O‘zbekiston uchun Haj kvotasi qancha ekani ma’lum bo‘ldi
23 maydan 7 iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta xalqaro aeroporti orqali ziyoratchilar Madina shahriga yuboriladi.
O‘zbekiston uchun 2024 yilgi Haj kvotasi xuddi o‘tgan yilgidek 15 mingta qilib belgilangan. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov ma’lumot berdi.
Qayd qilinishicha, 23 maydan 7 iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti: Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali ziyoratchilarni Madina shahriga yuborish hamda 22 iyundan 12 iyulga qadar Jidda shahridan O‘zbekistonga olib kelish ishlari amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, ziyoratchilar Madina va Makka shahridagi mehmonxonalarga joylashtiriladi. Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun yuqori malakali shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari jalb etiladi.
Saudiya Arabistoni qirolligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida «Haj-2024» vizasi bo‘lishi shart.
Saudiya Arabistoni hukumati qolgan barcha turdagi vizalar - umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar bilan haj tadbirini amalga oshirishga qat’iy yo‘l qo‘ymasligi xabarda eslatib o‘tilgan.