Jahon | 23:05 / 17.05.2024
4047
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa hududida Rossiyaning «RIA Novosti», «Izvestiya» va «Rossiyskaya gazeta» nashrlari taqiqlandi

Ularning tashviqot faoliyati «Ukraina davlati va uning hokimiyat organlariga, Ukraina fuqarolariga, Yevropa Ittifoqidagi demokratik institutlar faoliyatiga qarshi» ekani qayd qilingan. 

Foto: Getty Images

Yevropa Ittifoqi Kengashi Yevropa davlatlari hududida Rossiya rasmiylarining targ‘ibotini tarqatuvchi va qo‘llab-quvvatlovchi to‘rtta rus ommaviy axborot vositalari faoliyatini to‘xtatdi. 

Jumladan, «RIA Novosti», «Izvestiya», «Rossiyskaya gazeta» va «Golos Yevropy» nashrlari taqiqlandi. Yevropa Ittifoqi Kengashi ushbu ommaviy axborot vositalari «Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining doimiy bevosita yoki bilvosita nazorati ostida» va «Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaganini» ta’kidladi. 

Rossiyaning to‘rtta ommaviy axborot vositalarining tashviqot faoliyati muntazam ravishda «Ukraina davlati va uning hokimiyat organlariga, Ukraina fuqarolariga qarshi; Yevropa siyosiy partiyalari, ayniqsa, saylovlar davrida, shuningdek, fuqarolik jamiyati, boshpana izlovchilar, rus etnik ozchiliklari va Yevropa Ittifoqidagi demokratik institutlar faoliyatiga qarshi» ekani qayd qilingan. 

Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan qabul qilingan choralar faqat nashrlarning kundalik faoliyatiga tegishli. Ushbu ommaviy axborot vositalari va xodimlarining boshqa faoliyati - masalan, tadqiqoti yoki intervyusi taqiqlanmaydi. 

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Yevropa Ittifoqi kengashi qaroriga munosabat «tayyorlanayotganini, javob chaqmoq tezligida va o‘ta og‘riqli» bo‘lishini ma’lum qildi. 

2022 yil fevral oyida Rossiyaning keng miqyosli bosqinchiligi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, YeI ma’murlari Russia Today (RT) va Sputnik telekanallarini «Ukrainaga qarshi tajovuzni oqlovchi va YeIga qarshi qaratilgan tashviqot kampaniyasini olib borayotgani sababli» Yevropa mamlakatlarida ko‘rsatishni taqiqladi. RT France bu qarorga e’tiroz bildirishga urindi, biroq Yevropa sudi taqiqni o‘z kuchida qoldirdi.

Mavzuga oid