Serlot «Real»ga 4 ta gol urdi, «Chelsi» ham yevrokubokda. Kun o‘yinlari
Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.
Angliya: maydon markazidan gol
«Liverpul» – «Vulverhempton» 2:0
Gollar: 1:0 – 34 Mak Allister, 2:0 – 40 Kuansa.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Kuansa, Roberson, Endo, Mak Allister, Elliott, Saloh, Dias, Gakpo.
«Vulverhempton» – Joze Sa, Semedu, Bueno, Kilmen, Gomesh, Ait-Nuri, Lemina, Bellgard, Gomes, Hvang Hi Chhang, Mateus Kunya.
Ogohlantirishlar: Gomesh (45+1), Endo (60).
Chetlatish: Semedu (28).
Yurgen Klopp «Enfild» bilan g‘alabali kunda xayrlashdi. Lekin uning ketishi ideal kartinada bo‘lmadi. Chempionlik sovrini ham, Yevropa Ligasi g‘olibligi ham yo‘q, uning xayrlashuv mavsumida birgina Liga kubogi qo‘lga kiritildi. Ammo uning davrida uzoq kutilgan APL g‘olibligi, asosiy yevrokubokdagi g‘alaba qo‘lga kiritildi va ko‘pchilik uchun etalonga aylangan ajoyib futbol namoyish etildi. Ushbu nemis mutaxassisi o‘zidan yaxshi meros qoldirib ketmoqda — ulardan biri bo‘lgan Kuansa esa bu mavsumni premer liga tarixidagi eng sermahsuliga aylantirgan gol (1223-gol) muallifiga aylandi.
Klopp qayd etgan raqamlarning o‘zi u haqda hammasini ayta oladi. Uning davrida «Liverpul» bir mavsumdagi eng ko‘p ochkosini jamg‘ardi (99), g‘alabalar ulushi bo‘yicha klub tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi (60,9), ligadagi eng yaxshi g‘alabali seriya (18 o‘yin), bir mavsumdagi eng ko‘p g‘alaba (46) va eng ko‘p gol (147). Nihoyat, Klopp — mersisaydliklar tarixida barcha asosiy to‘rt sovrinni qo‘lga kiritgan yagona mutaxassisga aylandi: Chempionlar ligasi, Angliya chempionati va ikkita milliy kubok. Va albatta, Yurgen — ajoyib inson sifatida xotiralarda qolmoqda: uning fanatlar bilan kuylashi va muxlislarni o‘z o‘rniga kelayotgan Arne Slotni iliq kutib olishga chorlashi — ajoyib final akkordi bo‘ldi.
«Chelsi» – «Bornmut» 2:1
Gollar: 1:0 – 17 Kaysedo, 2:0 – 48 Sterling, 2:1 – 49, avtogol Badyashil.
«Chelsi» – Petrovich, Chaloba, Tiago Silva, Badyashil, Kukurelya, Gallaher, Palmer, Kaysedo, Sterling, Madueke, Jyekson.
«Bornmut» – Neto, Aarons, Senesi, Zabarniy, Kerkez, Kristi, Kuk, Taverne, Klyuyvert, Unal, Semenio.
Ogohlantirishlar: Semenio (27), Kukurelya (27), Kerkez (30), Gyusto (78), Senesi (80).
Maurisio Pochettino olqishlarga sazovor. Birinchi davradan keyin «Chelsi» navbatdagi inqiroz botqog‘iga botgan deb hisoblashayotgandi, ammo 2024 yil boshlanganidan keyin londonliklar to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha faqat kuchli uchlik vakillaridan ortda qoldi. Finishda avjiga chiqqan ko‘klar jamoasi qatorasiga beshta o‘yinda g‘alaba qozonishdi va yevrokuboklarsiz o‘tgan yildan keyin kamida Konferensiyalar ligasidagi ishtirokini kafolatladi. Agar «Manchester Siti» Angliya Kubogi finalida kechadigan derbida g‘olib chiqsa, «Chelsi» Yevropa Ligasiga yo‘llanma oladi. So‘nggi turda «Bornmut» bilan kechgan o‘yinni esa Kaysedoning maydon markazidan urgan goli bezab berdi. Palmer esa bu safar ham o‘yinni samarali harakatsiz tark etmadi va g‘alaba golini urgan Sterlingga assistentlik qildi. 22 yoshli yarimhimoyachi chempionat davomida gol va golli paslari sonini 33 taga yetkazdi. Bu «Chelsi» tarixida Dide Drogba (39) va Frenk Lemparddan (36) keyingi uchinchi natija.
