O‘zbekiston | 20:34 / 21.05.2024
8340
5 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash sohasidagi takliflar muhokama qilindi

2024 yilda Toshkentda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va yangi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Ta’lim va tibbiyot eng muhim va keng qamrovli ijtimoiy sohalardir. Shu bois islohotlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida bu sohalarda Loyiha ofislari tashkil etildi.

Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 22 yanvardagi qaroriga muvofiq tuzilgan Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan birlamchi bo‘g‘in va tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish, dori-darmonlar xaridini tartibga solish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqilgan.

Taqdimotda ushbu yo‘nalishlar atroflicha tahlil qilindi.

Mamlakatimizda hayot sifatiga bevosita daxldor bu sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi 7 yilda sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 5,9 trillion so‘mdan 33,5 trillion so‘mga, ya’ni 6 barobar oshirildi. Shifoxonalar zamonaviy jihozlanib, yangilari barpo etilmoqda. Tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida joylarda skrining tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, sohada aholi murojaatlarining 30 foizigina birlamchi bo‘g‘inda hal bo‘layapti. Ayrim kasalliklar bo‘yicha davolash uslublari eskirgan. Hamshiralarning ish doirasi keng emas.

Bugungi kunda gipertoniya, yurak ishemik va surunkali o‘pka xastaliklari, bronxial astma, qandli diabet, gepatit kabi eng ko‘p uchraydigan 7 ta kasallik guruhi bo‘yicha davolash standartlari xalqaro talablar asosida yangilandi. Yil yakunigacha yana 300 ta klinik protokollar qayta ko‘rib chiqiladi. Bemorlarga odatiy tekshiruvlarni belgilash, dorisiz davolash kabi vazifalar shifokordan hamshiraga o‘tkaziladi. Poliklinikalarda bemorlar harakati tartibga solinib, shifokorlarga navbat kutish vaqti kamaytiriladi.

Ma’lumki, uch yil avval tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida tibbiy sug‘urta mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu sohadagi ko‘plab kamchiliklarni ko‘rsatib berdi.

Tibbiyot muassasalari yetarlicha raqamlashtirilmagani sababli sug‘urta tizimi to‘liq ishlamayapti. Shifokorlarning ko‘p vaqti hisobot to‘ldirishga ketyapti.

Shu bois Toshkent shahrida sohani raqamlashtirish bo‘yicha namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun barcha muassasalar yangi kompyuter va texnika vositalari bilan jihozlanadi. Yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” tizimlari ishga tushiriladi.

Shunga asoslanib, 2024 yilda poytaxtimizda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etiladi. E’tiborlisi, bu aholi tomonidan to‘lanayotgan umumiy soliqlar hisobidan bo‘ladi va odamlardan qo‘shimcha badallar undirilmaydi.

Tibbiy sug‘urta doirasida:

  • davlat tomonidan aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalarining kafolatlangan paketi joriy etiladi;
  • bemorlarni o‘zlari biriktirilgan oilaviy shifokorlar orqali tor soha mutaxassislariga yoki shifoxonalarga yo‘llash tizimi tashkil qilinadi. Bunda ushbu tartibga rioya qilingan holdagina bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi;
  • aholiga kafolatlangan paket doirasida eng ko‘p uchraydigan kasalliklar bo‘yicha dori vositalari elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul beriladi.

Tez tibbiy yordam tizimi tahlil qilinar ekan, asosiy muammo murojaatlarni kasallikning og‘irligiga qarab saralamaslik bilan bog‘liq ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois tez yordam “koll-markaz”larida bemorlarga shifokor maslahati ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bu yil Toshkent shahrida, kelasi yili boshqa hududlarda paramedik va pediatrik brigadalar tashkil qilinishi aytildi. Tizim xodimlari tibbiy maslahat shifokori, chaqiruvni saralash operatori, feldsher-paramedik yo‘nalishida qayta tayyorlanadi.

Taqdimotda dorilarga haqiqiy ehtiyojni shakllantirish, ularni xarid qilish va joylarga o‘z vaqtida yetkazib berish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini hamda xarid jarayonini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari jamiyatda sog‘lom turmush tarzini keng yoyish orqali kasalliklarning oldini olish, odamlarda o‘z salomatligiga mas’uliyat hissini kuchaytirish hamisha muhimligini ta’kidladi.

Mavzuga oid