Jahon | 16:50 / 17.05.2024
14276
7 daqiqa o‘qiladi

Xerson oblastida Rossiyaning T-90M tanklari va Avdiyivka frontidagi harbiy shifokorlar. Urush suratlari

Ukrainada urushning 813-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Volodimir Zelenskiy Xarkivga tashrif buyurdi. U «vaziyat juda jiddiyligi, lekin Xarkiv boy berilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi»ni aytgan.
  • Ukraina IIVning tasdiqlashicha, rossiyalik harbiylar Vovchansk aholisi vakillarini asirga olmoqda va otib tashlamoqda.
  • Davlat dumasining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi uch farzandli otalar uchun safarbarlik chaqiruvi kechiktirishga qarshi chiqdi.
  • Xarkiv oblasti hududi o‘qqa tutilishi oqibatida olti kishi yaralangan, ular orasida Vovchansk shahri harbiy ma’muriyati rahbari Tamaz Gambarashvili ham bor.
  • Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lum qilishicha, ukrainalik harbiylar Rossiyaning Vovchanskdagi kvartallarga kirish va u yerda o‘rnashib olish bo‘yicha rejalarini barbod qilgan.
  • «Vajniye istorii» nashri aniqlashicha, urush boshlanganidan buyon rossiyaliklar Ukrainaning bosib olingan hududlarida 500 dan ortiq kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazgan. Bu kompaniyalar orqali ukrain g‘allasi olib chiqilgan.
  • Rossiya mudofaa vazirligi ukrain dronlari va raketalari Rossiya regionlari va Qrimga hujum qilgani haqida xabar berdi. Shebekinoda ikki kishi jarohatlangan.
  • Ukraina razvedkasi tasdiqlashicha, dronlar Tuladagi «Bazalt» zavodiga borib tushgan.
  • Qrimdagi Belbek aviabazasiga ATACMS raketalari bilan zarba berilishi oqibatlari aks etgan kadrlar tarqaldi. Hududda ikkita MiG-31 va bitta Su-27 yo‘q qilingan, bitta MiG-29 shikastlangan, shuningdek, ikkita S-400 zenit-raketa kompleksi hamda bitta 92N6Ye radari yakson etilgan.

Donetsk o‘qqa tutilishi oqibatlari

DXR rasmiylari muntazam ravishda ukrain harbiylarini shaharga tinch aholi o‘limiga sabab bo‘luvchi zarbalar berishda ayblab keladi. 16 may kuni DXR rahbari Denis Pushilin shaharning Petrovskiy rayonida jamoat transporti o‘qqa tutilishi oqibatida to‘rt ayol halok  bo‘lganini ma’lum qildi. Ulardan birining qizi o‘rta og‘irlikda jarohat olgan. Ukraina tomoni Donetsk o‘qqa tutilishi yuzasidan rasman izoh bermagan.

Donetsk 16 may kuni o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lganlarning jasadlari
AFP / Scanpix / LETA

Xerson oblastining okkupatsiya ostidagi qismida rus tanklari

RF qo‘shini Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning ilk davrida Xerson oblastini to‘liq egallab olgandi. 2022 yil sentabrida Ukrainaning qarshi hujumi davomida Rossiya «referendumlar yakunlariga ko‘ra» o‘z hududi deb e’lon qilgan regionning bir qismi ozod etiladi. Ukraina o‘shanda Xersonni ham qaytarib olgan, bu shahar RF qo‘shini bosqin davomida egallab olgan yagona oblast markazi bo‘lib turgandi. Ammo Xerson oblastining kattagina qismi hamon Rossiya qo‘shini tomonidan egallab turilibdi. U yerda, boshqa qurollar qatori Rossiyaning zirhli texnikalari, jumladan RF armiyasiga 2020 yilda qabul qilingan T-90M «Proriv» tanklari ham joylashtirilgan.

T-90M tanki Xerson oblastida
Aleksey Konovalov / TASS / Profimedia
T-90M ekipaji komandiri. Bunday tank ekipaji uch kishidan iborat bo‘ladi
Aleksey Konovalov / TASS / Profimedia
T-90M «Proriv» — Rossiyaning Ukrainadagi urushda qo‘llanayotgan eng yangi tankidir. Britaniya razvedkasi 2023 yil boshida RF hukumati «propaganda maqsadida» Ukrainaga T-14 «Armata» tanklarining kichik partiyasini yubormoqchiligi haqida xabar berib, rossiyalik harbiylar texnik jihatdan yomon holatdaligi uchun, shuningdek bunday texnikalar soni kamligi va ularni janglarda qanday qilib samarali qo‘llashni bilmasliklari tufayli ushbu tanklarni qabul qilishdan bosh tortayotganini qayd etgandi. «Rostex» rahbari Sergey Chemezov esa «Armata» «boshqa mavjud tanklardan ancha ustunlikka egaligi, ammo juda qimmatligi, shuning uchun armiya hozirda ulardan foydalanishi dargumon ekani» haqida aytadi. «Ularga T-90 sotib olish osonroq», — degandi u.
Aleksey Konovalov / TASS / Profimedia
Ukraina qurolli kuchlari bayonotlari hamda boshqa mustaqil manbalarga ko‘ra, Ukrainaga bosqin davomida Rossiya qo‘shini T-90M «Proriv» rusumli o‘nlab tanklaridan ayrilgan. Bunday tanklar yig‘iladigan «Rostex» tarkibiga kiruvchi «Uralvagnozavod» (UVZ) vakillari aprel oyida T-90M tanki «burun qismi ostida mina portlashidan himoya qiluvchi qo‘shimcha himoya» bilan ta’minlangan. Zavoddagilar qayd etishicha, bu va boshqa tanklarni «tankchilarning jangovar tajribasi va holatidan kelib chiqqan holda takomillashtirish davom ettiriladi»
Aleksey Konovalov / TASS / Profimedia

Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivka atrofidagi dala hospitali

Avdiyivka yo‘nalishida Rossiya qo‘shiniga qarshi janglarda boshqalar qatori «Magura» 47-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi ham jang qilmoqda. Brigadaning 25-alohida shturm batalyoni jangchilari to‘rt oy davomida Avdiyivka koks kimyo zavodini mudofaa qilgan, 2024 yil fevralida esa, ukrain qo‘mondonligi qo‘shinlar shahardan olib chiqilishini e’lon qilganida, yo‘qotishlarsiz chiqishga muvaffaq bo‘lgandi, deb yozgan «Ukrainskaya pravda». 47-brigada Avdiyivka frontida jang qilishda davom etmoqda, Ocheretinoda mudofaa yorib o‘tilganidan keyin bu hududda vaziyat og‘irlashgan.

47-brigada jangchilari Avdiyivka atrofidagi dala hospitali hududida
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
47-alohida mexanizatsiyalashgan brigada mediklari faoliyati
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Dala hospitaliga olib kelingan yarador jangchining kiyimini yechishga yordamlashayotgan harbiy shifokorlar
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
47-brigada jangchisining jarohatini tozalayotgan harbiy vrach
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Avdiyivka yaqinidagi dala hospitalidagi yarador jangchilar
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Mavzuga oid