Ispaniya: «Barsa» ikkinchi
«Barselona» – «Rayo Valekano» 3:0
Gollar: 1:0 – 3 Levandovski, 2:0 – 72 Pedri, 3:0 – 75 Pedri.
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Martines, Kubarsi, Joau Kanselu, Serji Roberto, Gundo‘g‘an, Lopes, Rafinya, Yamal, Levandovski.
«Rayo Valekano» – Dimitriyevski, Baliu, Lejyen, Mumin, Espino, Garsiya, Palason, Siss, Oskar Valentin, De Frutos, Kamelo.
Ogohlantirishlar: Yamal (10), Mumin (23), Rafinya (31), Kubarsi (37), Oskar Valentin (50), Joau Kanselu (90+2).
Xavi mavsum yakunida iste’foga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabarlar fonida «Barselona» ikkinchi o‘rinni naqd qildi. Shuning o‘zi ham jamoa muxlislari uchun ruhiy qoniqish beradi (Kataloniyaning boshqa vakili «Jirona»dan oldinda bo‘lish), qolaversa, keyingi Ispaniya Superkubogida ishtirok etish orqali saudiyaliklarning millionlariga ega chiqish mumkin. Bu o‘yinda asosiy ishni hozirgi bosh murabbiy davrida yulduzga aylangan futbolchilar bajarishdi. Yamal ko‘k-anorranglilar safidagi 50-o‘yinida hisobni ochgan Levandovskiga assistentlik qildi hamda shu kuni uch daqiqa ichida dubl rasmiylashtirib, o‘yin masalasini yopgan Pedrining gollaridan biri urilgan hujumni boshlab berdi. U het-trik amalga oshirmoqchi bo‘lgani va erta almashtirilganidan ranjiganini tan oldi. Ammo u bosh murabbiyni qo‘llashi aniq. Xuddi o‘yin davomida «Xavi, qol!» deya hayqirib turgan muxlislar kabi.
«Vilyarreal» – «Real» 4:4
Gollar: 0:1 – 14 Guler, 0:2 – 30 Hoselu, 1:2 – 39 Serlot, 1:3 – 40 Vaskes, 1:4 – 45+2 Guler, 2:4 – 48 Serlot, 3:4 – 52 Serlot, 4:4 – 56 Serlot.
«Vilyarreal» – Yorgensen, Moskera, Bayi, Kuenka, Alberto Moreno, Parexo, Komesanya, Axomash, Jyerar Moreno, Serlot, Gedesh.
«Real» – Lunin, Ryudiger, Militao, Fran Garsiya, Modrich, Sebalos, Valverde, Braim Dias, Gyuler, Vaskes, Xoselu.
Ogohlantirishlar: Alberto Moreno (45+5), Kamavinga (66), Traore (84), Sebalos (86).
Hafta o‘rtasida 36-chempionlik titulini nishonlagan «Real» «Alaves»ni tor-mor etgandi (5:0). Amalda ikkinchi tarkibda tushgan qaymoqranglilar Vilyarrealdagi o‘yinda ham birinchi bo‘limdayoq to‘rtta gol urib, o‘yin masalasini hal qilgandek edi.
