar bog‘chalaridagi mashg‘ulotlarni bekor qilgan. Razvojayev hujum oqibatida jarohatlanganlar yo‘qligini bildirgan.

Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev tunda ukrainlarning pilotsiz uchish qurilmalari Novorossiysk hududidagi fuqarolik obektlariga hujum qilishga uringani haqida xabar bergan. «Apparatlar qulashi oqibatida kichik yong‘inlar ro‘y berdi, hozirda ularni bartaraf qilish ishlari olib borilmoqda», — deya yozgan u telegram-kanalida.

Mahalliy telegram-kanallarga ko‘ra, Novorossiyskda neft baza va dengiz porti hujumga uchragan, shahardagi ayrim rayonlarda svet o‘chgan. Havo hujumi tufayli tunda shahardagi jamoat transporti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Hozirga kelib harakatlanish bo‘yicha cheklovlar bekor qilingan. Hududiy ta’lim boshqarmasidagilar Novorossiyskda maktab va bog‘chalar odatiy rejimda ishlashda davom etayotganini ma’lum qilgan, ammo ota-onalar bolalarini o‘quv muassasalariga yuborish yoki yubormaslik bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilishi mumkin.

Krasnodar o‘lkasidagi operativ shtab 17 may tongida ukrainlar dronlari Tuapsedagi neftni qayta ishlash zavodiga ham hujum qilganini ma’lum qilgan. Dronlar tushgan joyda yong‘in chiqqan va tez orada o‘chirilgan. Jarohatlanganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.

Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkovga ko‘ra, tunda regionda bir necha bor raketa xavfi e’lon qilingan. U dronlardan biri Belgorod rayonidagi Oktyabrskiy posyolkasida avtomobilga hujum qilganini aytgan. Mashinada haydovchi va bir oilaning uch nafar a’zosi bo‘lgan. Ikki kishi — ayol va to‘rt yoshli bola — halok bo‘lgan. Ikki erkak jarohatlangan, ammo shifoxonaga yotishdan bosh tortishgan.

Shuningdek, Gladkov o‘z telegram-kanalida yozishicha, Belgorod oblastidagi Bessonovka qishlog‘ida avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasiga hujum qilingan — portlash oqibatida yonilg‘i saqlanadigan rezervuarlardan biri yonib ketgan, yong‘in tezda o‘chirilgan.

Ukraina hukukmati Rossiya regionlariga zarbalar to‘g‘risidagi xabarlarni izohlamagan. Ukraina QK Havo kuchlari qo‘mondonligi 17 may kuniga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Ukrainaga Shaheed tipidagi 20 ta zarbdor dronlar bilan hujum qilgani haqida xabar bergan. Harbiylarning tasdiqlashicha, barcha dronlar Xarkiv, Poltava, Vinnitsa, Odessa va Mikolayiv oblastlari hududlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali yo‘q qilingan.

Mavzuga oid