O‘zbekiston | 12:12 / 20.05.2024
28001
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘quvchi sevgi izhor qilgani sabab “samosud” qilindi

9-sinf o‘quvchisi 6-sinf qizga sevgi izhor qilgani tufayli qizning akasi tomonidan do‘pposlanib, sochi va qoshi qirib tashlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida maktab o‘quvchisining “samosud” qilingani aytilgan xabarlar yuzasidan Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, 16 may kuni Past Darg‘om tumani IIBga 2009 yilda tug‘ilgan bolaning tan jarohati olganligi haqida uning onasidan ariza kelib tushgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bola tumandagi 20-maktabning 9-sinfida ta’lim oladi. U shu maktabning 6-sinf o‘quvchisiga sevgi izhor qilgan, so‘ng qizning akasi bundan xabar topgan. Qizning akasi 15 may kuni bolani o‘z uyining ichiga olib kirib, unga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, erkak go‘yoki bolaning ta’zirini berish maqsadida bolaning sochi va qoshini qaychi bilan qirqib, uyidan chiqarib yuborgan.

Vaziyat Bolalar ombudsmani nazoratiga olingan. Xabarda tergov davomida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan boshqa g‘ayriqonuniy harakatlarga huquqiy baho berilayotgani, qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘quvchi yigitning sochi, qoshi qirilganidan tashqari yelkasi ham sindirilgani aytilgandi. 30 yoshli erkak bu ishni bola singlisi bilan hazillashgani ortidan qilgani ta’kidlangandi.

Holat yuzasidan Past Darg‘om tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Mavzuga oid