Ammo tanaffusdan keyin aql bovar qilmas ishlar bo‘lib ketdi. Birinchi bo‘limda bitta javob goli urgan Serlot sakkiz daqiqadagi uch goli bilan «Vilyarreal»ni o‘rnidan ko‘tardi. Agar o‘tgan mavsumda «Jirona» forvardi Kastelyanosning «Real» darvozasiga pokeri bo‘lmaganida, hozir norvegiyalik hujumchini noyob natija muallifi sifatida tan olish mumkin edi. Endi esa bunday futbolchilar soni ikki nafarga yetdi. Qolaversa, Serlot bu gollari bilan la liganing eng yaxshi to‘purari bo‘ladigan bo‘ldi. Skandinaviyalik hujumchi bir kechada gollari sonini 23 taga yetkazib, Bellinghemni (19 gol) ortda qoldirib, Dovbik (21)ni ham quvib o‘tdi. Tur qahramoni buning uchun uchta goliga assistentlik qilgan Jyerar Morenodan minnatdor bo‘lishi lozim.
Italiya: «Inter» mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, Lukaku xayrlashuv golini urdi
«Inter» – «Latsio» 1:1
Gollar: 0:1 – 32 Kamada, 1:1 – 87 Dumfris.
«Inter» – Zommer, Darmian, Acherbi, Pavar, Bastoni, Dimarko, Mxitaryan, Chalxono‘g‘li, Barella, Tyuram, Martines.
«Latsio» – Provedel, Marushich, Gabarron, Kazale, Xila, Pellegrini, Vesino, Dzakkanya, Kamada, Rovella, Kastelyanos.
Skudettoni ancha oldinroq naqd qilib bo‘lgan «Inter» mavsumni shunchaki yakunlab qo‘yish bilan shug‘ullandi va chempion maqomida o‘tkazgan o‘yinlari ochko yo‘qotishlar bilan birga kechdi. Xususan, «Torino» (2:0) va «Frozinone» (5:0) ustidan qozonilgan g‘alabalar orasida yakunda baribir quyi ligaga ravona bo‘lgan «Sassuolo»dan sensatsion ravishda mag‘lubiyatga uchraldi. Bu safar esa neradzurrilar
o‘z uyida o‘tgan yil sentabridan buyon ilk bor mag‘lub bo‘lishi mumkin edi. Ammo o‘shanda (unda ham «Sassuolo»ga qarshi o‘yinda) gap sensatsiya haqida borgan bo‘lsa, «Latsio» esa Maurisio Sarri o‘rniga Igor Tudor kelganidan keyin barqaror jamoaga aylangan. Simone Indzagi sobiq jamoasiga qarshi o‘yin oxirida mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, Dyumfris Aleksis Sanchesning jarima zarbasidan uzatmasini bosh bilan darvoza to‘riga yo‘lladi.
«Roma» – «Jyenoa» 1:0
Gol: 1:0 – 79 Lukaku.
«Roma» – Svilar, Chelik, Liorente, Ndika, Anxelinio, Paredes, Kristante, Pellegrini, Baldansi, Bove, Lukaku.
«Jyenoa» – Jozep Martines, Spens, Volyakko, Vaskes, de Vinter, Aaron Martin, Badel, Strotman, Frendrup, Ekuban, Retegi.
Ogohlantirishlar: Paredes (72), Lukaku (79).
Chetlatish: Paredes (72).
«Roma» o‘zi uchun oltinchi o‘rin va Yevropa Ligasi yo‘llanmasini kafolatladi. Bu vazifani bir epizodning o‘zida ikki bor sariq olgan Paredes qiyinlashtirgandi. U avvaliga fol uchun, keyin hakamning qaroriga reaksiyasi uchun ogohlantirildi. Ammo «bo‘rilar» kamchilik bo‘lib qolgan holatda tishini ko‘rsata olishdi, Lukaku esa Al-Sha’roviyning uzatmasidan keyin g‘alaba golini urdi. Bu katta ehtimol bilan Romeluning «Olimpiko»dagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoladi. Kamida «Roma» futbolkasidagi so‘nggisi.
Fransiya: finishdagi aql bovar qilmas holat
«Mets» – «PSJ» 0:2
Gollar: 0:1 – 7 Soler, 0:2 – 12 Li Kan In.
«Mets» – Ukidja, Kolen, Erey, Sane, Yudol, Kamara, Ndoram, Jan-Jak, van den Kerkxof, Diallo, Mikautadze.
«PSJ» – Navas, Mukiyele, Danilu Pereyra, Lukas Beraldo, Mendesh, Soler, Ugarte, Meyulyu, Li Kan In, Asensio, Gonsalu Ramush.
Bir hafta muqaddam «Park de Prens» bilan xayrlashgan Mbappe chempionatning so‘nggi turida qatnashmadi. Va gap Luis Enrike jamoani asosiy yulduzsiz o‘ynatishni xohlayotganida ham emas, balki Kilianning salomatligida. Son qismidagi mushaklarida noqulaylik his qilgan sardor hafta o‘rtasida — «Nitssa»ga qarshi qoldirilgan o‘yinni ham o‘tkazib yuborgandi. Yevropa chempionati arafasida tavakkalchilik qilish to‘g‘ri bo‘lmasdi ham. Mbappe «PSJ»ga bir haftadan keyin — Fransiya Kubogi finalida «Lion»ga qarshi o‘yinda kerak bo‘ladi, lionliklar bu turda Lyakazettning 90+6-daqiqada «Strasbur» darvozasiga penaltidan urgan goli bilan (2:1) Yevropa Ligasiga yo‘llanma oldi.
Chempionlar ligasida esa «PSJ» bilan «Monako» va «Brest» o‘ynaydi — uchinchi jamoa «Lill»ni ortda qoldirgan. Gavrdagi o‘yindagi g‘alaba yordam bermagan «Marsel» esa yevrokuboklarsiz qoldi. Kunning asosiy dramasi esa «Loryan» bilan bog‘liq voqea bo‘ldi. Bu jamoa «Klermon» darvozasiga javobsiz beshta gol yo‘lladi. O‘tish o‘yinlariga o‘tish uchun yana bir aniq zarba yoki «PSJ»ning uchinchi goli kerak edi. Ammo unisi ham, bunisi ham ro‘y bermadi. Natijada «Mets» elitada qolish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Kun statistikasi
- Isak «Nyukasl»ning so‘nggi 20 yil ichida futbol kamida 25 gol urgan 1-futbolchisi bo‘ldi.
- Niderlandiya chempionatining so‘nggi olti mavsumida 4-marta eng yaxshi to‘purarlar soni ikki nafarni tashkil etmoqda. Bu safar Lyuk de Yong (PSV) va Pavlidis (AZ) 29 tadan gol urishdi.
- Arda Guler «Real» safidagi ilk 328 daqiqasida 6 gol urdi. Bu Bellinghemning shu davr oralig‘idagi natijasidan ikkitaga yaxshiroq.
- 6-bor Angliya chempionligi Xosep Gvardiolaga bu ko‘rsatkich borasida afsonaviy Jorj Remsi va Bob Peysli bilan tenglashib olish imkonini berdi. Bundan yuqoriroq ko‘rsatkichga faqat Aleks Fergyuson erishgan - 13 sovrin.
- Safardagi 12 quruq o‘yin — «Fenerbahche»ning klub rekordi takrorlanishidir, bunaqasi 1970 yildan buyon kuzatilmagandi.
- «Kristal Pelas» bosh murabbiyligiga Oliver Glasner tayinlanganidan keyin klub hujumchisi Mateta 13 gol urdi. U bu oraliqda APLdagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
- Birinchi bo‘limlarda 19 gol — APLdagi o‘yin kunida 1992 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich, o‘shanda o‘yinlarda tanaffusgacha 21 gol urilgandi.
- PSV milliy birinchilikda qatorasiga 50 o‘yinni golsiz tark etmasdan, o‘ziga xos seriyani davom ettirmoqda. Eyndhovenliklar mavsum davomidagi barcha 34 o‘yinda gol urgan ilk jamoaga aylandi.
- 103:33 — A Seriyada so‘nggi 20 mavsumdagi eng kech gol urilgan daqiqa, bu gol muallifi «Udineze» yarimhimoyachisi Samarjich bo‘ldi.
Mavzuga oid
11:50
«Siti» yana 4 ta gol o‘tkazdi, «Barsa» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
11:13 / 10.11.2024
«Siti» inqirozda, «Liverpul» oldinlab ketdi. Kun o‘yinlari
10:01 / 10.11.2024